Ingyong O: «Alpomish» va «Jumo‘ng» dostonlarining qiyosiy tipologiyasi» (10.00.08) – O‘zbekiston Milliy universiteti (100174, Toshkent, Talabalar shaharchasi, 95. Tel.: 246-36-55. G‘ax: (99871) 246-02-24; e-mail: cs.75@mail.ru (dissertatsiya o‘zbek tilida)

    Ilmiy maslahatchi: M.Jo‘raev

    Ish bajarilayotgan tashkilot: O‘zR FA Til va adabiyot instituti

    Rasmiy opponentlar: U.A. Jumanazarov, N.R. Rahmonov, Kim Gin Shik

    Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti

    Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik

 

    I.    Tadqiqotning maqsadi: jahon xalqlari badiiy tafakkurining durdonalari hisoblangan o‘zbek va koreys qahramonlik dostonlarining o‘ziga xos xususiyatlari, syujet tuzilishining mushtarak jihatlari va genezisini aniqlash asosida koreys eposining tarixiy-genetik asoslari qadimgi turkiy epik an’analarga aloqadorligini isbotlashdan iborat.

    II.  Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat: xalq badiiy tafakkurining bebaho durdonasi «Alpomish» hamda «Jumo‘ng» dostonlari syujetini tashkil etuvchi asosiy motivlar tizimining tarixiy asoslari Markaziy Osiyoda yashagan qadimgi turkiylarning epik an’analariga borib taqalishi isbotlangan;

    o‘zbek va koreys qahramonlik eposining qiyosiy tahlili asosida ikki xalq qahramonlik eposining tipologik xususiyatlari va mifopoetik tafakkurning tarixiy-fol`kloriy jarayon davomidagi evolyusiyasi bosqichlari aniqlangan;

qadimgi mifologiya va shomonlik an’analarining xalq dostonlaridagi epik diffuziyasini aniqlash asosida shomon mifologiyasining tadrijiy rivoji va bevosita ta’sirida qahramonlik eposining arxaik namunalari yuzaga kelganligi dalillangan;

koreys qahramonlik dostonlari Markaziy Osiyo xalqlarining qadimgi shomon qo‘shiqchiligi an’analari bilan bog‘liq holda rivojlanib kelganligi, eposda o‘z ifodasini topgan «alplik tizimi»ning struktural-semantik xususiyatlari qadimgi inisiatsiya marosimi bosqichlari bilan mushtarak jihatlarga egaligi hamda epik tafakkur evolyusiyasi natijasida «pansori» janri yuzaga kelganligi haqidagi ilmiy qarashlar tasdiqlangan;

    turkiy xalqlar va koreyslar baxshilarining qadimda sinkretik tabiatga ega bo‘lganligi, ya’ni fol`klor asarlarini ijro etuvchi epik kuychi, ruhlar bilan muloqotga kirishib, magik rituallarni bajaruvchi shomon, qavmning jangovar an’analarini saqlovchi va avloddan avlodga etkazuvchi kohin-jangchi hamda kishilarni davolovchi tabiblik xususiyatlarini o‘zida jamlaganligi haqidagi ilmiy qarash yangi dalillar asosida takomillashtirilgan;

o‘zbek fol`klorshunosligida birinchi marta qahramonlik eposini tadqiq etishda ruhiy tahlil metodi keng qo‘llanilib, inson ong osti kechinmalarini badiiy obraz va timsollar tarzida ifodalashning badiiy-estetik tamoyillari aniqlangan.

    III. Tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati. Mazkur dissertatsiya natijalaridan jahon xalqlari eposini qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganish va epik ijodiyotning milliy xususiyatlarini yoritishga doir fundamental asarlar yaratishda keng ko‘lamda foydalanish mumkin.

    Ishning ilmiy-nazariy xulosalari va umumlashmalaridan o‘zbek va koreys fol`kloriga bag‘ishlangan maxsus kurs va seminarlar o‘tishda, shuningdek, tadqiqot mavzusi yuzasidan e’lon qilingan monografiya va maqolalardan esa oliy o‘quv yurtlarida xalq og‘zaki badiiy ijodi, qiyosiy adabiyotshunoslik, jahon xalqlari adabiyoti va fol`klori bo‘yicha ma’ruzalar o‘qish, dars mashg‘ulotlari o‘tkazishda keng foydalanish mumkin. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish