Beristenov Samat Orazbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni noqonuniy tashkil etish va o‘tkazishning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari”, 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi va 12.00.15 – Kriminologiya (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03
Ilmiy rahbar: Abzalova Xurshida Mirziyatovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Rustam Kabulov – yuridik fanlar doktori, professor; Mirzaev Ulug‘bek Muxammadalievich – yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni noqonuniy tashkil etish va o‘tkazish jinoyatining jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlarini kompleks o‘rganish, ularni kvalifikatsiya qilish hamda oldini olishdagi muammolarni aniqlash, ularning echimiga hamda qonunni qo‘llash amaliyori va qonunchilik normalarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni noqonuniy tashkil etish va o‘tkazishni oldini olish zarurati sababli qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi asoslangan;
xususiy sheriklik subektlari tomonidan davlat xususiy sheriklik loyihalarini vaj qilgan holda kredit mablag‘larini ajratib, ular hisobidan qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda ular uchun uskunalar sotib olish holatlari ko‘plab sodir etilayotganligi sababli va bunday qilmishlarni oldini olish zarurati tufayli davlat-xususiy sheriklik loyihalari uchun ajratiladigan kredit liniyalari mablag‘lari qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda ular uchun uskunalar sotib olinmasligi lozimligini ifodalovchi qoidalarni qonunchilik normasida mustahkamlash lozimligi asoslangan;
firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan harakatlar mazmunini ochib berish va bu kabi aldov turlarini oldini olish zarurati sababli firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki to‘lov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘ynash chog‘ida aldov usullarini qo‘llash va boshqa shu kabilar kirishi haqidagi ta’rif asoslangan;
qimor va tavakalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘ynash chog‘ida, ishtirokchilar to‘lov predmetlarini (aktivlar) sohtalashtirish, ya’ni to‘lov predmetini guyoki ishtirokchiga o‘tkazib berganligi, lekin ushbu aktivlar ikkinchi ishtirokchining hisob raqamiga kelib tushmagan (sohta kvitansiya) holatlari amaliyotda ko‘plab sodir etilayotganligi va bunday qilmishlarni oldini olish zaruratining mavjudligi sababli sodir bo‘layotganligiga kripto-aktivlarining kelib chiqish manbai, xavf-xatarga asoslangan o‘yinlarni (qimor o‘yinlar) onlayn tarzda tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatadigan servislari bo‘lishi operatsiyani shubhali deb topishga asos bo‘lishi lozimligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni noqonuniy tashkil etish va o‘tkazishning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlariga oid tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmasligi zarurati haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 7-iyundagi O‘RQ-776-son “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 27-maydagi 3/08-92-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmasligiga xizmat qilgan;
davlat-xususiy sheriklik loyihalari uchun ajratiladigan kredit liniyalari mablag‘lari qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda ular uchun uskunalar sotib olinmasligi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-avgustdagi 509-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 56-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2024-yil 29-maydagi 12-15-42-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish moliyalashtirilishini oldini olishga xizmat qilgan;
firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki to‘lov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘ynash chog‘ida aldov usullarini qo‘llash va boshqa h.k.lar kirishi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 2023-yil 23-iyundagi 17-son “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorning 4-bandi uchinchi xatboshisini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2024-yil 27-maydagi 08/445-24-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlarni ochib berishga xizmat qilgan;
kripto-aktivlarining kelib chiqish manbai, xavf-xatarga asoslangan o‘yinlarni (qimor o‘yinlar) onlayn tarzda tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatadigan servislari bo‘lishi operatsiyani shubhali deb topishga asos bo‘lishi zarurati haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi 2021-yil 8-iyundagi 3-son va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2021-yil 7-iyundagi 16-son qarori bilan tasdiqlangan Kripto-aktivlar muomalasi sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslar uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarining 35-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2024-yil 28-maydagi 2/3-1628-24-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi O‘zbekistonda kripto-aktivlardan xavf-xatarga asoslangan o‘yinlarni (qimor o‘yinlar) onlayn tarzda tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishni taqiqlash orqali jamoat tartibini yanada samarali ta’minlashga xizmat qilgan.