Norov Abdurahmon Qiyomiddin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Reaksiya-diffuziya tipidagi parabolik tenglamalar sistemalari uchun erkin chegarali masalalar”, 01.01.02 – Differensial tenglamalar va matematik fizika.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:  
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.FM.86.01 raqamli Ilmiy kengash.
Ilmiy rahbar: Taxirov Jozil Ostanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Ashurov Ravshan Radjabovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Apakov Yusupjon Pulatovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Sharof Rashidov  nomidagi Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi reaksiya-diffuziya tipidagi tenglamalar va sistemalar uchun erkin chegarali bir fazali va aralash-ikki fazali masalalar nazariyasini qurish va rivojlantirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
immun javobli infeksiya tarqalish jarayoni dinamikasining ikki erkin chegarali matematik modeli qurilgan va Shauder tipidagi aprior baholar asosida masalaning bir qiymatli echilishi isbotlangan, shuningdek etarlicha katta vaqtlarda masalani echish uchun asimptotik baholar o‘rnatilgan;
invaziv yirtqich turning tarqalishini modellashtiruvchi aralash-ikki fazali sohada yirtqich-o‘lja diffuzion modeli uchun echimlarining mavjud va yagonaligi isbotlangan;
raqobat-diffuziya sistemasi uchun bir fazali erkin chegarali masalalarni echish uchun Gyolder tipidagi aprior baholar olish usullari ishlab chiqilgan va ular asosida masalalarning bir qiymatli echilishi isbotlangan;
reaksiya-diffuziya tenglamalari uchun Stefan tipidagi bir fazali masalalarning bir qiymatli echilishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Reaksiya-diffuziya tenglamalari va sistemalari uchun erkin chegarali bir fazali va aralash-ikki fazali masalalar bo‘yicha olingan natijalar asosida:
reaksiya-diffuziya tipidagi parabolik tenglamalar sistemalari uchun erkin chegarali masalalarni echish uchun Gyolder fazolarida aprior baholarni olish usullaridan №22-11-00064 raqamli “Irsiyatni hisobga olgan holda geosferalardagi dinamik jarayonlarni modellashtirish” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot ishi doirasida diffuziya-konvektiv jarayonlarni kuzatishda qo‘llanilgan (Kosmofizika va radioto‘lqinlar tarqalish tadqiqotlari institutining 2025 yil 22 maydagi №231-sonli ma’lumotnomasi, Rossiya Federatsiyasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi grunt-atmosfera tizimida radonning ko‘chish koeffisientini hisoblash imkonini bergan;
reaksiya-diffuziya jarayonlarni hisobga oluvchi atrof-muhitning taklif etilgan matematik modellaridan №IL-21071166 raqamli “Shamolning past tezligi uchun mo‘ljallangan vertikal-o‘qli shamol turbinasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida qanot atrofidagi turbulentlik, bosim taqsimoti va oqim dinamikasini modellashtirishda foydalanilgan (Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutining 2025 yil 20 maydagi №5893-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi vertikal-o‘qli shamol turbinalarini kuchsiz shamol sharoitlari uchun optimallashtirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish