Sarsenbaeva Zoya Jangabay qizining filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
“Ingliz va o‘zbek norealistik asarlarida obrazlar va ramzlar talqini (David Mitchell va Ulug‘bek Hamdam asarlari misolida)”, 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya ro‘yxatga olingan raqam: №B2024.2.DSc/Fil835
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Termiz davlat universiteti.
Ilmiy maslahatchi: Botirova Shaxlo Isamiddinovna, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Jizzax davlat pedagogika universiteti, PhD.03/04.06.2020.Fil.113.02.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, dotsent Boboxonov Mavlon Raxmatullaevich; filologiya fanlari doktori, professor Nasrullaeva Nafisa Zafarovna va filologiya fanlari doktori, dotsent Kaxarova Iroda Sidikovna.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek norealistik asarlarida obrazlar va ramzlar talqinini David Mitchell va Ulug‘bek Hamdam ijodi misolida komparativistik yondashuv asosida tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
qiyosiy adabiyotshunoslik doirasida ilk bor zamonaviy ingliz va o‘zbek norealistik nasrining namoyandalari bo‘lgan David Mitchell va Ulug‘bek Hamdam asarlaridagi obraz va timsollar tizimi poetika, narratologiya va semiotika kesishmasida, madaniyatlararo va janrlararo parallellar asosida tahlil qilindi;
norealistik diskursda, jumladan, fusunkor realizm, spekulyativ fantastika va postmodernning ko‘pjanrlilik elementlari doirasida obraz va timsollarning shakllanish xususiyatlari ochib berildi va har ikki muallifda tasvirning klassik xronotopdan chetga chiqqani qayd etildi;
D.Mitchellning “Sirli muallif”, “Bulutlar xaritasi”, “Suyak soatlari” va U.Hamdamning “Isyon va itoat”, “Muvozanat” romanlari hamda “Yolgʻizlik” qissasidagi izomorf va allomorf obrazlar qiyosiy tahlil qilinib, ularning metaforaviy yuklamasi, timsoliga xos imkoniyatlari va mifopoetik funksiyalari aniqlandi, hamda vaqt, xotira, yolg‘izlik, gunoh va erkinlikka oid tipologik o‘xshashliklar ochib berildi;
ingliz va o‘zbek adabiy tafakkurida timsollar faqat estetik emas, balki ekzistensial va qiymatga doir vazifalarni ham bajaradigan ma’naviy kodlar tizimini vujudga keltiradigan omil sifatida ishlashi aniqlandi;
norealistik nasrni tahlil qilishda “norealizm”, “timsol”, “mif”, “intertekst”, “fragmentarlik” va “geteroxronlik” kabi tushunchalarni tahliliy atamalar qatoriga qo‘shish zarurligi nazariy jihatdan asoslandi hamda o‘rganilgan matnlarda an’anaviy realistik tasvirdan ramziy ravishda muqobil haqiqatlarni modellashtirishga tomon tektonik burilish ro‘y bergani isbotlandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Hozirgi zamon nasrida ingliz va o‘zbek norealistik, jumladan, David Mitchell va Ulug‘bek Hamdam asarlaridagi obrazlar va ramzlar talqinining qiyosiy tahlilini aniqlashda obrazlarning aks etish prinsiplarini belgilash asosida:
badiiy asarlardagi “obraz”, “ramz”, “norealizm”, “simvolizm”, “modernizm” konseptlari mazmuni va semantik jihatlari, ularning ingliz va o‘zbek adabiyotida (David Mitchell va Ulug‘bek Hamdam asarlaridagi obrazlar va ramzlar misolida) rivojlanish bosqichlari haqidagi qarashlarga oid xulosalardan “Adabiyotshunoslik” darsligi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 24-dekabrdagi 485-sonli buyrug‘iga asosan tayyorlangan. Ro‘yxatga olish raqami: 131671). Natijada darslikning adabiyot o‘qitishda norealizm, simvolizmning badiiy asarlarda aks etishiga oid nazariy hamda badiiy nasrning o‘ziga xos xususiyatlarini yetkazish bo‘limi mazmunan boyitilgan;
norealistik janrlarda ramzlar va obrazlar talqinini Mitchell va Hamdam asarlarida noxronologik, surrealistik va ramziy hikoyalash uslublarning tasviri, ya’ni fusunkor realizm va spekulyativ fantastika, an’anaviy hikoyalash tuzilmalari doirasidan tashqarida qanday ma’no
yaratishiga oid adabiy tahlilidan “Tili o‘rganilayotgan mamlakatlar adabiyoti tarixi” darsligini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 24-dekabrdagi 485-sonli buyrug‘iga asosan tayyorlangan. Ro‘yxatga olish raqami: 196058). Natijada tili o‘rganilayotgan mamlakatlar adabiyotida norealistik badiiy nasrning paydo bo‘lishi va genezisi bilan bog‘liq bo‘limlari nazariy qarashlar bilan boyitilgan;
D.Mitchellning “Ghostwritten”, “Number9dream”, “Cloud Atlas”, “Black Swan Green”, “The Thousand Autumns of Jacob de Zoet”, “The Bone Clocks”, “Slade House” va U.Hamdamning “Isyon va Itoat”, “Yolg‘izlik”, “Muvozanat”, “Sabo va Samandar” asarlaridagi obrazlarning ramziy va tasviriy ifodalanishi, qissalarda norealistik va noan’anaviy tasvir usullari shakllanish va rivojlanish bosqichlari hamda undagi obrazlilikning badiiylik shartlari va qonuniyatlari yangi ifoda usullari bilan boyib borayotganligi dalillangan o‘rinlardan Samarqand davlat chet tillar institutida 2022-2024-yillarda amalga oshirilgan va Toshkent shahridagi AQSh elchixonasi hamda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashi bilan hamkorlikda AQSh davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladigan ’’English Access Microscholarship Program” (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 12-dekabrdagi 2/24-4/7-690-sonli xatiga asosan) loyihasida foydalanilgan (2025-yil 16-yanvar 136/02-son ma’lumotnomasi). Natijada norealistik badiiy asarlardagi obrazlarning shakllanish bosqichlari va ularning tizimli klassifikatsiyasi, ramzlarning asarlardagi tasviri hamda mualliflarning abstrakt tushunchalarni adabiy vositalar orqali etkazish usullari asoslab berilgan;
norealistik janr strukturasida badiiy va yozuvchi uslubi tahlili orqali obraz va ramzlarning paydo bo‘lish omillarini bir janr doirasida aks ettirish tamoyillarining sintezi va idrok etilishi o‘rganilgan o‘rinlardan Samarqand davlat chet tillar institutida Evropa Ittifoqi tomonidan Erasmus + dasturining 2016-2018-yillarga mo‘ljallangan “561624-EPP-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS+CBHE IMEP: O‘zbekistonda Oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirish” mavzusidagi loyihasi doirasida foydalanilgan (2025-yil 17-yanvar 151/02-son ma’lumotnomasi). Natijada deskriptiv, komparativistik va kontrastiv yondashuvlar asosida obraz va ramzlarning badiiy ijodda qo‘llaniladigan texnikalar xususiyatlarining umumiy o‘ziga xosligi asoslab berilgan;
D.Mitchell va U.Hamdam badiiy ijodida ramziy obrazlarning yuzaga kelishiga turtki bo‘lgan asosiy omillari va ularning ishlash tamoyillari, obrazilik, janriy-uslubiy va badiiy shakl yaxlitligi, obrazlarning global mavzularga modifikatsiyasi asoslangan o‘rinlardan Termiz davlat universitetida 2023-yilda amalga oshirila boshlangan 617309-EPP-1-2020-1-EPPKA2-CBHE-JP raqamli “Triggering innovative approaches and entrepreneurial skills for studens through creating conditions for graduate’s employability in Central Asia - TRIGGER” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyihada foydalanilgan (Termiz davlat universitetining 2025-yil 18-fevraldagi 06/12 628-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada norealistik asarlarning paydo bo‘lishi va buning o‘zbek adabiyotiga ta’siri, badiiy obraz o‘zgaruvchanligini va uning ijtimoiy-madaniy munosabatlar kontekstidagi evolyusiyasining adabiy manbalardagi tasviri masalalariga oydinlik kiritilgan.