Isroilov Abrorjon Adiljonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bolalarda ikki tomonlama ingvinal kriptorxizmning xirurgik davo taktikasini takomillashtirish”, 14.00.35 – Bolalar xirurgiyasi (tibbiyot fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Tib1306.
Ilmiy rahbar: Raxmatullaev Akmal Abadbekovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Bolalar milliy tibbiyot markazi, DSc.04/01.02.2022.Tib.147.01.
Rasmiy opponentlar: Agzamxodjaev Saidanvar Talatovich, tibbiyot fanlari doktori (DSc); Sapaev Otabek Qodirovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot nomi: Bolalar salomatligi milliy tibbiy tadqiqot markazi (Rossiya).
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga ega. 
II. Tadqiqotning maqsadi: ikki tomonlama ingvinal kriptorxizm bilan tug‘ilgan bolalarni jarroxlik yo‘li bilan davolash usullarini takomillashtirish orqali davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
bolalarda ikki tomonlama kriptorxizmning chov shaklini jarrohlik yo‘li bilan davolashning zamonaviy yondashuvlari asosida bosqichma-bosqich ikki tomonlama orxiopeksiya va Clouter J. usuli bo‘yicha transskrotal bir bosqichli ikki tomonlama orxiopeksiyaning olib borish takomillashtirilgan;
Kriptorxizmning ikki tomonlama chov shakllarida laparoskopik assistentlik bilan transskrotal bir bosqichli ikki tomonlama orxiopeksiya usuli qo‘llanilganda, moyaklarning fiziologik qon ta’minoti saqlanib qolishi va ularning gipo- hamda atrofiyasi rivojlanishining kamayishi isbotlangan;
uzoq muddatli kuzatuv davrida birinchi marotaba saqlanib qolgan a’zodagi qon oqimini aks ettiruvchi exografik ma’lumotlar taqdim etilgan, hamda ikki tomonlama chov kriptorxizmini davolash jarayonida pastga tushirilayotgan moyaklar ishemiyasiga olib kelishi mumkin bo‘lgan bosqichli orxiopeksiya usullarini qo‘llash xavfi asoslangan;
urug‘ tizimchasining kuchli taranglashuvi va moyakning kranial yo‘nalishda siljishi kuzatilganda, uzoq muddatli davrda moyakning ikkilamchi mal’pozisiyasi hamda atrofiyasining oldini olish uchun, moyaklarning erkin holda yorg‘oqqa tushirilishini ta’minlash maqsadida, testikulyar qon tomirlarining qorin bo‘shlig‘i qismi va urug‘ yo‘lini laparoskopik usulda ajratib olish zarurligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi. 
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashning 2025 yil 15 fevraldagi 12/42-sonli xulosasiga ko‘ra:
birinchi ilmiy yangilik: bolalarda ikki tomonlama kriptorxizmning chov shaklini davolashda zamonaviy jarrohlik yondashuvlari tahlil qilingan, mavjud usullar, jumladan Clouter J. usuli bo‘yicha transskrotal bir bosqichli ikki tomonlama orxiopeksiyaning olib borish takomillashtirilgan. Tadqiqot natijalari Surxondaryo viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazining jarrohlik bo‘limida 2024 yil 13 iyuldagi 164-1-sonli buyruq asosida amaliyotga joriy etilgan. Tadqiqotga 2024 yil yanvar’-avgust oylarida davolangan 21 nafar bemor (1-14 yosh, o‘rtacha yoshi 6,3±0,5) kiritilgan. Asosiy guruhni 10 nafar (bir bosqichli transkrotal orxiopeksiya), taqqoslash guruhini 11 nafar o‘g‘il bola (bosqichma-bosqich chov orqali orxiopeksiya) tashkil etgan. Ijtimoiy ahamiyati: bolalarda ikki tomonlama kriptorxizmning chov shaklini davolashning jarrohlik usullarini takomillashtirish bepushtlik va onkologik kasalliklar xavfini minimallashtirishga, kelajakda bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga va psixo-ijtimoiy moslashuvini oshirishga qaratilganligi sababli yuqori ijtimoiy ahamiyatga ega. Iqtisodiy samaradorligi: Bolalarda ikki tomonlama chov kriptorxizmida orxiopeksiya va operatsiyadan keyingi davolashning yangi usulini joriy etish asoratlarni 27,3% dan 10% gacha kamaytirish va kasalxonada davolanish muddatini 1,8 kundan 1,2 kungacha qisqartirish imkonini bergan (P<0,05). Kriptorxizmni davolashning takomillashtirilgan jarrohlik taktikasining iqtisodiy samaradorligi bitta holat uchun ishlab chiqarish xarajatlari farqini (mavjud usul uchun 1150000 so‘m va yangi usul uchun 580000 so‘m) bemorlar soniga (n=21) ko‘paytirish orqali baholangan. Bu davolanish kursi uchun stasionar xarajatlarni 12155000 so‘mga tejashga va shu bilan birga tibbiy yordam sifatini oshirishga imkon bergan. Ambulator bosqichda qo‘shimcha tejash asoratlar chastotasining pasayishi bilan bog‘liq: taqqoslash guruhida 3 nafar bemorda asorat har biri uchun 255000 so‘m xarajatni talab qilgan bo‘lsa, asosiy guruhda asorat faqat 1 nafar bemorda 150000 so‘m xarajat bilan qayd etilgan. Xulosa: yangi davolash yondashuvi asoratlar va yotoq kunlarini sezilarli darajada kamaytirgan, yaqqol ijtimoiy samara (bepushtlik va saraton xavfini kamaytirish) va xarajatlarni qisqartirish orqali sezilarli iqtisodiy samaradorlikni ta’minlagan.
ikkinchi ilmiy yangilik: ikki tomonlama kriptorxizmning chov shakllari bo‘lgan o‘g‘il bolalarda laparoskopik assistentli bir bosqichli transskrotal ikki tomonlama orxiopeksiya gonadalarning fiziologik qon ta’minotini saqlash va ularning gipo- hamda atrofiyasi rivojlanish ehtimolini pasaytirish imkonini berishi isbotlangan. Tadqiqot natijalari Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining jarrohlik bo‘limida 15.07.2024 yildagi 61-4-sonli buyruq asosida amaliyotga joriy etilgan. Tadqiqotga 2024 yilning yanvar’-avgust oylarida davolangan 21 nafar bemorlar (1-14 yosh, o‘rtacha yoshi 7,6±1,2 yosh) kiritilgan. Asosiy guruhni 11 nafar (bir bosqichli transkrotal orxiopeksiya), taqqoslash guruhini esa 10 nafar o‘g‘il bolalar (bosqichli chov orqali orxiopeksiya) tashkil etgan. Ijtimoiy ahamiyati: ishlab chiqilgan usulning ikki tomonlama kriptorxizm bilan og‘rigan o‘g‘il bolalarda joriy etilishi jinsiy bezlar gipo- va atrofiyasining oldini olish orqali reproduktiv salomatlik va gormonal funksiyani yaxshilab, bepushtlik va gipogonadizm xavfini kamaytirgan, natijada bemorlarning to‘laqonli fiziologik rivojlanishi, uzoq muddatli xayot sifati va ijtimoiy moslashuvi ta’minlangan. Iqtisodiy samaradorligi: bolalarda ikki tomonlama chov kriptorxizmida orxiopeksiya va operatsiyadan keyingi davolashning yangi usulini joriy etish asoratlarni 30% dan 9,1% gacha kamaytirish va kasalxonada davolanish muddatini 2,3 kundan 1,12 kungacha qisqartirish imkonini bergan (P<0,05). Kriptorxizmni davolashning takomillashgan jarrohlik taktikasining iqtisodiy samaradorligi bir holat uchun ishlab chiqarish xarajatlarining farqi (mavjud usul uchun 1300000 so‘m va yangi usul uchun 650000 so‘m) bemorlar soniga (n=21) ko‘paytmasi sifatida baholangan. Bu tibbiy yordam sifatini oshirish bilan bir vaqtda davolanish kursi uchun statsionar xarajatlarni 13650000 so‘mga tejashga erishish imkonini bergan. Ambulatoriya bosqichida qo‘shimcha tejash asoratlar chastotasining pasayishi bilan bog‘liq: taqqoslash guruhida 3 nafar bemorda asoratlarni davolash xarajatlari har biriga 275000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, asosiy guruhda esa asorat faqat 1 nafar bemorda kuzatilib, xarajatlar 150000 so‘mni tashkil etdi. Xulosa: o‘tkazilgan tadqiqot asosida laparoskopik yordamli bir bosqichli transskrotal orxiopeksiya gonadalarning qon bilan ta’minlanishini samarali saqlab qolib, asoratlarni kamaytirishi, bu orqali bolalarning reproduktiv salomatligi va hayot sifatini yaxshilashi hamda davolanish xarajatlarini kamaytirib, 54.5% iqtisodiy foyda keltirishi isbotlangan.
uchinchi ilmiy yangilik: uzoq muddatli kuzatuv davrida saqlanib qolgan a’zo qon oqimini ko‘rsatuvchi exografik ma’lumotlar ilk bor taqdim etildi va ikki tomonlama chov kriptorxizmini davolashda pastga tushirilayotgan gonadalar ishemiyasiga olib keladigan bosqichli orxiopeksiyalarni qo‘llash xavfi asoslangan. Tadqiqot natijalari Surxondaryo viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2024 yil 13 iyuldagi 164-1-sonli va Qashqadaryo viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2024 yil 15 iyuldagi 61-4-sonli buyruqlari asosida jarrohlik bo‘limlarining amaliy faoliyatiga joriy etilgan. Ijtimoiy ahamiyati bosqichli orxiopeksiyalarda jinsiy bezlar ishemiyasining ilmiy asoslangan xavfi bilan bog‘liq bo‘lib, bu qon ta’minotini saqlaydigan va jinsiy bezlar atrofiyasi, bepushtlik, hamda gipogonadizmning oldini olishga yordam beradigan usullarni tanlash muhimligini ta’kidlaydi. Bu esa uzoq muddatda o‘g‘il bolalarning reproduktiv salomatligi, gormonal funksiyasi, hayot sifati va ijtimoiy moslashuvini sezilarli darajada yaxshilaydi. Iqtisodiy samaradorligi: exografiya usulini qo‘llashga oid tadqiqot natijalarining joriy etilishi gonadalarning ishemik atrofiyasi kabi asoratlarni kamaytirishga yordam bergan. Bu asoratlar keyinchalik bepushtlikni davolash yoki gormonal o‘rin bosuvchi davo zaruriyatini keltirib chiqarishi mumkin edi. Bosqichli orxiopeksiyalarga ilmiy asoslangan yondashuv optimal usullarni tanlashni ta’minlagan, bu esa takroriy aralashuvlarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirgan, reabilitatsiya muddatlarini qisqartirgani va sog‘liqni saqlash tizimi hamda oilalar uchun umumiy iqtisodiy xarajatlarni pasaytirgan. Xulosa: bosqichli orxiopeksiyalarning ilmiy asoslangan xavflari a’zolarda qon oqimini saqlash muhimligini ko‘rsatib, bu ikki tomonlama kriptorxizm bilan og‘rigan o‘g‘il bolalarning prognozini yaxshilash va reproduktiv salomatligini saqlash orqali bolalar urologiyasida jarrohlik strategiyalarini optimallashtirish uchun muhim ahamiyat kasb etgan.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: urug‘ tizimchasining sezilarli darajada taranglashuvi va moyakning kranial siljishi bilan kechuvchi hollarda, ularni ajratib olgandan so‘ng fiksatsiyasiz jarrohlik korreksiyasi paytida, retensiyalangan moyakni yorg‘oqqa erkin tushirish va uzoq muddatli davrda ikkilamchi malpozisiya hamda gonadalar atrofiyasini oldini olish imkonini beruvchi moyak qon tomirlari va urug‘ chiqaruvchi yo‘lning qorin bo‘shlig‘i qismini laparoskopik usulda ajratish zarurligi asoslangan. Tadqiqot natijalari Surxondaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2024 yil 13 iyuldagi 164-1-sonli va Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2024 yil 15 iyuldagi 61-4-sonli buyruqlari asosida jarrohlik bo‘limlarining amaliy faoliyatiga joriy etilgan. Ijtimoiy ahamiyati: moyaklarning ikkilamchi mal’pozisiya va atrofiyasining oldini olishda namoyon bo‘lib, bu o‘g‘il bolalarda reproduktiv funksiya va gormonal muvozanatni saqlash, ularning to‘liq fiziologik rivojlanishini ta’minlash, bepushtlik va gipogonadizm xavfini kamaytirish, shuningdek, bemorlarning hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilash va muvaffaqiyatli ijtimoiy moslashuvini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega. Iqtisodiy samaradorligi: an’anaviy davolash usuli qo‘llanilganda, ikki tomonlama chov churrasi bo‘lgan bemorlarni jarrohlik yo‘li bilan davolash ikki bosqichda amalga oshirilar edi. Bunda har bir bosqich uchun sarflanadigan operatsion xarajatlar miqdori 857212 so‘mni tashkil etgan. Shunga muvofiq, ikki bosqichli an’anaviy davolash kursining umumiy qiymati bir bemor uchun 1714424 so‘mga teng bo‘lgan. Taklif etilayotgan mualliflik uslubida esa, asosiy guruhdagi bemorlarda ikki tomonlama chov churrasini laparoskopik assistentlik yordamida bir bosqichda korreksiya qilish imkoni yaratilgan. Buning natijasida, bir bemor uchun operatsiya xarajatlari 1151352 so‘mgacha kamaygan. Yangi uslubning iqtisodiy samaradorligini aniqlash maqsadida, an’anaviy va yangi uslublar o‘rtasidagi xarajatlar farqi hisoblab chiqilgan (1714424 so‘m – 1151352 so‘m = 563072 so‘m). Ushbu farq asosiy guruhdagi bemorlar soniga (n=92) ko‘paytirilib, yangi mualliflik usulining umumiy iqtisodiy tejamkorlik miqdori aniqlangan: 563072 so‘m×92=51802624 so‘m. Xulosa: Ikki tomonlama chov kriptorxizmi bilan og‘rigan bemorlarda orxiopeksiyani laparoskopik assistentlik yordamida bajarishning ilmiy asoslangan yangi mualliflik uslubi, 51802624 so‘m miqdoridagi mablag‘ning tejalishini ta’minlagan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish