Yarseva Svetlana Vladimirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): ““Spanglish” til interferensiyasi hodisasi sifatida”, 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Fil2906.
Ilmiy rahbar: Galieva Margarita Rafaelovna, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Sa’dullaeva Nilufar Azimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Kiselyov Dmitriy Anatolevich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi “spanglish”ning lisoniy maqomini belgilash, uning fonetik, morfologik, sintaktik, leksik, so‘z yasalishi va stilistik interferensiyasi qonuniyatlarini o‘rganish, tizimlashtirish va yuzaga chiqarishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“spanglish”ning aralash tillar sinfiga mansub ekanligi uning asosiy (fonetik, morfologik, leksik va sintaktik) lingvistik xususiyatlari hamda ijtimoiy-madaniy ahamiyati (bilingvizm, madaniy o‘zlikni anglash, hududiy cheklanmaganlik, turli matn turlarida qo‘llanishi va boshqalar)ni tahlil qilish asosida dalillangan;
“spanglish”ning interferensiya hodisasi asosida shakllanishidagi lingvistik qonuniyatlar (ichki va tashqi kodlar almashinuvi, turli so‘z turkumlarining fonetik va grammatik modifikatsiyasi, gibrid leksemalar, frazeologik birliklar va stilistik vositalarning qo‘llanishi, gapda so‘zlarning erkinroq tartibi) aniqlangan va ular tilning fonetik, morfologik, sintaktik, leksik sathlari, so‘z yasash hamda stilistik birliklar darajasida tizimlashtirilgan;
 interferensiya asosida “spanglish” til birliklarining shakllanishiga ingliz va ispan tillarining ta’sir darajasi hamda tahlil natijasida fonetik, sintaktik va so‘z yasash til birliklarida ispan tilining kuchliroq ta’siri, morfologik, leksik sathlari va stilistik birliklar darajasida esa ikki tilning taxminan bir xil o‘zaro ta’siri aniqlangan;
“spanglish” lisoniy birliklarining har xil turdagi matnlarda qo‘llanish xususiyatlarini o‘rganish natijasida “spanglish” tilidagi qo‘shiq, shiorlar, reklama va internet memlari matnlariga ko‘proq leksik, so‘z yasalishi va morfologik interferensiya xos ekanligi, badiiy matnlarda esa barcha turdagi interferensiyalar namoyon bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Spanglish”ning til interferensiyasini o‘rganish jarayonida olingan nazariy xulosalar va amaliy natijalar quyidagilarda ishlatilgan:
“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MChJning “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida mutaxassislikning ingliz tili fanlari boʻyicha oʻquv jarayoniga virtual resurslarni yaratish va joriy etish” amaliy loyihasida foydalanilgan (“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MChJning 2023-yil 31-avgustdagi № I-204-4-5-sonli ma’lumotnomasi). Bunda til interferensiyasi, uning chet el tilidan foydalanishdagi ijobiy va salbiy tomonlari masalasiga oid nazariy va amaliy ishlanmalar jalb etilgan. Natijada, mediamatnlarda, badiiy va reklama matnlarida “spanglish” fenomenidan foydalanish bilan bog‘liq yangi virtual dasturlar ishlab chiqilgan;
Erasmus+ ICM 2020-1-UK01-KA107-078419 “KA-107-International Credit Mobility between European Union and Uzbekistan HEIs” xalqaro loyihasida foydalanilgan (OʻzDJTUning 2024-yil 13-maydagi 01/273-sonli ma’lumotnomasi), bunda fonetik, morfologik va sintaktik interferensiyani o‘rganish va uning tillar aralashuvidagi qonuniyatlarini aniqlash bilan bog‘liq nazariy ishlanmalar jalb etilgan. Taqdim etilgan natijalar loyiha ishtirokchilarining ingliz tilining turli darajalaridagi interferensiya hodisalari haqidagi nazariy va amaliy bilimlarini boyitishga yordam bergan;
Britaniya Kengashi ko‘magidagi “English as a school subject” (1683580) xalqaro tadqiqot loyihasida foydalanilgan (OʻzDJTUning 2024-yil 13-maydagi 01/274-sonli ma’lumotnomasi). Bunda leksik va so‘z yasalishi kabi interferensiya turlari haqida, shuningdek, ingliz tili lug‘atini boyitishning muhim jarayonlaridan biri sifatida o‘zlashmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanilgan. Natijada nazariy ishlanmalar tadqiqot loyihasiga kiritilib, O‘zbekiston maktab o‘quvchilari tomonidan ingliz tilini o‘rganishda interferensiya hodisasini chuqurroq o‘rganishga xizmat qilgan;
 “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Foreign LanguaGES” telekanalining “Good morning, Uzbekistan!”, “English club” va “IELS secres” ta’limiy telekoʻrsatuvlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tasarrufidagi “O‘zbekiston Teleradiokanali” davlat muassasasining 2024-yil 27-iyundagi 05-24-788-sonli ma’lumotnomasi), bunda OAV va Internet makonida, shuningdek, ingliz va ispan tillarida so‘zlashuvchilarning o‘zaro ta’sirida “spanglish” aralash tilining zamonaviy tarqalishi, unga xos lingvistik va ekstralingvistik omillar bo‘yicha tadqiqot natijalari qo‘llangan. Natijada, ushbu teledasturlarning alohida epizodlarini tayyorlashda tadqiqotchining “spanglish”ning zamonaviy lisoniy maqomi va interferensiyasi tahlilidan foydalanilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish