Umurzakova Gulchexra Egamberdievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Undov, taqlid va modal so‘zlar pragmatikasi (turli tizimdagi tillar misolida)” 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Fil767
Ilmiy rahbar: Lutfullaeva Durdona Esonovna, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc. 03/25.08.2021.Fil.01.16
Rasmiy opponentlar:
Sultonova Shoxista Muxammadjanovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Sayidiraximova Nasiba Sayidmaxamadovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti .
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi. Turli tizimdagi tillar, xususan, o‘zbek, ingliz, rus tillaridagi undov, taqlid va modal so‘zlarning pragmalingvistik xususiyatlarini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turli tizimdagi tillar, xususan, o‘zbek, ingliz va rus tillarida qo‘llanuvchi undov, taqlid va modal so‘zlarning umumiy va farqli xususiyatlari pragmatik jihatdan dalillangan;
o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi undov, taqlid va modal so‘zlarning pragmatik xususiyatlaridagi milliy o‘ziga xos xususiyatlar aniqlangan;
undov, taqlid va modal so‘zlarning nutqda pragmatik vazifa bajarishiga turtki bergan lingvistik omillar: deyktik xususiyati, baho munosabatini ifodalashi isbotlangan;
undov, taqlid va modal so‘zlarning pragmatik vazifa bajarishiga turtki bergan ekstralingvistik omillar: nutq egasining kommunikativ maqsadi, muloqot vaziyati omillarining roli belgilangan va presuppozisiya ifodalashi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Turli tizimdagi tillarda undov, taqlid va modal so‘zlarning pragmatik xususiyatlari muammosining tadqiqi asosida chiqarilgan nazariy xulosalardan: “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bajarilgan “Filologiya yo‘nalishi bo‘yicha ingliz tilini o‘rganish, baholash sifatining shakl va tamoyillariga zamonaviy yondashuv” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019-yil 5-apreldagi 89-03-1287 hamda sonli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek, rus va ingliz tili egalarining undov, taqlid va modal so‘zlarni idrok etishi, ularni nutqida qo‘llashi bo‘yicha loyihada ilgari surilgan materiallarni mazmunan boyitishga muvaffaq bo‘lingan;
turli tizimdagi tillarda undov, taqlid va modal so‘zlarning pragmatik xususiyatlari, milliy o‘ziga xos farqli belgilariga oid xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasi “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan 2024-yil avgust va sentyabr oylarida efirga uzatilgan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Til – millat ko‘zgusi” nomli eshittirishlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2024-yil 4-oktyabrdagi 04-36-1094 sonli ma’lumotnomasi). Natijada ushbu radioeshittirishlarning ilmiy-ommabopligi, ilmiy natijalarga asoslanilganligi ta’minlangan;
undov, taqlid va modal so‘zlarning nutqda pragmatik vazifa bajarishga xoslanishi, ular ishtirokida tuzilgan gaplarning semantik murakkablashuvi haqidagi ilmiy natija va xulosalardan 2022-2023-yillarda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida amalga oshirilgan “O‘zbek milliy raqs san’atini targ‘ib etishga bag‘ishlangan veb-sayt va multimedia mahsulotlari (elektron lug‘atlar) to‘plami yaratish” mavzusidagi F3-2019081663 raqamli fundamental loyihani bajarishda, xususan, “O‘zbek milliy raqs san’ati harakatlari nomlarining qisqacha o‘zbekcha-inglizcha-nemischa izohli lug‘ati”ni yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 2024-yil 5-sentyabrdagi 1/04-118 sonli ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotda til birliklarining nutqiy imkoniyatlari bo‘yicha chiqarilgan xulosalar loyiha materiallari mazmunini boyitishga xizmat qilgan;
turli tizimdagi tillarda undov, taqlid va modal so‘zlar ishtirok etgan gaplarning semantik murakkablashuvi qonuniyatlariga doir materiallardan O‘zR FA Qoraqalpoq bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot instituti tomonidan FA-F1-G003 “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyihani bajarishda foydalanigan (O‘zRespublikasi FA Qoraqalpoq bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2024-yil 17-oktyabrdagi 482-1 sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyihada tilda funksional so‘z yasalishi masalasiga oid ilgari surilgan ilmiy qarashlar yangi ma’lumotlar bilan boyitilgan.