Mo‘ydinov Xoshimjon G‘ulomovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ma’dan o‘g‘itlar me’yorlarining kuzgi bug‘doy va takroriy ekinlarni parvarishlashdagi samaradorligi (Andijon viloyatining sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida)», 06.01.04–Agrokimyo (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Qx325.

Ilmiy rahbar: Mirzaev Lutfullo Aribjanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.

Rasmiy opponentlar: Sattorov Djurakul, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, akademik; Bairov Abdunabi Jo‘raevich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.

Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Andijon viloyatining sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida qisqa navbatlab ekish tizimida kuzgi bug‘doy hamda takroriy ekinlar makkajo‘xori va moshda qo‘llanilgan ma’dan o‘g‘itlarning tuproq unumdorligi hamda ekinlar hosildorligini ta’minlovchi maqbul me’yorlarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida erdan samarali foydalanish maqsadida kuzgi bug‘doy, takroriy ekinlar makkajo‘xori va moshda qo‘llanilgan ma’dan o‘g‘itlarning ekin turlari bo‘yicha o‘zaro bog‘liqliqdagi me’yorlarining tuproq oziqa rejimiga ta’siri ilmiy jihatdan asoslangan;

kuzgi bug‘doyda qo‘llanilgan ma’dan o‘g‘it me’yorlarini o‘simlikning ildiz-ang‘iz qoldiqlari miqdoriga hamda hosildorligi va sifati ko‘rsatkichlariga ta’siri aniqlangan;

kuzgi bug‘doy tuproqda qoldirgan ang‘iz va ildiz qoldiqlari hamda unda qo‘llanilgan ma’dan o‘g‘it me’yorlarining so‘nggi ta’siriga bog‘liq holda takroriy ekin makkajo‘xori va moshning turli unumdorlikka ega bo‘lgan tuproqlarda o‘sish-rivojlanishini yaxshilovchi va hosildorligini oshiruvchi samarali o‘g‘itlash me’yorlari ishlab chiqilgan;

kuzgi bug‘doyda qo‘llanilgan o‘g‘it me’yorlariga bog‘liq holda makkajo‘xori hamda moshni o‘g‘itlash me’yorlari orqali tuproq unumdorligini barqaror saqlanishi hamda nisbatan ortib borishi isbotlangan;

takroriy ekin makkajo‘xori va moshning kuzgi bug‘doydan keyin yaratilgan fonga bog‘liq holda tuproq unumdorligi hamda ekinlar hosildorligi va sifatini ta’minlovchi maqbul oziqlantirish me’yorlari aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlarda kuzgi bug‘doyda qo‘llanilgan ma’danli o‘g‘it me’yorlariga uzviy bog‘langan holda takroriy ekinlar sifatida makkajo‘xori hamda mosh ekinlarini samarali o‘g‘itlash me’yorlarini qo‘llash natijalari asosida:

“Andijon viloyatining sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari  sharoitida kuzgi bug‘doy, takroriy makkajo‘xori va mosh ekinlarini ma’danli oziqlantirish hamda tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar» ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 8 iyundagi 02/023-120-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma fermer xo‘jaliklarida kuzgi bug‘doy, takroriy makkajo‘xori va mosh ekinlarini ma’danli oziqlantirish me’yorlarini belgilashda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;

tajriba natijalari asosida kuzgi bug‘doyga N180R120K90 kg/ga me’yorlarda ma’dan o‘g‘itlari qo‘llash texnologiyasi Andijon viloyati Bo‘z tumani fermer xo‘jaliklarida 75,0 gektar, Shahrixon tumanida 95,0 gektar, PSUEAITI Andijon ilmiy-tajriba stansiyasida 6,0 gektar, jami 176,0 gektar maydonlarga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 8 iyundagi 02/023-120-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida kuzgi g‘allaga yillik o‘g‘itlar me’yori N180R120K90 kg/ga hisobida qo‘llanilganda kuzgi bug‘doydan gektaridan 64,0 sentner don hamda 72,4 sentner somon hosili olishga erishilgan;

kuzgi bug‘doyda qo‘llanilgan ma’danli o‘g‘itlar me’yorlariga uzviy bog‘langan holda takroriy makkajo‘xori va moshni oziqlantirishning maqbul me’yorlari ishlab chiqilgan bo‘lib, Andijon viloyatining Bo‘z, Shahrixon, Asaka tumanlarida jami 176,0 gektar maydonlarga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 8 iyundagi 02/023-120-son ma’lumotnomasi). Natijada ma’danli o‘g‘itlar kuzgi bug‘doyga N180R120K90 kg/ga me’yorlarda qo‘llanilgandan so‘ng makkajo‘xoriga N180R120K90 kg/ga me’yorda oziqlantirilganda 23,9 sentner don va 280,5 sentner ko‘k massa hamda moshga N25R80K60 kg/ga me’yorlarda o‘g‘it qo‘llanilganda 14,6 sentner don va 43,2 sentner pichan hosili olinishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish