Musurmanova Mohinur Murot qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mirzacho‘l vohasi sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlari, ularning biologik faolligi va uni yaxshilash yo‘llari», 03.00.13 - Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/B1293.
Ilmiy rahbar: Turdimetov Shaxobiddin Muxitdinovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, PhD.03/5.05.2023.B/Qx.01.17.
Rasmiy opponentlar: Turdaliev Avazbek Turdalievich, biologiya fanlari doktori, professor; Saidova Munisa Ergashevna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Mirzacho‘l vohasi sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlarining biologik xossalaridagi o‘zgarishlarni aniqlash va o‘simlik resurslaridan foydalangan holda tuproq unumdorligini yaxshilashga doir tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Mirzacho‘l vohasi erlarini o‘zlashtirish, ekin ekish va sug‘orishlar davomiyligi natijasida bo‘z-o‘tloqi tuproqlar tarkibidagi bakteriyalar, zamburug‘lar va aktinomisitlarning sonida yuz bergan o‘zgarishlar aniqlangan;
Mirzacho‘l vohasi tuproqlarining haydalma qatlamida  yangidan sug‘oriladigan tuproqlardan (1 g tuproqda 150 ming donadan) eskidan sug‘oriladigan tuproqlar tomon (1500 ming donagacha) bakteriyalar sonining ortib borilgani dalillangan;
o‘simlik resurslaridan foydalanilgan holda sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlarning fizik xossalarini yaxshilash va oziqa moddalari bilan boyitish uchun siderat ekinlari tanlangan hamda ularning tuproq xossalariga ijobiy ta’siri asoslangan;
sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlarda siderat ekinlardan suli ekilganda ammonifikator bakteriyalari (4,5x106 KHB/g), javdar ekilganda mineral azotni o‘zlashtiruvchi bakteriyalar (3,0x105 KHB/g) hamda aktinomisetlar (7,5x103 KHB/g), xantal ekilganda mikromisetlar (9x102 KHB/g) eng yuqori bo‘lishi aniqlangan;
tuproqdagi katalaza fermenti raps ekilganda 0,32 ml O2/5g tuproqda, inventeraza fermenti javdar ekilganda 0,90 glyukoza/0,2g tuproq va ureaza fermenti esa raps ekilganda 0,06 mg NH4+/5 g tuproqda yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mirzacho‘l vohasi  sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlarning o‘zlashtirish va sug‘orish natijasida mikrobiologik tarkibining son hamda sifati jihatidan o‘zgarishi, turli o‘simlik resurslaridan foydalanib tuproq biologik faolligi hamda fermentativ holatini yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlarining unumdorligini o‘zgarishi va uni yaxshilash bo‘yicha “Mirzacho‘l vohasi sug‘oriladigan tuproqlarining biologik faolligi va uni yaxshilash” nomli tavsiyanoma Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jalik vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 11-noyabrdagi  05/05-04-582-son ma’lumotnomasi). Natijada viloyatdagi mavjud dehqon va fermer xo‘jaliklari sug‘oriladigan tuproqlari unumdorligini saqlash, qayta tiklash, biologik faolligini oshirish orqali qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish uchun majmuaviy agrokimyoviy, meliorativ va agrobiologik tadbirlarni amalga oshirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlarining fizik, agrokimyoviy xossalarini siderat ekinlaridan foydalanib yaxshilash bo‘yicha agrotexnikaviy ishlanmalar Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani Farg‘ona massividagi “Ko‘rkam dala chamani” fermer xo‘jaligining 33,2 ga maydoniga joriy qilindi (Qishloq xo‘jalik vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 11- noyabrdagi  05/05-04-582-son ma’lumotnomasi). Natijada, sideratlardan 1 gektar raps ekilgan maydonda 20,8 t/ga, fatseliyada 18,2 t/ga, xantalda 15,4 t/ga biomassa qolishiga erishilgan hamda xantal ekilgan variantda tuproq zichligi 0,07 g/sm3 gacha kamayishi va g‘ovakligining 3,5 foizgacha ortishi, fatseliya ekilgan variantda  gumusning miqdori 0,913 foizdan 0,981 foizgacha, harakatchan fosforning miqdori 38,3 mg/kg dan 44,6 mg/kg gacha, raps ekilgan variantda harakatchan kaliy miqdorining 246 mg/kg dan 263 mg/kg gacha ortish imkoniyatini bergan; 
sug‘oriladigan tuproqlarning biologik faolligini va fermentativ holatini o‘simlik resurslari yordamida yaxshilash bo‘yicha biologik tadbirlar Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “Mirzaobod-agro-cluster” MChJ 16,6 ga hamda Oqoltin tumani S.Siddiqov massividagi “Toxirov Muxiddin paxtasi” fermer xo‘jaligining 23,5 ga, jami 40,1 ga maydoniga joriy qilindi (Qishloq xo‘jalik vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 11-noyabrdagi  05/05-04-582-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproq unumdorligini yaxshilash va undan keyin ekilgan ekinlarning hosildorligini oshirish imkoniyati yaratildi, shuningdek, organik moddalarga boyishi, harakatchan oziqa moddalarining ortishi natijasida kuzgi bug‘doyning hosildorligi fatseliya ekilgan variantda 21,4 foizgacha, g‘o‘za ekininining hosildorligi raps ekilgan variantda 12,0 foizgacha ortish imkoniyatini bergan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish