Ikramova Mashkura Shuxratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda o‘sadigan oqbosh o‘simligini farmakognostik tahlili», 15.00.02–Farmatsevtik kimyo va farmakognoziya (farmatsevtika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Far33.
Ilmiy rahbar: Komilov Xojiasror Masudovich, farmatsevtika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent farmatsevtika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti, DSc.27.06.2017.Far.32.01.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Zakirdjan Abidovich, farmatsevtika fanlari doktori, professor; Nishanbaev Sabir Zaripbaevich, kimyo fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: oqbosh o‘simligini tibbiyot amaliyotida qo‘llash va uning asosida samarali gipoglikemik dori vositalar va biologik faol qo‘shimchalarni yaratish imkoniyatini asoslash uchun farmakognostik ko‘rsatkichlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor oqbosh o‘simligining biologik faol moddalari asosiy guruhlarini kimyoviy tarkibi va miqdori aniqlangan;
oqbosh er ustki qismining morfologik-anatomik diagnostik belgilari va uning sifatini tavsiflovchi ko‘rsatkichlar, shuningdek ekologik tozaligi va qo‘llashdagi xavfsizligi aniqlangan;
xomashyo tarkibidagi asosiy ta’sir etuvchi moddasi - polisaxaridlarining sifat va miqdoriy tahliliga uslubiy yondashuvlar tavsiya etilgan, shuningdek polisaxaridlarning to‘planish dinamikasi aniqlangan;
polisaxaridlarning miqdoriy me’yorlari hamda xomashyoni tayyorlash va saqlashning mo‘’tadil muddatlari belgilangan;
oqbosh quruq ekstrakti va uning asosida olingan biologik faol qo‘shimchani standartlash usullari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oqbosh er ustki qismining kimyoviy tarkibini tahlili, tavsiya etilayotgan xomashyo va uning asosida olingan quruq ekstrakt va biologik faol qo‘shimchani standartlash usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
biologik faol qo‘shimcha «Saxar Stop» uchun ishlab chiqilgan texnik shartlar «O‘zstandart» agentligi tomonidan ro‘yxatga olingan (Ts 24416194-005:2016). Natijada oqbosh quruq ekstrakti asosida gipoglikemik ta’sirga ega biologik faol qo‘shimcha olish imkonini bergan;
«Saxar Stop» biologik faol qo‘shimchani ishlab chiqarish bo‘yicha texnologik yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan tasdiqlangan (TI 24416194-005:2017). Natijada farmatsevtika sanoati uchun ushbu biologik faol qo‘shimchani ishlab chiqarish imkoni yaratilgan;
«Saxar Stop» biologik faol qo‘shimchani ishlab chiqarish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ruxsati asosida «Plant Group» MChJ tomonidan yo‘lga qo‘yilgan (№000326). Ushbu biologik faol qo‘shimchani ishlab chiqarish xorijiy davlatlardan olib kelinayotgan analoglarning o‘rnini bosish imkonini bergan.