Hamraev Mahmud Mirzaqulovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: Amir Said Olimxonning siyosiy faoliyati va muhojirlikdagi hayoti, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Tar1046.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.Tar.55.05.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Davletov Sanjarbek Rajabovich, tarix fanlari doktori, professor; G‘afforov Shokir Safarovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Qarshi davlat unversiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Amir Said Olimxonning siyosiy faoliyati va muhojirlikdagi hayotini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Mang‘itlar sulolasi boshqaruvi davrida Buxoro amirligidagi siyosiy jarayonlar ochiqlanib, Amir Abdulahadxonning o‘g‘li Olimxon To‘raning bolaligi va tahsil yillari, so‘ngra Nasaf va Karmana viloyatlaridagi 12 yillik hokimlik davri hamda Buxoro hukmdori sifatida 10 yillik amirlik faoliyati, mamlakatda o‘tkazgan turli islohotlari ko‘rsatilgan;
Buxoro hukmdori Amir Said Olimxon mamlakatni murakkab va tahlikali vaziyatda boshqarganligi, bir tomondan ichki muxolifat: jadidlar va Yosh buxoroliklar, ikkinchi tomondan tashqi dushman: bolsheviklar va sovet Rossiyasining qizil qo‘shiniga qarshi kurash olib borganligi, biroq 1920-yil sentyabrda Frunze boshchiligidagi bosqinchi Rossiya armiyasi tomonidan poytaxt bosib olinib, qadimiy shahar vayron qilingani hamda 50 000 nafar tinch aholi o‘ldirilganligi tarixiy manbalar va arxiv hujjatlari asosida dalillangan;
Qizil armiya tomonidan Buxoro amirligi bosib olingach, yangi tashkil qilingan Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) hududida bolsheviklarga qarshi qo‘rboshilar boshchiligida milliy ozodlik kurashi boshlanganligi, sobiq hukmdor Said Olimxon Mulla Abdulqahhor, Ibrohimbek Laqay, Davlatmandbek va boshqa qo‘rboshilar hamda Turkiyadan kelgan Anvar Posho va Salim Posho kabi qo‘mondonlarning harbiy va siyosiy faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganligi, bu davrda muhojirlikda Kobul atrofida yashashga majbur bo‘lgan Olimxonning murakkab hayoti tarixiy manbalar va adabiyotlar asosida isbotlangan;
Amir Said Olimxon Afg‘onistondan turib o‘z vakillarini Evropa davlatlariga jo‘natganligi, uning sovet Rossiyasining Buxoroga bosqini haqida Millatlar Ligasi (Jeneva)ga qilgan murojaatnomasi, “Buxoro xalqining hasrati tarixi” nomli xotiralar kitobi tahlil qilinib, Afg‘oniston, Turkiya va boshqa xorijiy davlatlardagi tarixiy tadqiqotlar hamda O‘zbekistondagi arxiv hujjatlari va matbuot materiallari asosida Olimxonning kurashi isbotlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Amir Said Olimxonning siyosiy faoliyati va muhojirlikdagi hayoti mavzusini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar, xulosalar va takliflar asosida: 
Amir Said Olimxonning siyosiy faoliyati, muhojirlik hayoti, vatanda qolgan oila a’zolari va farzandlari taqdiri, ularning sovet hukumati tomonidan qatag‘on qilinishi va Amir Said Olimxonning Buxorodagi istiqlolchilik harakatiga rahbarlik qilishiga oid natijalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining 2024-yil 7-oktyabrdagi 243-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot materiallarining muzey fondiga joriy etilishi Amir Said Olimxonning siyosiy faoliyati va muhojirlik hayotini manbalar asosida yoritib berish imkonini bergan. 
Mang‘itlar sulolasining so‘nggi hukmdori Amir Said Olimxonning asirlikda qolgan uch nafar farzandi, ularning bolsheviklar tomonidan sovetcha tarbiyalanishi va keyinchalik qatag‘on qilinishi, Afg‘onistonda tug‘ilgan va hozirgi kunda Turkiya davlatida yashayotgan farzandlarining taqdiri, amirning saroy mulozimlari va ularning ham bolsheviklar tomonidan qatag‘on qilinishiga oid yangi materiallardan muzey fondini boyitishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining 2024-yil 7-oktyabrdagi 243-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu hujjatlar Amir Said Olimxon shaxsiyati  va uning siyosiy faoliyati hamda muhojirlik hayotini ochib berishga xizmat qilgan. 
Amir Said Olimxonning Peterburgdagi ta’lim jarayonlari, Nasaf va Karmanadagi hokimlik davri, otasi Amir Abdulahadxon vafotidan so‘ng taxtga chiqishi, uning siyosiy va ijtimoiy faoliyatlari, 1920-yil qizil armiyaning Buxoroga bosqiniga qarshi kurash jarayonlari natijasida dastlab Sharqiy Buxoro, so‘ng Afg‘onistondagi muhojirlik hayoti va avlodlar taqdiriga oid natijalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasining 2024-yil 31-iyuldagi 06-31-877-son ma’lumotnomasi). Natijalar Sovet Rossiyasining Buxoro amirligini tugatish siyosati bo‘yicha teletomoshabinlarning bilim va tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qilgan. 
Buxoro amirligining bolsheviklar tomonidan bosib olinishi va buning natijasida soʻnggi mang‘it hukmdori Amir Said Olimxonning Sharqiy Buxoroga  chekinishiga oid yangi ma’lumotlar keltirilib, ushbu voqealarga  obektiv qarashlarni shakllanishiga imkon bergan. (O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasining 2024-yil 31-iyuldagi 06-31-877-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalar Amir Said Olimxonning Buxoroni tark etish sabablari, mag‘lubiyatga uchragach jangni davom ettirish hududi sifatida Sharqiy Buxoroning tanlanishi, Amir Said Olimxonning siyosiy faoliyatidagi xato va kamchiliklarni tahlil qilish imkonini yaratgan. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish