Abduqodirov Sherzod Yoqubjonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Xo‘jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlarning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari», 12.00.08–Jinoyat huquqi, huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Yu16.
Ilmiy maslahatchi: Abdurasulova Qumriniso Raimqulovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.25.01.
Rasmiy opponentlar: Taxirov Farxod, yuridik fanlar doktori, professor; Otajonov Abrorjon Anvarovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Maxkamov Otabek Muxtarovich, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: xo‘jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashning jinoyat-huquqiy vositalarini takomillashtirish, mazkur jinoyatlar profilaktikasining samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish oqibatida ehtiyotsizlik orqasida badanga o‘rtacha og‘ir yoxud og‘ir shikast etkazilishiga sabab bo‘lgan hollarni ushbu jinoyatning og‘irlashtiruvchi tarkibidan asosiy tarkibiga o‘tkazish orqali javobgarlikni liberallashtirish asoslangan;
etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish jinoyatining badanga o‘rtacha og‘ir yoxud og‘ir shikast etkazilishiga, odam o‘lishiga, odamlar o‘limiga, boshqacha og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lganligini javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar sifatida qonunda belgilash orqali javobgarlikni differensiatsiya qilish va jazoni individuallashtirish imkonini kengaytirish taklif etilgan;
ijtimoiy xavflilik darajasining pastligi, fuqarolik va iqtisodiy ish yurituvi doirasiga kiritish zarurati inobatga olib, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish va raqobatchini obro‘sizlantirishni dekriminalizatsiya qilish kerakligi asoslangan;
qonunga xilof ravishda tovar belgilaridan foydalanishni tadbirkorlik faoliyati sohasidagi jinoyatlarning yangi turi ekanligi aniqlanib, ushbu qilmish uchun javobgarlik belgilash zarurati asoslangan;
tadbirkorlik faoliyati sohasidagi jinoyatlar natijasida kelib chiqadigan boshqa og‘ir oqibatlarga aybdor tomonidan ikki yoki undan ortiq shaxsning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast etkazilishi, kamida bir shaxsning halok bo‘lishi va boshqa shaxsning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast etkazilishi, boshqa shaxslarga OIV, OITS va boshqa yuqumli kasalliklar yuqishiga, insonlarning ommaviy zaharlanishi (kasallanishi), shuningdek tadbirkorlik sub’ektlarining tugatilishi yoki bankrot bo‘lishiga sabab bo‘lish holatlarini kiritish asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xo‘jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashning jinoyat-huquqiy vositalarini takomillashtirish, mazkur jinoyat profilaktikasining samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni takomillashtirishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 131-bobining normalarini takomillashtirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2015 yil 21 dekabrdagi 06/1-02/548vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini jinoyat-huquqiy vositalar orqali samarali muhofaza qilinishiga xizmat qilgan;
noqonuniy tadbirkorlik faoliyati jinoyati uchun javobgarlikni takomillashtirishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 188-moddasining normalarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2015 yil 21 dekabrdagi 06/1-02/548vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi noqonuniy tadbirkorlik faoliyati uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga hissa qo‘shgan;
savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish jinoyati uchun javobgarlikni takomillashtirishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 189-moddasining normalarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2015 yil 21 dekabrdagi 06/1-02/548vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilgan;
tadbirkorlik faoliyati sohasidagi jinoyatlarning jinoyat-huquqiy tavsifini aniqlashtirishga qaratilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida»gi 2013 yil 20 dekabrdagi 20-son qarorining 7, 9, 10, 13-bandlarining qoidalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2015 yil 23 fevraldagi 11-15-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik belgilangan normalarni to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishiga hissa qo‘shgan.