Tojidinov Toshpo‘lat Shokir o‘g‘lining falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): She’r grafik shakli ifoda vositasi sifatida (Yangi o‘zbek she’riyati misolida), 10.00.07 – Adabiyot nazariyasi (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Fil4760
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni:
Quronov Dilmurod Haydaralievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01
Rasmiy opponentlar:
Amonova Zilola Qodirovna, filologiya fanlari doktori, dotsent;
Yakubov Islamjan Axmedjanovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: she’r grafik shaklining ifoda imkoniyatlarini o‘rganish va uning ifodaviy imkoniyatlaridan foydalanishning faollashuv omillarini tahlil qilish, grafik shaklga xos ifodaviylikni Yangi o‘zbek she’riyatining spesifik xususiyati sifatida baholash va uning ifodaviy imkoniyatlaridan foydalanish, yangicha yondashuv va ifodaviy izlanishlarning ayni adabiy davrda faollashuv sabablarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ifoda ehtiyoji insonga xos doimiy faoliyat sifatida baholanib, she’riy shakllar bilan bog‘liq yangilanishga ifodaviy mukammallikka erishish natijasi sifatida qaralgan. Shunga ko‘ra she’r grafik shakli avvaldan davom etib kelayotgan an’ana o‘laroq shakllangan tayyor qolip emas, balki mazmunning shakldagi natijasi sifatida baholangan;
Yangi o‘zbek she’riyatiga xos badiiy tafakkurning butkul yangilangani va uni ifoda qilish imkoniyatiga ega yangicha ifoda vositalariga ehtiyoj grafik shakl bilan bog‘liq yangilanishlarni yanada aniq tekshirishga imkon bergan;
nashr ishlaridagi tafovutlarga tanqidiy munosabat bildirilib, she’r grafik shaklining tashkillanishida muallif variantiga ustuvorlik berilgan;
she’r grafik shakli, uning tarkibiy qismlari, grafik birlik va vositalar haqidagi ilmiy xulosalarning ayrim o‘rinlarda tahrirtalab ekanligi ko‘rilgani holda, bu tabiiy bir jarayon sifatida baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
She’r grafik shakli ifoda vositasi sifatida mavzusida olib borilgan tadqiqotlar asosida olingan natijalar quyidagi ishlarda joriylangan:
Qo‘qon adabiy muhiti ijodkorlari she’rlari grafik shaklining she’r mazmuni ifodasidagi o‘rni, nashrlardagi grafik shakl bilan bog‘liq tafovutlar natijasida yuz bergan mazmuniy o‘zgarishlar haqidagi xulosalar va faktik materiallardan Qo‘qon davlat pedagogika institutida bajarilgan AL-322103020 “Qo‘qon adabiy muhiti ijodkorlari hayoti va ijodi bo‘yicha web-sayt va platforma yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Qo‘qon davlat pedagogika institutining 2024-yil 12-dekabrdagi 1645/04-son ma’lumotnomasi). Natijada nashrlarda kuzatiladigan Qo‘qon adabiy muhitiga mansub shoirlar she’rlaridagi grafik shakl bilan bog‘liq tafovutlar tahlili ishonchliligiga erishilgan;
Abdulhamid Cho‘lponning “Somon parcha” she’ri misolida misraning band maqomini olishi, “Go‘zal Turkiston” she’ri misolida misrani alohida ajratib yozish, “Tabiat kitobidan” she’ri misolida tinish belgilarining poetik vazifadorligi haqida bildirgan fikrlaridan Andijon davlat universitetida bajarilgan A-OT-2021-57 “Cho‘lpon hayoti va ijodiy merosi manbalarining elektron platformasini va mobil ilovasini yaratish” (2021–2022) amaliy loyihada foydalanilgan (Andijon davlat universitetining 2023-yil 11-noyabrdagi 4516/02-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiyadagi grafik shakl poetikasini tadqiq etish natijalari loyihada Cho‘lpon she’riy asarlarini elektron platformaga joylash davomida e’tiborda tutilgan va foydalanuvchilarga to‘g‘ri etkazilgan;
she’r grafik shakli uning tarkibiy qismlari, uning ifoda imkoniyatlari va yangilanish tamoyillarini tushuntirishda, she’riy asarlarni tahlil qilishda Turkiya Respublikasi Karabuk universiteti Chingiz Aytmatov Adabiyot fakulteti Turk dunyosi amaliy va tadqiqot markazi mudirligi Özbekçe ve Özbek edebiyatı derslerinde, Edebiyat Fakültesi Türk Dili ve Edebiyatı Bölümünde TED730 Türk Dünyası, TRE229 Çağdaş Türk Lehçeleri 1, TRE331 Çağdaş Türk Dünyası Edebiyatı 1, TRE332 Çağdaş Türk Dünyası Edebiyatı II, TED734 Türkistan Milli Uyanış Edebiyatı darslarida foydalanilgan (Karabuk universitetining 2024-yil 27-avgustdagi E-66681389-108.99-377440-sonli ma’lumotnomasi). Natijada turk va o‘zbek adabiyotining o‘zaro mushtarak jihatlari haqida ma’lumotlar olingan, mashg‘ulotlar ilmiy-nazariy fikrlar bilan boyitilgan;
badiiy asardagi ifoda vositalari, badiiy nutqda kuzatilishi tabiiy bo‘lgan ayrim til sathlariga xos me’yordan og‘ishlar, ifoda ehtiyoji, ifodaviy mukammallikka erishish yo‘lidagi izlanishlar, grafik shakl bilan bog‘liq yangilanishlarga ijodkor munosabati haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining hisobot yig‘ilishlarida, uyushma qoshidagi ijodiy to‘garak faoliyatida, adabiy kechalarda, ijodkor yoshlar bilan uchrashuvlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2024-yil 20-dekabrdagi 01-03/990-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh ijodkorlarga she’r grafik shakli tushunchasi, uning ifoda imkoniyatlari haqida ma’lumotlar topishga va tasavvurlarini kengaytirishga turtki bo‘lgan;
yangi o‘zbek she’riyatining o‘ziga xos tomonlari, xususan, Shavkat Rahmon she’riyatining shakl va mazmun uyg‘unligi masalasidagi xulosalardan Andijon viloyat teleradiokompaniyasining “Xazinamsan, kitob” adabiy, ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvi ssenariysinini tayyorlashda foydalanilgan (Andijon viloyat teleradiokompaniyasining 2024-yil 16-dekabrdagi 01-13/245 son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv ilmiy, ma’rifiy salohiyatining yanada yaxshilanishiga, tomoshabinlarning ko‘rsatuvga bo‘lgan qiziqishining ortishiga erishilgan.