Babadjanov Farxad Kurbanbaevichning fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.  
“Davlat tilida ish yuritish va hujjatchilik taraqqiyotining  ilmiy-nazariy asoslari”, 10.00.01 – O‘zbek tili. (Filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.DSc/Fil456 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Ilmiy maslahatchi: Qozoqboy YO‘ldoshev, pedagogika fanlari doktori, professor. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Lutfullaeva Durdona Esonovna, filologiya fanlari doktori, professor Mamatov Abdugafur Eshonkulovich, filologiya fanlari doktori, professor Sobirov Abdulxay Shukirovich.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tilida ish yuritish uslubini takomillashtirish va hujjat qoliplari modellarini modernizatsiya qilishning ilmiy-nazariy asoslarini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
hujjatlarning birxillashtirilgan tizimini shakllantirish, matn qoliplarini standartlashtirish va hujjat nomlarini takomillashtirish hujjatda uzatilayotgan axborotni idrok etishni osonlashtirishi dalillangan;
ish yuritish tizimida hujjatlarning tasniflanish masalalari tahlil qilinib, hujjatlarni toifalarga, guruhlarga va turlarga ajratish tamoyillari ishlab chiqilgan hamda hujjatlarni tasniflash mezonlari takomillashtirilgan; 
hujjatning shakl va mazmuniga qo‘yiladigan kognitiv talablar, matnga qo‘yiladigan kommunikativ talablar, matn shaklining texnik talablari, matnning tuzilishi va jumla qurilishida pragmatik maqsadni ifodalash usullari takomillashtirilgan va ilmiy asoslangan;
ma’muriy-boshqaruv hujjatlari matnlarining kompozision qurilishi asoslovchi va asosiy qismdan iborat bo‘lishi, asosiy qism yetakchi axborot, aniqlik kirituvchi axborot va qo‘shimcha ma’lumot bo‘laklaridan tashkil topishi ilk bor ochib berilgan va ilmiy asoslangan;
o‘zbek tili hujjatchiligida hujjat matnlari ustida olib boriladigan lingvistik ekspertiza tadqiqotlarining mohiyatiga aniqlik kiritilgan, shakliy va mazmuniy ekspertiza tadqiqotlari farqlangan, lingvistik ekspertiza xulosalarini tayyorlash jarayoni, usullari, bosqichlari va talablari ilmiy asoslab berilgan;
hujjatlarni muntazam va erkin qolipli hujjat modellariga ajratish tamoyillari belgilangan, ularning o‘xshash va farqli jihatlari ochib berilgan, hujjat modellarini takomillashtirish bo‘yicha taklif etilgan mexanizmlar asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Davlat tilida ish yuritish va hujjatchilik taraqqiyotining ilmiy-nazariy tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“60230100 – filologiya va tillarni o‘qitish (tillar bo‘yicha)” ta’lim yo‘nalishi uchun “Davlat tilida ish yuritish” o‘quv adabiyoti yaratilgan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalarga darslik sifatida tavsiya etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 25-iyundagi 218-271 raqamli guvohnomasi);
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining o‘quv rejalariga kiritilgan “Davlat tilida ish yuritish” fani bo‘yicha o‘quv dasturlarini tuzishda tadqiqotning ilmiy natijalaridan foydalanilgan, xususan, “Davlat tilida ish yuritish” fani doirasidagi “Rasmiy uslubning o‘ziga xosligi”, “Shartnoma matnini tayyorlash”, “Buyruq matni va buyruqdan ko‘chirma tayyorlash”, “Farmoyish va ko‘rsatma loyihasini tayyorlash” kabi mavzular bo‘yicha o‘quv materiallari tayyorlashda dissertatsiyaning xulosalariga tayanilgan (Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining  2025-yil 22-yanvardagi 15-son ma’lumotnomasi);
tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy-amaliy natijalar asosida “jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha)” ta’lim yo‘nalishi uchun hammualliflikda “Ózbekshe-qaraqalpaqsha sózlik” o‘quv qo‘llanmasi yaratilgan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalarga o‘quv qo‘llanmasi sifatida tavsiya etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 22-dekabrdagi 537570 raqamli guvohnomasi);
turkiy tillarga xos tarixiy hujjatchilik atamalarining qoraqalpoq folklori va adabiyoti janrlarida aks etishi, o‘zbekcha-qoraqalpoqcha hujjat nomlarining o‘zaro uyg‘unligi, hujjatchilik bilan bog‘liq janrlar, noma janrining hujjatchilik bilan aloqalari, boshqa janrlarda rasmiy axborotni taqdim qilish usullari kabi masalalarni yoritishdagi nazariy ma’lumotlardan O‘R Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida FA-F-1-005 raqamli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunoslik tarixini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 5-dekabrdagi 563/1-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotda keltirilgan nazariy xulosalar mazkur fundamental tadqiqot loyihasini  boyitishga yordam bergan va loyiha ilmiy bazasining yanada mukammal bo‘lishi uchun xizmat qilgan;
o‘zbek tilida lug‘at yaratish bo‘yicha tajribalari, ish yuritish terminologiyasi taraqqiyoti bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqotlar sharhi, sohaviy lug‘atlarni yaratishdagi ahamiyatli masalalar, atamalarni davlat tilida izohlash tamoyillari, atamalar harxilligiga barham berish usullari xususidagi masalalarni yoritishda Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2022–2023-yilda bajarilgan AL-442105872 raqamli “Kimyo atamalarining izohli lug‘atini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining  2024-yil 11-dekabrdagi 1674-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha materiallari yangi manba va ma’lumotlar bilan yanada boyigan;
davlat tilining huquqiy maqomini tushuntirish, targ‘ib etish, “Davlat tili haqida”gi qonunning ijrosi, reklama va peshlavha yozuvlarini tartibga solish, davlat idoralarida ish yuritishni davlat tilida olib borish, hujjatlarni lotin yozuvida to‘g‘ri rasmiylashtirish, davlat tashkiloti xodimlarini hujjatchilik va ish yuritish yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitish kabi masalalarni keng ommaga targ‘ib qilish maqsadida dissertatsiya ishining natijalaridan Qoraqalpog‘iston televideniesining “Assalomu alaykum, Qoraqalpog‘iston”, “Xabar”, “Munosabat” ko‘rsatuvlarini tayyorlash jarayonida foydalanilgan, xususan, 2022-yil oktyabr oyida “Assalomu alaykum, Qoraqalpog‘iston”, “Xabar” dasturlarida, 2023-yil 5-yanvarda “Assalomu alaykum, Qoraqalpog‘iston” dasturida, 2023-yil 9-iyunda “Munosabat” dasturida, 2024-yil noyabrda “Xabar” dasturlarida dissertant ishtirok etib, davlat tilida ish yuritish masalalarining targ‘ibotini amalga oshirgan va ilmiy ishlarining xulosalari bilan tanishtirgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokanali” DMning 2025-yil 31-yanvardagi 05-22/58-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur teleko‘rsatuvlarning materiallari mazmun jihatdan yanada mukammallashgan, ularning ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish