Rustamova Nilufar Rustamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Oila huquqida oilaviy-huquqiy javobgarlikni takomillashtirish”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Yu938.
Ilmiy rahbar: : yu.f.d. professor Topildiev Voxidjon Raximjonovich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, PhD.37/27.02.2020.Y.107.01.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori Muxitdinova Farruxa Faxriddinovna, yuridik fanlar doktori, professor, Borotov Mirodiljon Xomudjonovich.
Yetakchi tashkilot: Toshkent Davlat yuridik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi oilaviy-huquqiy javobgarlik institutini atroflicha o‘rganish va tahlil qilish asosida uni huquqiy tartibga solish, shuningdek mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirish yo‘nalishlarini aniqlashtirishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
oilaviy-huquqiy javobgarlik tushunchasiga ilmiy ta’rif ishlab chiqilgan: “Oilaviy-huquqiy javobgarlik — bu oilaviy huquqiy munosabatlarda biror tomonning qonuniy yoki shartnomaviy majburiyatlarini bajarmagani uchun javobgarlikni nazarda tutadigan, oilaviy munosabatlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy muammolar va javobgarliklar bilan bog‘liq bo‘lgan oilaning yuridik munosabatlaridagi javobgarligini ifodalaydigan huquqiy tamoyil va qoidalar to‘plamidir”. Oilaviy-huquqiy javobgarlik masalalarini takomillashtirishga oid konseptual g‘oya hamda takliflar, xususan aliment to‘g‘risidagi masalalar asoslantirilgan;
ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga etmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga huquqi mavjudligi asoslab berilgan;
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan ota-ona (ulardan biri) yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolaga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilganda bola o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so‘rab vasiylik va homiylik organiga, shuningdek boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli ekanligi asoslantirilgan;
oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda qilishiga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida so‘zlashga haqliligi huquqi qonuniy asoslab berilgan.
oila huquqida oilaviy-huquqiy javobgarlikni belgilashda “Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola” tushunchasiga ya’ni “Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola — ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi yoki cheklanganligi, bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi yoxud muomalaga layoqati cheklanganligi, bolani tarbiyalashdan yoki uning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo‘yin tovlaganligi, shu jumladan, uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘uruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortganligi yoxud ota-ona qaramog‘i mavjud bo‘lmagan boshqa holatlar sababli ota-ona yoki yagona ota (ona) qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola” mazmunidagi ta’rif ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oilaviy-huquqiy javobgarlik masalalarini takomillashtirishga oid konseptual g‘oya hamda takliflar, oilaviy-huquqiy javobgarlik tushunchasiga ishlab chiqilgan ta’rif, xususan aliment to‘g‘risidagi masalalar “Jamoat xavfsizligini huquqiy ta’minlash” mutaxassisligi tinglovchilari uchun tayyorlangan “Fuqarolik va oila huquqi” darsligi (XII-bob. Oila a’zolarining huquq va majburiyatlari)da o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi OO‘MTVning 2023-yil 22-dekabrdagi 537-sonli buyrug‘i, №82 4042-sonli o‘quv adabiyotining nashr ruxsatnomasi). Ushbu berilgan ta’rif oilaviy – huquqiy munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining tegishli normalarini sharhlashda, oilaviy-huquqiy javobgarlik tushunchasiga oid ilmiy-nazariy asoslarini joriy etishda xizmat qilgan;
ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga etmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atish huquqi mavjudligiga oid taklif 2020 yil 10 martdagi “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–608-son qonunining 1-moddasi 1-bandi uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari (O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 96-moddasining to‘rtinchi qism bilan to‘ldirish)da o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024 yil 21 sentyabrdagi № 01q/08-53-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi oila huquqi subektlarining javobgarligi masalasini aniqlashtirishga xizmat qilgan;
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganda, uning o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so‘rab vasiylik va homiylik organiga, shuningdek boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqliligiga oid taklif 2020 yil 10 martdagi “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–608-son qonunining 2-moddasi 1-bandi (“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 11-moddasi beshinchi qismiga kiritilgan o‘zgartirish)da o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024 yil 21 sentyabrdagi № 01q/08-53-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi oilaviy-huquqiy javobgarlik tarkibida bolaning huquqlarini ta’minlashga hissa qo‘shgan;
oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda qilishiga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida so‘zlashga haqliligi to‘g‘risidagi taklifi 2020 yil 10 martdagi “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘RQ-608-son qonunining 1-moddasi 2-qismi ikkinchi xatboshisi (O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 68-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlar)da o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati 2024 yil 27 sentyabrdagi № 29-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi oila huquqida oilaviy-huquqiy javobgarlikni belgilashda bola huquqlarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
oila huquqida oilaviy-huquqiy javobgarlikni belgilashda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola tushunchasini takomillashtirish haqidagi taklifi 2023 yil 11 apreldagi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son qonunining 7-moddasi 1-qism ikkinchi xatboshisi (O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 80-moddasining ikkinchi qismiga kiritilgan o‘zgartirishlar)da o‘z ifodasini topgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati 2024 yil 27 sentyabrdagi № 29-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi oilaviy-huquqiy javobgarlikni belgilashda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning huquq va manfaatlarini takomillashtirishga xizmat qilgan.