Sarimsakov Akramjon Usmanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tola ajratish jarayoni samaradorligini oshirish maqsadida arrali jin ishchi kamerasini takomillashtirish», 05.06.02–«To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish» (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2018.4.PhD/T527.
Ilmiy rahbar: Muradov Rustam, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-texnologiya instituti, PhD.30.05.2018.T.66.01.
Rasmiy opponentlar: Xakimov Sherkul Sherg‘ozievich, texnika fanlari doktori; Isoxonov Xamidullo, texnika fanlari nomzodi, dotsenti
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti. Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: arrali jin ishchi kamerasini takomillashtirish orqali jinlash samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
arrali jin xomashyo valigi aylanish tezligini unga qo‘shimcha burovchi moment kiritish yo‘li bilan boshqarish usuli ishlab chiqilgan;
xomashyo valigining aylanish tezligini boshqarish uchun arrali jin ishchi kamerasi yon devoriga aylanuvchi disk o‘rnatish orqali ishchi kamera takomillashtirilgan;
arrali jin ishchi kamerasi yon devorlariga o‘rnatilgan aylanuvchi disklarga harakat berish mexanizmi jinlash jarayoni tahlili va ishchi kameraning amaldagi parametrlari asosida ishlab chiqilgan;
arrali jin xomashyo valigining aylanish tezligini oshirish qurilmasining ratsional konstruktiv va texnologik parametrlari rejali eksperimentlar natijalarini tahlil qilish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jinlangan chigitlarni ishchi kameradan chiqishini tezlashtirish va tola ajratish jarayoni samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqotlar asosida:
jin mashinasi uchun xomashyo valigi tezlatkichini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan («Arrali jinning ishchi kamerasi», FAP 00990-2015 y.). Natijada jin ishchi kamerasida xomashyo valigining arrali silindr bilan uchrashish ehtimoli oshganligi jinlash unumdorligini oshirish imkonini bergan;
xomashyo valigi tezlatkichi va arrali jin ishchi kamerasi «O‘zpaxtasanoat» AJ tizimidagi «Norin tola» AJ da joriy etilgan (“O‘zpaxtasanoat” AJ ning 2018 yil 10 avgustdagi 02-18/4756-son ma’lumotnomasi). Natijada, chigitlarning ishchi kameradan chiqib ketishi birlik vaqtda 34 % ortishi evaziga jin ish unumdorligining 12-14 % oshishiga erishilgan;
arrali jin xomashyo valigini tezlashtirish usuli va yangi ishchi kamera “O‘zpaxtasanoat” AJ tizimidagi “Kosonsoy paxta tozalash” AJ da joriy etilgan (“O‘zpaxtasanoat” AJ ning 2018 yil 10 avgustdagi 02-18/4756-son ma’lumotnomasi). Natijada, ish unumdorligining 0,8–1,0 kg/tola soat ga oshishi, tola ifloslanganlik darajasining 0,5% kamayishi, chigitlar mexanik shikastlanganligining 0,3% kamayishi, tola shtapel` uzunligining 0,2 mm ga ortishi korxonada maxsulot ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkonini bergan.