Avliyakulov Mirzoolim Avazovichning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sug‘oriladigan erlardan yil davomida samarali foydalanishning ilmiy asoslari», 06.01.02–Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Qx103.
Ilmiy maslahatchi: [Mirzajonov Qirg‘izali Mirzajonovich], qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Isaev Sabirjan Xusanbaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Ikramov Rahim Karimovich, texnika fanlari doktori, professor; Aramov Muzaffar Hoshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: janubiy mintaqa o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon va markaziy mintaqa sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida erdan yil davomida samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yiliga 2-3 martagacha hosil etishtirishning maqbul agrotexnologiya elementlarini ishlab chiqish hamda tuproq sho‘rlanishini masofaviy zondlash va geografik axborot tizimi (GAT) orqali xaritalashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor o‘tloqlashayotgan taqirsimon va sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlardan yil davomida samarali foydalanib, yiliga 2-3 marotaba hosil etishtirishning maqbul agrotexnologiya elementlari ishlab chiqilgan;
o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlardan yil davomida foydalanishning sizob suvlari sathi, mineralizatsiyasi va mavsumiy tuz to‘planish koeffisientiga ta’siri aniqlangan;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida ekinlarning sug‘orish muddatlarini barg hujayra shirasi konsentratsiyasi orqali aniqlash ilmiy asoslangan;
masofaviy zondlash va geoaxborot tizimidan (GAT) foydalanib tuproq sho‘rlanishi kuzgi bug‘doyga ta’siri orqali xaritalangan;
sug‘orish va oziqlantirish tartiblarining o‘rganilgan ekinlar o‘sishi-rivojlanishi, hosil to‘plashi va hosildorligi hamda bir dona ko‘sakdagi paxta, 1000 dona don, bir bosh karam, piyozbosh, kartoshka va pomidor vazniga ta’siri aniqlangan;
o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon va sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda erdan yil davomida foydalanishning tuproqni agrokimyoviy va agrofizikaviy xossalari o‘zgarishiga ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sug‘oriladigan erlardan yil davomida samarali foydalanish va ekinlardan yiliga 2–3 marotaba yuqori hosil etishtirish agrotexnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
dehqon-fermer xo‘jaliklari va suvdan foydalanuvchilarga qo‘llanma sifatida foydalanishi uchun «Mamlakatimiz sug‘oriladigan erlarida yangi tizimdagi meliorativ mintaqa va gidromodul hududlar bo‘yicha asosiy, takroriy, boshoqli dondan so‘ng ang‘iziga ekilgan ziroatlarning suv iste’moli va sug‘orish tartiblarini ilmiy asoslash bo‘yicha uslubiy qo‘llanma» tavsiyanomasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 23 oktyabrdagi 02/020-1505-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma dehqon-fermer xo‘jaliklari va suvdan foydalanuvchilar uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
Surxondaryo viloyatining o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida sug‘oriladigan erlardan yil davomida samarali foydalanishda Termiz, Angor, Muzrabot, Qiziriq, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Denov, Oltinsoy va Jarqo‘rg‘on tumanlari fermer xo‘jaliklarida «Buxoro-102» o‘rta tolali g‘o‘za navi jami 7,1 ming gektar, «Termiz-49» ingichka tolali g‘o‘za navi 557 gektar, kuzgi bug‘doyning «Chillaki» navi 2,1 ming gektar, arpaning «Bolg‘ali» navi esa 1,1 ming gektar maydonda maqbul parvarishlash agrotexnologiyasi joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 23.10.2018 y., 02/020-1505-son ma’lumotnomasi). Ushbu agrotexnologiya joriy etilishi evaziga o‘simlikning jadal o‘sib rivojlanishi, hosil to‘plashi yaxshilanishi, paxtadan gektariga 3-5 sentner, kuzgi bug‘doy va arpadan 7-8 sentner qo‘shimcha hosil olishga hamda rentabellik oshishiga erishilgan;
janubiy mintaqa Surxondaryo viloyati o‘tloqlashayotgan taqirsimon tuproqlarida bir daladan yiliga 2–3 martagacha hosil etishtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan agrotexnologiyalar boshoqli don ekinlari ang‘izida makkajo‘xori don va ko‘k massa uchun 80 gektar, makkajo‘xoridan so‘ng kechki oqbosh karam va piyoz navlari jami 40 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 23 oktyabrdagi 02/020-1505-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida sug‘oriladigan erlardan yil davomida samarali foydalanish va bir daladan yiliga 2–3 marotaba hosil etishtirishga erishilib, tuproq unumdorligi saqlanishi, ekinlardan yiliga 2–3 marotaba hosil etishtirishning iqtisodiy samaradorligi o‘ta yuqori bo‘lishi, boshoqli don ekinlari ang‘izida parvarishlangan makkajo‘xoridan 4–5 sentner, oqbosh karam va piyozdan 6–7 t/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan;
sug‘oriladigan erlardan yil davomida samarali foydalanib, bitta daladan yiliga 2-3 marotaba hosil etishtirish agrotexnologiyasi Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 128,0 gektar, Bekobod tumanida 143,0 gektar, Piskent tumanida 242,0 gektar, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tajriba maydonlarida 33,0 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 23 oktyabrdagi 02/020-1505-son ma’lumotnomasi). Natijada ekinlarning o‘sib rivojlanishi yaxshilanib, g‘o‘zaning «Sulton» navidan gektariga 4,0–4,9 sentner, kuzgi bug‘doyning «Chillaki» navidan 7-8 sentner, kuzgi bug‘doy ang‘iziga ekilgan moshning «Durdona» navidan 2,3-2,6 sentner, pomidorning «TMK-22» navidan 4,7–5,4 sentner, kartoshkaning «Akrab» navidan 4,8–5,6 sentner qo‘shimcha hosil etishtirishga hamda rentabellikning 15–20 foizga oshishiga erishilgan.