Norkulov Usmankulning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tuproq sho‘rini yuvishda suvni tejash texnologiyalarining ilmiy va amaliy asoslari», 06.01.02– Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/Qx95.
Ilmiy maslahatchi: Xamidov Muxammadxon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Mambetnazarov Bisenbay Satnazarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Isashev Anvarjon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, Kurvantaev Raxmontoy, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan tuproqlar sho‘rini yuvishda suvni tejash hamda sho‘rxok gipsli tuproqlarni har xil usulda melioratsiya qilishning (ikki yarusli zovurlashtirish, chuqur yumshatish, chuqur tilmalash va sho‘r yuvish) tuproqni suv va tuz tartiblariga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan erlarda kuzgi bug‘doy, kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekin sifatida ekilgan makkajo‘xori va g‘o‘zani o‘zaro qisqa rotatsiyali almashlab va navbatlab ekishda tuproqni suv va tuz tartiblari hamda mavsumiy tuz to‘planish jarayonlari aniqlangan;
o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan erlarda kuzgi bug‘doy, kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekin sifatida ekilgan makkajo‘xori va g‘o‘za ekilgan maydonlarida erdan yil davomida foydalanishda tuproqdagi tuz va suv muvozanati (kirim va sarflanish me’yorlari) aniqlangan;
mazkur ekinlar joylashuvida tuproqda mavsumiy tuz to‘planishi miqdori va tuproq namligiga bog‘liq holda sho‘r yuvish muddatlari, me’yorlari va usullari ishlab chiqilgan;
sho‘rxok gipsli erlarda amalga oshirilgan meliorativ tadbirlarning (ikki yarusli zovurlashtirish, chuqur yumshatish, chuqur tilmalash, sho‘r yuvish) tuproq agrofizikaviy, suv-fizik va agrokimyoviy xossalariga ta’siri aniqlangan;
ikki yarusli zovurlashtirish, chuqur yumshatish, chuqur tilmalash va sho‘r yuvishning sizot suvlari joylashish chuqurligi, ularni minerallashganlik darajasi, zovur suv oqimi, tuproqning tuz tartibiga uzoq muddatli ta’sir etishi aniqlangan;
sho‘rxok gipsli tuproqlarni melioratsiya qilish va ulardan samarali foydalanish texnologiyalari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sho‘rlangan maydonlarda tuproq sho‘rini yuvishda sug‘orish suvlarini tejash texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
sho‘rlangan sug‘oriladigan maydonlarda tuproq sho‘rini yuvishda fermer xo‘jaliklari uchun qo‘llanma sifatida «Sho‘r yuvishda suvdan samarali foydalanish» nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 noyabrdagi 02/032-217-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma Sirdaryo viloyatining sho‘rlangan maydonlarida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida tuproqning sho‘rini yuvishda asosiy qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan o‘tloqlashgan och tusli bo‘z tuproqlarda g‘o‘za qator orasini kuzgi bug‘doy ekishdan oldin 18-20 sm chuqurlikda yumshatish, ekishdan keyin kuzgi bug‘doy maydoni sho‘rini yuvish uchun egat uzunligi har 50 metr o‘qariqlar bilan chegaralangan holda sho‘r yuvish texnologiyasi Sirdaryo viloyati Xovos tumani fermer xo‘jaliklarida 200 gektar, Oqoltin tumani fermer xo‘jaliklarida 200 gektar, jami 400 gektar kuzgi bug‘doy maydonlariga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 noyabrdagi 02/032-217-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida o‘rtacha sho‘rlangan maydonlarda jami gektariga 3000–3500 m3 me’yorda erni yumshatishdan oldingi urug‘ suvi birga sarflanib, tuproqning 1 metr qatlamidagi tuzlar miqdori 0,036–0,045 foizdan (xlor ioni bo‘yicha) 0,01 foizgacha yuvilgan, kuzgi bug‘doy don hosildorligi gektariga 33,5–43,7 sentnerni tashkil etgan, sug‘orish suvlari 30 foizgacha tejalgan hamda gektaridan 243700 so‘m sof foyda olishga erishilgan;
kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekin sifatida makkajo‘xori ekilgan maydonning sho‘rini yuvish uchun erni kuzda shudgorlash (30 sm chuqurlikda), tekislash va qator orasi 60 sm bo‘lgan egatlar olish hamda har 50 metr oraliqda o‘qariqlar bilan chegeralangan holda sho‘r yuvish texnologiyasi Xovos tumani fermer xo‘jaliklarida 50 gektar, Oqoltin tumani fermer xo‘jaliklarida 50 gektar jami 100 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 noyabrdagi 02/032-217-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘rtacha sho‘rlangan maydonlarda sho‘r yuvish uchun gektariga 2400 m3 suv sarflangan, tuproqning 1 metr qatlamidagi tuzlar miqdori 0,028–0,034 foizdan (xlor ioni bo‘yicha) 0,01 foizgacha kamaygan, makkajo‘xorining don hosildorligi gektaridan 17,0–28,5 sentner, poya hosildorligi 167,7–195,0 sentnerga oshgan va iqtisodiy samardorlik gektariga 1014600 so‘mni tashkil etgan;
o‘tmishdosh ekin kuzgi bug‘doy bo‘lib, g‘o‘za ekilgan maydonning sho‘rini yuvish uchun kuzgi shudgor, tekislash va qator oralig‘i 60 sm va uzunligi har 50 metrda o‘qariqlar olingan holda sho‘r yuvish texnologiyasi Xovos tumani fermer xo‘jaliklarida 200 gektar, Oqoltin tumani fermer xo‘jaliklarida 150 gektar, jami 350 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 noyabrdagi 02/032-217-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘rtacha sho‘rlangan maydonlarga sho‘r yuvish uchun gektariga 3380 m3 suv sarflangan, tuproq tarkibidagi tuzlar miqdori (xlor ioni bo‘yicha) 0,039 foizdan 0,018 foizgacha kamaygan va gektaridan 9,2 sentner qo‘shimcha paxta hosili olishga erishilgan;
sho‘rxok gipsli tuproqlarni melioratsiya qilish uchun ikki yarusli zovur barpo qilinib (birinchi yarus-yopiq chuqur zovur 2,5–3,0 metr, oralig‘idagi masofalar 70 metr, ikkinchi yarus-yopiq yuza zovur 1,0–1,20 metr chuqurlikda, orasidagi masofa 30,0–33,0 metr) erni shudgorlash (30–40 sm), erni chuqur yumshatish (70–80 sm) va tilmalash (120 sm) asosidagi sho‘r yuvish texnologiyasi Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi fermer xo‘jaliklarida 32 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 noyabrdagi 02/032-217-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida tuproq kuchli sho‘rlangan va sho‘rxok darajasidan kuchsiz hamda o‘rtacha sho‘rlanish darajasigacha pasaygan va g‘o‘zadan gektaridan 24,0 sentner paxta hosili olingan.