Asadullaev Ulug‘bek Maqsudovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Okklyuzion gidrotsefaliya bilan asoratlangan bosh miya o‘smalarini tashxislash va jarrohlik yo‘li bilan davolash usullarini takomillashtirish», 14.00.28–Neyroxirurgiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2. DSc/Tib183.
Ilmiy maslahatchi: Kariev Gayrat Maratovich, tibbiyot fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy neyroxirurgiya tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.28.02.2018.Tib.62.01.
Rasmiy opponentlar: Yoko Kato, tibbiyot fanlari doktori, professor (Yaponiya); Axmediev Maxmud Mansurovich, tibbiyot fanlari doktori; Shodiev Amirqul Shodievich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buyuk Britaniya The University of Sheffield Royal Hallamshire Hospital.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ikkilamchi OGS bilan asoratlangan bosh miya chuqur tuzilmalari o‘smalari bo‘lgan bemorlarda kasallikning og‘irligini hisobga olgan holda diagnostika va xirurgik davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ikkilamchi OGS bilan asoratlangan bosh miya o‘smalari bo‘lgan bemorlarning og‘irlik darajasini baholash tartibi ishlab chiqilib, uning asosida yaratilgan kasallikning og‘irlik darajasini integral baholash algoritmi o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va davolashning adekvat taktikasini belgilashga imkon berishi isbotlangan;
postoperatsion likvoreya, psevdomeningotsele va yiringli yallig‘lanish asoratlarini oldini olishga va miya qattiq pardasi defekti plastikasi uchun autoto‘qima ajratishga imkon beruvchi suboksipital jarrohlik kraniotomiyasi va qo‘shimcha Torkil`dsen ventrikulotsisternostomiyasida qo‘llaniladigan modifikatsiyalangan Y-simon teri kesimi ishlab chiqilgan;
bosh miya o‘smalari bo‘lgan bemorlarda ikkilamchi OGS darajasini ishonchli aniqlash uchun MRT o‘rta sagittal kesimlarida MPDning diagnostik va prognostik ahamiyati isbotlangan;
likvor sirkulyasiyasini qayta tiklash imkonini beruvchi endoskopik ventrikulotsisternostomiya (EVSS) yordamida bajariladigan ikki bosqichli operatsiyalar ustunligi isbotlangan;
ikkilamchi OGS darajasini, bosh miya o‘smasi hajmini va sifatini, MPD o‘lchamlarini hisobga olgan holda individual xirurgik taktika ishlab chiqilgan;
bosh miya o‘smalarini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashda intraoperatsion akustik miya ustuni potensiali (AMUP)ni qo‘llash xirurgik agressiyani nazorat qilishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
OGS bilan asoratlangan bosh miya o‘smalari bo‘lgan bemorlarda tashxislash va xirurgik davolash bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari asosida:
«Bosh miya o‘smalarida jarrohlik taktikasini yaxshilash» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 21 sentyabrdagi 8n-r/186-son ma’lumotnomasi). Ushbu uslubiy tavsiyanoma bemorlarda OGS bilan asoratlangan bosh miya o‘smasini davolash taktikasini takomillashtirish va ikkilamchi OGS darajasini, bosh miya o‘smasi hajmini, xirurgik uslubini tanlash dasturi taklif etilgan va bemorlarda individual xirurgik taktikani belgilash imkonini bergan;
OGS bilan asoratlangan bosh miya o‘smalari bo‘lgan bemorlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasi, Samarqand davlat tibbiyot institutining 1-son klinikasi, Andijon viloyat onkologik dispanseri amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 21 sentyabrdagi 8n-r/186-son ma’lumotnomasi). Natijada bemorlarda asoratlar 2,7 va o‘lim 1,5 barobarga kamaygan.