Orinbaev Aymurat Baxadurovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): “Elektr energiyasini uzatish xarajatlarini optimallashtirishning matematik modeli va algoritmlari”, 05.01.07 - Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/T4183.
Ilmiy rahbar: Uteuliev Nietbay Uteulievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy kengash raqami: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.13/30.12.2021.T.142.01.
Rasmiy opponentlar: Urunbaev Erkin, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent; Boltibaev Shuxratjon Komiljanovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi elektr energiyasini uzatish xarajatlarini optimallashtirishning matematik modellari, hisoblash algoritmlari va dasturiy majmuasining tarkibiy tuzilmasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Taqdiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
elektr tarmoqlaridagi texnik cheklovlarni hisobga olgan holda, iste’molchilarning oldindan ma’lum talablarida elektr energiyasini uzatish xarajatlarini optimallashtirishga yo‘naltirilgan deterministik model takomillashtirilgan;
iste’molchilar talablari tasodifiy miqdorga bog‘liq bo‘lgan sharoitlarda, texnik cheklovlarni hisobga olgan holda elektr energiyasini uzatish xarajatlarini minimallashtirishga yo‘naltirilgan stoxastik modellar ishlab chiqilgan;
elektr energiyasini uzatish xarajatlarini optimallashtirishning deterministik va deterministik dinamik modellarni sonli echishda ichki nuqta usuli qo‘llanilgan, shuningdek, stoxastik va stoxastik dinamik modellarni echishda stoxastik kvazigradient va ikkilik gradient metodlarini birgalikda qo‘llashga asoslangan hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan;
deterministik, deterministik dinamik, stoxastik va stoxastik dinamik masalalar va ularni echish algoritmlari uchun dasturiy majmuaning tarkibiy tuzilmasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ishlab chiqilgan matematik modellar va algoritmlar, shuningdek, dasturiy majmua asosida olingan natijalar:
elektr energiyasini uzatish jarayonidagi xarajatlarni optimallashtirishga mo‘ljallangan deterministik model Chimboy tumani elektr tarmoqlariga joriy etilgan (“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining 2024-yil 25-dekabrdagi 01-05-20/749-sonli ma’lumotnomasi). Natijada elektr energiyasini uzatish xarajatlarini 2-3% ga kamaytirish imkonini bergan;
elektr energiyasini uzatish xarajatlarni minimallashtirishga yo‘naltirilgan stoxastik modellar, algoritmlar va dasturiy majmua Nukus shahar elektr tarmoqlariga joriy qilingan (“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining 2024-yil 25-dekabrdagi 01-05-20/749-sonli ma’lumotnomasi). Natijada elektr energiyasini uzatishdagi texnik yo‘qotishlar bilan bog‘liq xarajatlarni 2% gacha kamaytirish imkonini bergan;
deterministik va stoxastik modellar, ularning hisoblash algoritmlari asosida ishlab chiqilgan dasturiy majmua “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Qoraqalpog‘iston hududiy filiali elektr tarmoqlariga joriy etilgan (“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining 2024-yil 25-dekabrdagi 01-05-20/749-sonli ma’lumotnomasi). Natijada elektr tarmoqlarni loyihalashtirish uchun zarur bo‘lgan vaqt sarfi 15% gacha, mehnat sarfi esa 10% gacha kamaytirish imkoni yaratilgan.