Adizova Obodon Istamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Adabiyotshunos Aziz Qayumov tadqiqotlarida biografik metodning o‘rni” 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil389.
Ilmiy rahbar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.30.05.2018.Fil.70.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Boynazar Yo‘ldoshev filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: adabiyotshunos Aziz Qayumovning tadqiqotlarida biografik metodning o‘rnini aniqlash va olimning undan foydalanish mahoratini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
adabiyotshunoslikda biografik metodning ilmiy ijodga va biografik janrning badiiy adabiyotga xosligi Aziz Qayumov ijodi misolida nazariy jihatdan asoslangan;
olimning ilmiy-biografik asarlari, xotira-hikoyalari ifoda uslubi, talqin yo‘sinida biografik metodning yetakchilik qilishi ilmiylik va badiiylik konsepsiyasi nuqtai nazaridan isbotlangan;
Alisher Navoiy “Xamsa”si, devonlari, tazkira va ilmiy-tarixiy asarlari, Zahiriddin Muhammad Bobur lirikasi va “Boburnoma”si, Qo‘qon adabiy muhiti namoyandalari faoliyati talqinida tanqidchining biografik yondashuvi tarixiylik tamoyillari asosida aniqlangan;
Aziz Qayumovning tarixiy va zamonaviy biografik asarlari mavzu mundarijasi, kompozision qurilishi hamda badiiy til jihatlari, uslubdagi individuallik mahorati ilmiy dalillangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Adabiyotshunoslikda biografik metodning paydo bo‘lishi, taraqqiy qilish bosqichlari, o‘ziga xos xususiyatlari, undan tanqidchilikda foydalanish prinsiplari o‘zbek munaqqidi Aziz Qayumov yaratgan ilmiy-ommabop uslubdagi matnlar tahlili asosida o‘rganish va biografik metod tabiatini yoritish yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
biografik metodning mohiyati, o‘ziga xos xususiyatlari, shakllanish tarixi va taraqqiyot bosqichlarini o‘rganish asosiga oid nazariy xulosalardan F-1-06 raqamli “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” fundamental loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 12 oktyabrdagi 89.03–3517-son ma’lumotnomasi). Natijada Aziz Qayumovning tarixiy va zamonaviy biografik asarlari mundarijasi va til xususiyatlari tanqidchi uslubi nuqtai nazaridan yoritilishiga xizmat qilgan;
olimning ilmiy-biografik asarlari, xotira-hikoyalarida ifoda, talqin, janr, uslub masalasi, xususan, ularda biografik metodning o‘rni yoritilishi bilan bog‘liq xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Buxoro” telekanalining “Assalom, Buxoro”, “Munosabat” kabi teleko‘rsatuv va “Suhbatdosh” radioeshittirishlarida taniqli adabiyotshunos, akademik A.P.Qayumovning ilmiy tadqiqotchilik mahorati haqida aniqlangan xulosalardan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Buxoro” telekanalining 2018 yil 16 avgustdagi 1/359-son ma’lumotnomasi). Natijada mamlakatimiz ilmu fani taraqqiyotida, xalqimiz ma’naviyati yuksalishida adabiyotshunoslar mehnatining samarasi xususidagi ma’lumotlari va dunyoqarashlari kengayishiga asos bo‘lgan.