Zakurlaev Abdumutal Karimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Terrorizmga qarshi kurashning kriminalistik jihatlari», 12.00.09–Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Yu87.
Ilmiy maslahatchi: Pulatov Yuriy Sayfievich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, DSc.30.08.2018.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Po‘latov Baxtiyor Xalilovich, yuridik fanlar doktori, professor; Raximov Yo‘ldosh, yuridik fanlar doktori, professor; To‘laganova Gulchehra Zaxitovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: terrorizmga qarshi kurashning kriminalistik jihatlarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan terrorchilik harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va faktlarni xabar qilmaslik, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish va terrorizmni moliyalashtirish qilmishlari uchun jinoiy javobgarlik kiritilishi asoslangan;
terrorizm bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha jinoyat qurolining xususiyatlarini belgilash zarurligi va uning jinoyatning kvalifikatsiyasiga ta’sir etishi asoslangan;
terrorizm va ekstremizm jinoyatlarini o‘zaro farqlash, mazkur turdagi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikni individualligini ta’minlash lozimligi asoslangan;
«terrorizm» tushunchasi «tinchlik va xavfsizlikka tajovuz qilish, zo‘rlik ishlatish, uni qo‘llash bilan tahdid qilish, odamlar o‘limi va mulkning nobud bo‘lishi yoki uning xavfini tug‘dirishda ifodalanadigan, davlat va jamiyat xavfsizligini beqarorlashtiradigan, aholini qo‘rqitish va davlat hokimiyati organlariga ta’sir o‘tkazish orqali o‘zlari uchun foydali bo‘lgan qarorlarni qabul qilishga erishish maqsadida amalga oshiriladigan jinoiy qilmishlarning yig‘indisi» sifatida takomillashtirilgan;
terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarning kriminalistik tavsifi shakllantirilgan va uning tarkibiga «jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va uni sodir etish usullari, jinoyat sodir etilishi sharoitlari, jinoyat sodir etish vaqti, joyi, qo‘llanilgan qurollar, tajovuz ob’ekti, qamrab olingan hudud, izlarning paydo bo‘lishi mexanizmi, jinoiy guruhning turi va shakli, ishtirokchilarning soni, jinoyatchilarning shaxsini tavsiflovchi holatlar, jabrlanuvchilar haqidagi ma’lumotlar» kiritilib takomillashtirilgan;
terrorizm bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha tipik tergov vaziyatlari qilmish, uni sodir etish usuli, sharoiti va jinoyatchilar shaxsi to‘g‘risida etarli ma’lumotlarga ega bo‘lish bilan o‘zaro bog‘liqligi asoslangan;
terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurash jarayonida qo‘llaniladigan texnik-kriminalistik vositalarning tavsifi, turlari va shakllari, ularni qo‘llashning samaradorligi, shuningdek terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda birlamchi va keyingi tergov harakatlarini o‘tkazishning taktik xususiyatlari asoslangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Terrorizmga qarshi kurashning kriminalistik jihatlari tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va faktlarni xabar qilmaslik, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish, terrorizmni moliyalashtirish qilmishlari uchun javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi takliflardan Jinoyat kodeksini 1551-modda, 1552-modda va 1553-moddalar bilan to‘ldirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018 yil 14 noyabrdagi 06/2-06/3096vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikning muqarrarligini ta’minlanishini takomillashtirishga xizmat qilgan;
terrorizm bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha jinoyat qurolini aniqlash va belgilash to‘g‘risidagi takliflardan Jinoyat-protsessual kodeksining 2031-moddasi bilan to‘ldirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018 yil 14 noyabrdagi 06/2-06/3096vx-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy etilishi terrorizm bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovning samaradorligini oshirishga va jinoyat ishlarini yuritishda shaxs huquq va erkinliklarining kafolatlanishini rivojlanishiga xizmat qilgan;
ekstremizm tushunchasi, ekstremizmni moliyalashni ta’qiqlash, jismoniy shaxslarning ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarligi to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasining «Ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Qonunning 3-moddasi, 12-moddasi va 17-moddasining normalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018 yil 14 noyabrdagi 06/2-06/3098vx-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy etilishi terrorizm va ekstremizm jinoyatlarini o‘zaro farqlashga, mazkur turdagi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikni individualligini ta’minlashni takomillashtirishga xizmat qilgan;
terrorizm bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilishda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish, tergov harakatlarini amalga oshirishning taktik usullarini qo‘llash yuzasidan takliflardan IIV huzuridagi Tergov Departamenti tomonidan idoraviy-normativ hujjatlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Tergov bosh boshqarmasining 2015 yil 20 dekabrdagi 18/5597-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy qilinishi terrorizm bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilish metodikasini takomillashtirilishiga va tergovning samaradorligini oshirilishiga xizmat qilgan;
terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga mahkum qilinganlarning shaxsiyati, hulq-atvori, aloqalarini muntazam kuzatish va nazorat qilish to‘g‘risidagi takliflardan IIV Jazoni ijro etish Bosh Boshqarmasi tomonidan terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslar bilan o‘tkaziladigan tarbiyaviy ishlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish Bosh Boshqarmasining 2015 yil 28 dekabrdagi 28-son ma’lumotnomasi). Bu terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan mahkumlarni tarbiyalash va jamiyatga qaytarishning samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga mahkum qilingan shaxslar bilan diniy mavzudagi suhbatlar doimiy amalga oshirilishi ularni aqidaparastlik yo‘lidan qaytarish uchun samarali ekanligi haqidagi takliflardan Imom Buxoriy xalqaro markazi tomonidan terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etib sudlangan maxkumlarni qayta tarbiyalash bo‘yicha o‘quv-tarbiyaviy faoliyatida foydalanilgan (Imom Buxoriy xalqaro markazining 2015 yil 26 noyabrdagi 22/37-2198-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy etilishi diniy aqidaparastlikka berilgan ayrim shaxslarni ushbu illatdan qaytarish faoliyatining samarasi oshirilishiga xizmat qilgan.
terrorizmga qarshi kurashning kriminalistik jihatlarini o‘qitishga oid takliflardan IIV Akademiyasining kunduzgi ta’lim, rahbar kadrlarni tayyorlash, malaka oshirish, kasbiy tayyorgarlik fakul`tetlarida ta’lim jarayonida foydalanilgan (IIV Akademiyasining 2015 yil 12 noyabrdagi 38/35-347-son ma’lumotnomasi), terrorizm bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilishga oid ilmiy xulosalardan tomonidan tavsiya etilgan “Kriminalistika” darsligini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 18 avgustdagi 744-221-son ma’lumotnomasi). Bularning barchasi tinglovchi va kursantlarning terrorizmga qarshi kurashning kriminalistik jihatlarini qo‘llashga oid bilim, o‘quv va ko‘nikmalarining shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qilgan.