Jo‘raev Akmaljon Normuxamadovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Irrigatsiya eroziyasiga uchragan tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doydan yuqori hosil etishtirish agrotexnologiyasi elementlari (Toshkent viloyatining irrigatsiya eroziyasiga chalingan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida)», 06.01.01–Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik. (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx82.
Ilmiy rahbar: Hoshimov Ibrohim Nabievich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Namozov Fazliddin Baxromovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Nazaraliev Dilshod Valijonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Irrigatsiya eroziyasiga uchragan erlarda tuproq zarralarini yuvilishini kamaytirish hamda kuzgi bug‘doydan yuqori don hosili etishtirish uchun tuproqqa turlicha ishlov berib, urug‘ ekish va nihollarni parvarishlashda ma’danli o‘g‘itlarning maqbul me’yorini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor irrigatsiya eroziyasiga uchragan erlarda tuproqqa turlicha ishlov berib urug‘ ekish va ma’danli o‘g‘itlar qo‘llashni majmuiy ravishda amalga oshirib, tuproq zarrachalarini va ular tarkibidagi oziqa moddalarining yuvilishini oldini olishga ta’siri aniqlangan;
irrigatsiya eroziyasiga uchragan erlarda tuproqqa turlicha ishlov berish usullari qo‘llab kuzgi bug‘doy ekish, urug‘lik hamda ma’danli o‘g‘itlar me’yorlarini tuproqning agrofizikaviy va agrokimyoviy xossalariga ta’siri aniqlangan;
irrigatsiya eroziyasiga uchragan erlarda ekishdan oldin tuproqqa turlicha ishlov berish usullari, urug‘ ekish va ma’danli o‘g‘itlar me’yorlarini kuzgi bug‘doy o‘simligining unib chiqishi, o‘sib rivojlanishi hamda hosildorligiga ta’siri aniqlangan;
irrigatsiya eroziyasiga uchragan erlarda tuproqqa turlicha ishlov berish usullarida bug‘doy hamda ma’danli o‘g‘itlarning maqbul me’yorlarini qo‘llashning kuzgi bug‘doydagi samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Irrigatsiya eroziyasiga uchragan erlarda kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili etishtirish agrotexnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlari natijalari asosida:
g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun «Irrigatsiya eroziyasiga uchragan erlarda kuzgi bug‘doydan yuqori don hosili etishtirish bo‘yicha tavsiyalar» ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 24 sentyabrdagi 02/021–1276-son ma’lumotnomasi). Bugungi kunda ushbu tavsiyalar Toshkent viloyatining irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
tuproqqa turlicha ishlov berish usullarini qo‘llab, urug‘ ekish va ma’danli o‘g‘itlarni har xil me’yorlarda qo‘llash texnologiyalari Toshkent viloyati, Qibray tumanida irrigatsiya eroziyasiga uchragan erlarda joylashgan fermer xo‘jaliklarda jami 104 gektar maydonlarga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 24 sentyabrdagi 02/021–1276-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida tuproq unumdorligini saqlab qolish bilan birga, g‘o‘za qator orasiga 6 mln. dona urug‘ ekilib, ma’danli o‘g‘itlarning N200R150K100 me’yorlari qo‘llanilganda kuzgi bug‘doydan gektaridan 57,5 sentner, kuzda shudgorlanib gektariga 4 mln. dona urug‘ ekilib, ma’danli o‘g‘itlarning N200R150K100 me’yorlari qo‘llanilganda 60,5 sentner don hosili olingan, rentabellik darajasi 18,6–22,4 foizga yuqori bo‘lganligi kuzatilgan;
g‘o‘za qator orasiga kul`tivatsiya yordamida 12-14 sm chuqurlikda ishlov berib ekish texnologiyasi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tajriba uchastkasining 22 gektar paxta maydoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 24 sentyabrdagi 02/021–1276-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida irrigatsiya eroziyasiga uchragan maydonlarda kuzgi bug‘doy urug‘lari g‘o‘za qator orasiga kul`tivator bilan ishlov berilib, gektariga 6 mln. dona ekilganda tuproq zarrachalarining yuvilishi 25-28 foizga kamayganligi aniqlangan.