Xoliyorov Umirzoq Ergashovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rmon fondi erlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirish samaradorligini oshirish yo‘llari”, 08.00.04-“Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Iqt4664.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Sultanov Baxodir Fayzullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent irrigasiya va qishloq xoʻjaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, DSc.03/30.01.2020.I.10.03.
Rasmiy opponentlar: Narbaev Sharafiddin KenGEShovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent; Inobatov Abror Boshlarovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rmon fondi erlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘rmon fondi erlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtiruvchi sub’ektlarga ijaraga berishda ijara to‘lovlari miqdorini hududlarning geografik joylashuvi, ekin turi hamda iqtisodiy samaradorligini inobatga olgan holda tabaqali hisoblash usuli ishlab chiqilgan va taklif etilgan;
o‘rmon fondi erlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtiruvchi sub’ektlarni davlat tomonidan kredit, soliq va subsidiyalash kabi dastaklar yordamida qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari asoslangan;
o‘rmon fondi erlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtiruvchi xo‘jaliklar o‘rtasida kooperatsion munosabatlarni rivojlantirish, ularning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash maqsadida “Agroo‘rmon birlashmalari”ni tashkil etish hamda ularni iqtisodiy ragʼbatlantirish yo‘llari asoslangan;
o‘rmon fondi erlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish imkoniyati mavjud bo‘lgan er maydonlari, ijaraga berilgan er fondi, hamda sohaga kiritilayotgan investisiyalar kabi omillarni inobatga olgan holda mahsulot etishtirish hajmi o‘zgarishining 2029 yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘rmon fondi erlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘rmon fondi erlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtiruvchi sub’ektlarga ijaraga berishda ijara to‘lovlari miqdorini tabaqali hisoblash usuli Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi agentligining 2024 yil 11 noyabrdagi 03/18-6013-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rmon fondi erlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy salohiyati, joylashgan joyi va mahsulot turiga nisbatan bozor konyukturasi ta’sirida talab va taklifning hamda narxlarning shakllanishini e’tiborga olgan holda ijara to‘lovlarini tabaqali belgilash orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyati yaratiladi;
o‘rmon fondi erlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi xo‘jalik sub’ektlarini davlat tomonidan imtiyozli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi o‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi agentligining 2024 yil 11 noyabrdagi 03/18-6013-son ma’lumotnomasi). Natijada hududlar sharoiti va imkoniyatidan kelib chiqqan holda o‘rmon fondi erlarini tog‘ va tog‘oldi, cho‘l va adir, vodiy kabi zonalarga ajratib, jumladan, tog‘ zonasi uchun QMSda, cho‘l zonasi uchun QMSning 50 foizi va vodiy zonalari uchun QMSning 75 foizi stavkasida imtiyozli kredit ajratish, hosil sugʼurtasi mukofotining 50 foizini O‘rmon xoʼjaligini rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan qoplab berish, uzoq yillar ichida hosilga kiradigan mevali bog‘larni tashkil etgan xo‘jaliklarga har 1 gektarga bazaviy hisoblash miqdorining (BXM) 3 barobari, manzarali daraxtlar (palvoniya, archalar, teraklar, ko‘p yillik manzarali gullar va b.) larni parvarishlashda BHMning 2 barobari miqdorida subsidiyalar ajratish o‘rmon xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan sub’ektlarning moliyaviy imkoniyatlarini oshiradi;
o‘rmon fondi erlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtiruvchi xo‘jaliklar o‘rtasida kooperatsion munosabatlarni rivojlantirish maqsadida “Agroo‘rmon birlashmalari”ni tashkil etish taklifi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi agentligining 2024 yil 11 noyabrdagi 03/18-6013-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rmon fondi erlarining mintaqaviy xususiyatlari va toifasidan kelib chiqqan holda tabaqali sugʼurtalash usuli, xususan, cho‘l mintaqasida joylashgan o‘rmon fondi erlarida hosil sugʼurtasining 70 foizini, tog‘ oldi mintaqasida joylashganlarga hosil sugʼurtasining 50 foizini, yaylov erlarida joylashgan erlarda esa 30 foizini, organik mahsulot etishtirishni tashkil etgan hamda tegishli sertifikatlarni olgan birlashmalar uchun etishtirilgan mahsulot tannarxi hamda bozordagi o‘rtacha baho orasidagi farqning 50 foizini subsidiyalash orqali ragʼbatlantirish, etishtirilgan mahsulotning shaklidan (tovar yoki natural) kelib chiqqan holda imtiyozli kreditlashda birlashmada natural mahsulot etishtirilgan bo‘lsa va oila ehtiyojlari uchun sarf etilsa, qayta moliyalash stavkasidan 4 punkt yuqori foizlarda hamda kamida 60 foizi tovar mahsulot sifatida bozorga taqdim etilsa qayta moliyalash stavkasining 70 foizi miqdorida imtiyozli kreditlar ajratish asosida tarmoqni barqaror rivojlantirish imkoniyatlari yaratiladi;
o‘rmon fondi erlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirish imkoniyati mavjud bo‘lgan er maydonlari, ijaraga berilgan er fondi hamda sohaga kiritilayotgan investisiyalar kabi omillarni inobatga olgan holda mahsulot etishtirish hajmi o‘zgarishining 2029 yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi o‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi agentligining 2024 yil 11 noyabrdagi 03/18-6013-son ma’lumotnomasi). Hisob-kitob natijalariga asosan 2029 yilga borib, Qashqadaryo viloyati o‘rmon xo‘jaligi tizimidagi mavjud va yangi o‘zlashtirilgan er maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish hajmi 5787,8 tonnani tashkil etishi prognoz qilingan.