Lutfullaev Po‘latxon Muxibullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xorijiy oliy ta’lim muassasalarida sifat va raqobatbardoshlikni ta’minlash yo‘llari», 13.00.01–Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Ped108.
Ilmiy rahbar: Ashirboev Samixon, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti, PhD.28.09.2018.Ped.76.02.
Rasmiy opponentlar: Akramov Abdumalik Abdumutalovich, pedagogika fanlari doktori; Artikova Muhayyo Botiralievna, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: xorijiy oliy ta’lim muassasalarida sifat va raqobatbardoshlikni ta’minlash yo‘llarini tatbiq etish mexanizmini takomillashtirishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xorijiy oliy ta’lim muassasalarida sifat va raqobatbardoshlikni ta’minlash omillari (kredit tizimiga moslashish, akademik muhitning dinamik o‘zgarishi) xalqaro tajribada keng tarqalgan “bilimlarning kommersiyalanishuvi” va “transnatsional ta’lim” faoliyat mazmuni asosida aniqlashtirilgan;
oliy ta’limda sifat va raqobatbardoshlikni ta’minlashning pedagogik mexanizmlari diagnostik (Diagnostic), metrik (Metric), ichki (Internal), tashqi (external), raqobat (competitive) benchmarking usullariga ustuvorlik berish asosida takomillashtirilgan;
oliy ta’lim sifatini belgilovchi komponentlar (reyting, akademik salohiyat, kadrlar raqobatbardoshligi) o‘zaro moslik (compatibility) va o‘xshashlikni (comparability) me’yoriy tavsiflashga yo‘naltirilgan tyuning metodini “kompetensiyalarga asoslangan ta’lim berish” (competence-based learning) bilan maqbul uyg‘unlashtirish asosida takomillashtirilgan;
oliy ta’lim muassasalarida sifat va raqobatbardoshlikni ta’minlashning akademik va institusional strategik jihatdan rejalashtirish mexanizmi oliy ta’limning xalqarolashuvi jarayoni (Internationalization of Higher Education), ya’ni xorijiy talabalar sonining oshirilishi, professor-o‘qituvchilar almashinuvining ko‘payishi, xalqaro ta’limni tashkil etish orqali byudjetdan tashqari mablag‘larning oshirilishi kabi ko‘rsatkichlarga tayangan holda takomillashtirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xorijiy oliy ta’lim muassasalarida sifat va raqobatbardoshlikni ta’minlash yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
xorijiy oliy ta’lim muassasalarida sifat va raqobatbardoshlikni ta’minlash omillarini aniqlashtirishga doir taklif va tavsiyalardan Bosh ilmiy-metodik markazda oliy ta’lim muassasalari rahbar kadrlari va professor-o‘qituvchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishdagi “Sifatni ta’minlashning zamonaviy yondashuvlari”, “Ta’lim sifatini ta’minlash tizimining indikatorlari”, “Ta’lim sifatini ta’minlashda innovatsion menejment”, “Ta’lim sifatini ta’minlashda xalqaro tajribalar”, “Ta’lim sifati monitoringi va nazorati” kabi fanlarni takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 24 apreldagi 89-03-1552-son ma’lumotnomasi). Natijada xorijiy oliy ta’lim muassasalarida sifat va raqobatbardoshlikni ta’minlashga doir ta’lim mazmuni boyitilgan;
oliy ta’limda sifat va raqobatbardoshlikni ta’minlashning pedagogik mexanizmlarini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalardan pedagogika nazariyasi va tarixi mutaxassisligida o‘qitiladigan “Pedagogikaning konseptual asoslari” fani o‘quv dasturi mazmunini boyitishda hamda ta’lim muassasalarini boshqarish magistratura mutaxassisligi o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 24 apreldagi 89-03-1552-son ma’lumotnomasi). Natijada benchmarking metodi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlarini qiyosiy o‘rganish va ilg‘or tajribalar asosida takomillashtirishga erishilgan;
oliy ta’lim sifatini belgilovchi komponentlar mazmuni asosida “UZDOC 2.0 – O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida doktorantura ta’limi sifatini oshirish”, TuCAHEA – “Markaziy Osiyo oliy ta’lim maydonini yaratish yo‘lida tuzilmaviy (structural) adaptatsiya va ta’lim sifatini oshirish” mavzusidagi xalqaro loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 24 apreldagi 89-03-1552-son ma’lumotnomasi). Natijada ilg‘or xorijiy tajribalar asosida O‘zbekiston respublikasida oliy ta’lim sifatini oshirishga doir amalga oshirilayotgan ishlarni ommalashtirishga erishilgan;
oliy ta’lim muassasalarida sifat va raqobatbardoshlikni ta’minlashning akademik va institusional strategik jihatdan rejalashtirish mexanizmini takomillashtirishga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3775-son qarori ilovasi “Yo‘l xaritasi”ning 11-bandiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 20 iyuldagi 89-03-2699-son ma’lumotnomasi). Natijada tyuning va benchmarking metodini O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida qo‘llash imkoniyati yaratilgan.