Djuraeva Gul`rux Mirjalolovnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “ASEAN Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi xalqaro munosabatlar tizimida”, 23.00.04–Xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari (siyosiy fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSs/Siyos11.

Ilmiy maslahatchi: Tulyaganova Nixola O‘zbekovna siyosiy fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSs 27.06.2017. Tar/Yu/1/S/24.01.

Rasmiy opponentlar: Raximov Mirzoxid Akramovich, tarix fanlari doktori, professor; Djalilov Axtam Tashnazarovich, siyosiy fanlar doktori, professor; Xaydarov Abdusamat Axatovich, siyosiy fanlar doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: ASEANning Osiyo-Tinch okeani mintaqasida xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berish faoliyatidagi ijobiy tajribani Markaziy Osiyoda integratsion jarayonlarni amalga oshirishda qo‘llashga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Janubi-Sharqiy Osiyo integratsiya jarayonlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tomonlarning (AQSh, Xitoy, Yaponiya) pozisiyalari va ularning mintaqadagi strategik manfaatlari (AQShning “Osiyoga qaytish” siyosati, Xitoyning “Bir belbog‘-bir yo‘l” tashabbusi, Yaponiyaning “Hamkorlikni rivojlantirish Xartiyasi”) o‘zgarib borganligi asoslab berilgan;

Osiyo-Tinch okeani mintaqasida ASEAN integratsiya modelining ijobiy tajribasi (“ASEAN-2025 yil ko‘rinishi”, “Integratsiya tashabbuslari”) tizimli ravishda asoslanib berilgan;

Markaziy Osiyoda integratsion tashkilotni shakllantirish jarayonida yangi mintaqaviy tizimni yaratish taklifi ishlab chiqilgan;

 “10+1” (ASEAN mamlakatlari va O‘zbekiston) va “10+5” (ASEAN va Markaziy Osiyoning 5 ta davlati) formatidagi dialoglarni yo‘lga qo‘yish taklifi berilgan;

ASEAN investisiya hududi (AIA)da belgilangan  imtiyozlar paketini qo‘llash (bojxona tartibini soddalashtirish, investisiya bo‘yicha qonunchilikni liberallashtirish), elektron tijoratni rivojlantirish tajribasidan foydalanish: onlayn platformalar, turli xizmatlar va virtual ilovalarni ishlab chiqish, “Davlat- xususiy biznes” loyihasini amalga oshirish taklifi ishlab chiqilgan;

ASEAN davlatlarining axborot va kommunikatsiya texnologiyalar borasidagi ijobiy tajribasini qo‘llashga qaratilgan hamkorlik bo‘yicha qo‘mitalar tuzish, tegishli vazirlik va idoralarni jalb etgan holda ASEAN tashkiloti faoliyatini o‘rganish ilmiy laboratoriyasini tashkil etish zaruriyati asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

ASEAN davlatlarida siyosiy faoliyatning asosiy yo‘nalishlari va tashqi siyosiy jarayonlar kechishidagi xususiyatlari, ASEANning mintaqadagi yetakchi davlatlar (AQSh, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya) bilan dialog asosidagi hamkorligi muammolari va yutuqlari, ASEAN integratsiya modelining ijobiy tajribasi, integratsiya jarayonlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tomonlarning (AQSh, Xitoy, Yaponiya) pozisiyalari, hamda bugungi kunda ASEAN davlatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi hamkorligining muayyan yo‘nalishlari va istiqbollari bo‘yicha berilgan xulosa va takliflar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi axborot-tahliliy faoliyatida hamda turli darajadagi hamkorlar bilan uchrashuvlar va muzokoralar uchun materiallar sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2018 yil 5 iyundagi 08/24307-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif va xulosalar O‘zbekiston Respublikasining ASEAN davlatlari bilan siyosiy va ijtimoiy-madaniy sohalaridagi hamkorligini kengaytirishga xizmat qilgan;

Markaziy Osiyoda integratsion tashkilotni shakllantirish jarayonida ASEAN davlatlari kabi mintaqaviy institusionalizatsiya darajasini oshirishga yo‘naltirilgan yangi mintaqaviy strukturasini yaratish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan axborot-tahliliy materiallar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2018 yil 5 iyundagi 08/24307-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan yangi tashqi siyosat yo‘nalishi qurilishida va hamkorlikka ochiq davlat sifatidagi imidjini qaror toptirishda xizmat qilgan;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ASEAN+O‘zbekiston Respublikasi hamda ASEAN+ Markaziy Osiyoning 5 ta davlati formatidagi dialoglarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha takliflar Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan xorijiy hamkorlar bilan mintaqaviy tuzilmalarning uchrashuvlari va muhokamalari jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining 2018 yil 6 iyundagi 04/1223-son ma’lumotnomasi).Ushbu xulosa va takliflar ASEAN mamlakatlarning ichki muammolari echimini barcha ishtirokchilarning manfaatlarini hisobga olgan holda birgalikda izlash borasidagi amaliy talablarga asoslangan tajribasini Markaziy Osiyo mintaqasida joriy qilish imkoniyatini bergan;

O‘zbekiston Respublikasi ASEAN davlatlari bilan har tomonlama hamkorligini rivojlantirish maqsadida ASEANning savdo sotiqni muvofiqlashtirish sohasida erishgan yutuqlarini O‘zbekiston Respublikasida joriy etish, shu jumladan qo‘shma korxonalar sonini yanada ko‘paytirish, O‘zbekiston vakillarining ixtisoslashgan xalqaro ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishlarini ta’minlash, ASEAN investisiya hududi (AIA)da belgilangan, imtiyozlar paketini qo‘llash, elektron tijoratni rivojlantirish tajribasini qo‘llash: onlayn platformalar, turli xizmatlar va virtual ilovalarni ishlab chiqish, “Davlat-xususiy biznes” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining yillik hisobot hujjatlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining 2018 yil 23 maydagi SS-v-02/03-2316-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif va tavsiyalar Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan tashqi siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda milliy tovarlar eksport hajmini oshirish, mamlakatimiz investision faoliyatini kengaytirishga xizmat qilgan;

amaldagi ASEAN doirasida axborot va kommunikatsiya texnologiya­laridan foydalanish bilan bog‘liq Markaziy Osiyoda mintaqaviy jarayonlarni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va amaliy tavsiyalar, shu jumladan, ASEAN davlatlarining axborot va kommunikatsiya texnologiyalar borasidagi tajribasini qo‘llashga qaratilgan hamkorlik bo‘yicha qo‘mitalar tuzish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan axborot-tahliliy hujjatlar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2018 yil 5 iyundagi 08/24307 son ma’lumotnomasi). Bu taklif va tavsiyalar Markaziy Osiyoda kommunikatsiya va texnologiya sohasi rivojlanishiga, mintaqa davlatlari faoliyati haqida axborot olinishida tezlik va qulaylikni ta’minlashga xizmat qilgan;

Rossiya Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi, Indoneziya va Malayziya Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutini jalb etgan holda ASEAN tashkiloti tajribasini o‘rganish ilmiy laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha takliflar Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan ilmiy-tahliliy hujjatlar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining 2018 yil 6 iyundagi 04/1223 son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar ASEAN tashkilotining ijobiy islohotlarini Markaziy Osiyo mintaqasida qo‘llanilishini mamlakatimiz turistik salohiyati yuksalishini ta’minlagan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish