Boymanov Farxod Xolboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Milliy o‘zbek pichoqlari bilan etkazilgan sanchilgan-kesilgan jarohatlarning morfologik va metrik xususiyatlari», 14.00.24–Sud tibbiyoti (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Tib370.
Ilmiy rahbar: Indiaminov Sayit Indiaminovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Giyasov Zaynitdin Asomitdinovich, tibbiyot fanlari doktori professor; Xvan Oleg Innokentievich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: jarohatlovchi vosita identifikatsiyasi maqsadida milliy o‘zbek pichoqlari konstruktiv xususiyatlarini hamda biologik va nobiologik to‘qimalarga etkazilgan sanchilgan-kesilgan jarohatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini tizimlashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
keng tarqalgan oshxona pichoqlaridan farq qiluvchi o‘zbek milliy pichoqlarining tuzilish jihatdan o‘ziga xos shakllari hamda boshqalaridan farqli xususiyatlari asoslangan;
o‘zbek milliy pichoqlarining terida qoldirgan sud tibbiy tashxisoti, morfologik va metrik belgilari ekspertiza materiallari asosida tizimlashtirilgan;
eksperimental materialda milliy o‘zbek pichoqlarning biologik to‘qimalardagi teri, tog‘ay, ichki organlarda qoladigan trassologik tavsifi baholangan;
milliy o‘zbek pichoqlarning keng tarqalgan oshxona pichoqlariga nisbatan nobiololgik to‘qimalarni jarohatlashda ko‘rsatadigan ta’sirining o‘ziga xos xususiyatlari isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Milliy o‘zbek pichoqlari bilan etkazilgan sanchilgan-kesilgan jarohatlarning morfologik va metrik xususiyatlarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Milliy o‘zbek pichoqlari ta’sirida etkazilgan sanchilgan-kesilgan jarohatlarning sud tibbiy ekspertizasi» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 2 noyabrdagi 8n-d/238-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma sanchilgan-kesilgan jarohatlarda iz xosil bo‘lish mexanizmi, milliy pichoqlarni nafaqat sanchuvchi-kesuvchi, balki sanchuvchi-chopuvchi xususiyatlari hisobiga yuqori darajadagi jarohatlovchi ta’siri eksperimental jihatdan asoslanishini o‘rganish imkonini bergan;
«Sanchilgan-kesilgan jarohatlarning sud tibbiy ekspertizasi» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 2 noyabrdagi 8n-d/238-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma aynan oshxona pichog‘ining morfologik va metrik hususiyatlarini va jarohatga qarab konstruksiyasini aniqlash imkonini bergan;
Milliy o‘zbek va oshxona pichoqlari bilan etkazilgan sanchilgan-kesilgan jarohatlarning morfologik va metrik xususiyatlarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Farg‘ona va Namangan viloyatlari sud-tibbiy ekspertiza Byurolari morfologik va tibbiy-kriminalistik bo‘limlari ekspertlari sud-tibbiy ekspertiza amaliyotiga tatbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 8 noyabrdagi 8n-z/199-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy qilinishi sud tibbiy ekspertiza sifatini yaxshilash imkoniyatini yaratgan.