Oripov Shukrullo Abdusalomovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bessel operatori qatnashgan to‘rtinchi tartibli giperbolik va psevdogiperbolik tenglamalar uchun masalalar” 01.01.02-Differensial tenglamalar va matematik fizika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № V 2024.2.PhD/FM1058
Ilmiy rahbar: Karimov Shaxobiddin Tuychiboevich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.FM.05.04.
Rasmiy opponentlar: Xasanov Anvardjan, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Ergashev Tuxtasin Gulamjanovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi almashtirish operatorlari va Riman usuli yordamida singulyar koeffisientli xususiy hosilali differensial tenglamalar uchun boshlang‘ich va chegaraviy masalalarni qo‘yish va o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Bessel operatori qatnashgan differensial tenglamalar uchun almashtirish operatorlari yordamida Riman funksiyasini qurish usuli ishlab chiqilgan;
vaqt o‘zgaruvchisi bo‘yicha Bessel operatori qatnashgan to‘rtinchi tartibli giperbolik tenglama uchun topilgan Riman funksiyasidan foydalanib Koshi masalasining bir qiymatli echilishi isbotlangan;
fazoviy o‘zgaruvchisi bo‘yicha Bessel operatori qatnashgan to‘rtinchi tartibli giperbolik tenglama uchun Koshi masalasining bir qiymatli echilishi almashtirish operatorlari va Riman usullaridan foydalanib isbotlangan;
Bessel operatori qatnashgan psevdogiperbolik Bussineska-Lyav tenglamasi uchun Koshi va Gursa masalalarining echimlari almashtirish operatorlari va Riman usulidan foydalanib topilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Bessel operatori qatnashgan to‘rtinchi tartibli giperbolik va psevdogiperbolik tenglamalar uchun masalalarni tadqiq qilish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Bessel operatori qatnashgan to‘rtinchi tartibli Bussineska-Lyav tenglamasi uchun qurilgan Riman funksiyasi hamda Koshi va Gursa masalalarining echim formulalaridan № 23-21-10015-sonli xorijiy grantda psevdogiperbolik tenglamalar va koeffisientlari maxsuslikka ega bo‘lgan differensial tenglamalar uchun chegaraviy masalalarni echishda foydalanilgan (Rossiya Ta’lim va fan vazirligi Chelyabinsk davlat universitetining 2024-yil 8-oktyabrdagi №13-8-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ba’zi noklassik differensial tenglamalar uchun echimning integral ko‘rinishini topish va ularni amaliy masalalarga tatbiq qilish imkonini bergan;
koeffisientlari maxsuslikka ega bo‘lgan to‘rtinchi tartibli giperbolik tipdagi tenglama va Bussineska-Lyav tenglamasi uchun boshlang‘ich va chegaraviy masalalarning echimlarini qurish bo‘yicha olingan natijalardan “Bisingulyar masalalar va ularning tatbiqlari” nomli xorijiy ilmiy loyihada psevdogiperbolik va singulyar koeffisientli differensial tenglamalar uchun chegaraviy masalalarning echimini qurishda foydalanilgan (O‘sh davlat universitetining 2024-yil 25-noyabrdagi №1576-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, amaliy masalalar echimlarining integral ko‘rinishlarini topish imkonini bergan.