Gandjaeva Lola Atanazarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kuzgi bug‘doy navlarining ekish muddati, o‘g‘it me’yorlari va sug‘orish tartiblarining hosildorlikka ta’sirini baholash», 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx137.
Ilmiy rahbar: Satipov Gaipnazar Matvapaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Atabaeva Halima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Abduraxmonov Sodiqjon Obidovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Don va don-dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm viloyatining o‘tloqi-allyuvial tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyning «Grom», «Kuma», «Asr», «Andijon-2» va «Zvezda» navlarining maqbul ekish muddatlari, o‘g‘it me’yorlari va sug‘orish tartiblariga bog‘liq holda don hosildorligi hamda sifatiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Xorazm viloyatining o‘tloqi-allyuvial tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy navlaridan yuqori va sifatli don hosili etishtirish agrotexnologiyalari takomillashtirilgan;
o‘tloqi-allyuvial tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doy navlari urug‘ining sifat ko‘rsatkichlariga ekish muddatlari, o‘g‘it me’yorlari va sug‘orish tartiblarining ta’siri aniqlangan;
kuzgi bug‘doy navlarining hosildorligi, don sifati, ang‘iz va ildiz qoldiqlari hamda ular tarkibidagi umumiy NPK miqdorlari ekish muddatlari, o‘g‘it me’yorlari va sug‘orish tartiblarining ta’siri aniqlangan;
kuzgi bug‘doy navlarining maqbul ekish muddati va o‘g‘it me’yorlari hamda sug‘orish tartiblari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xorazm viloyatiningo‘tloqi-allyuvial tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy navlarining maqbul agrotexnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
kuzgi bug‘doy navlaridan yuqori don hosili etishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirish borasida «Kuzgi bug‘doy navlarining ekish muddati, o‘g‘it me’yorlari va sug‘orish tartiblarini hosildorlikka ta’sirini baholash» bo‘yicha tavsiyanoma ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 27 avgustdagi 02/021-228-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma bugungi kunda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
Xorazm viloyatining o‘tloqi-allyuvial tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy navlaridan yuqori don hosili etishtirish agrotexnologiyalari Gurlan tumanidagi «Jahongir Xolnazar» fermer xo‘jaligida 45 gektar, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasi dala maydonida 35 gektar, Shovot tumanidagi «Matkarimov Rustam» fermer xo‘jaligida 18 gektar, «Yangiboev Ozod bog‘i» fermer xo‘jaligida 10 gektar, «Abdulla Tojiboy Qalandar» fermer xo‘jaligida 15 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 27 avgustdagi 02/021-228-son ma’lumotnomasi). Natijada, kuzgi bug‘doy navlari 1-10 oktyabrda ekilib, ChDNS ga nisbatan 65-70-60 foiz tartibda sug‘orilib, «Grom» va «Zvezda» navlarini ma’dan o‘g‘itlar N200P140K100 kg/ga me’yorida, «Kuma», «Asr», «Andijon-2» navlarini esa N150P100K75 kg/ga me’yorida oziqlantirib, oddiy sharoitda ekilgan g‘alla maydonlariga nisbatan 15-20 sentner qo‘shimcha sifatli don hosili etishtirishga erishilgan;
o‘tloqi-allyuvial tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy navlaridan yuqori don hosili etishtirishning maqbul agrotexnologiyalari Yangibozor tumanining «OS» fermer xo‘jaligida 40 gektar, Urganch tumanining «Urganch Paxtakor Agro» fermer xo‘jaligida 40 gektar maydonda jami 203 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 27 avgustdagi 02/021-228-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida kuzgi bug‘doydan yuqori don hosili olishga erishilgan hamda rentabellik darajasi 22,7-34,4 foizni tashkil etgan.