Salimov Ilhom Xaitovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qoramollar qorason kasalligining maxsus profilaktikasi», 16.00.03–veterinariya mikrobiologiyasi, virusologiyasi, epizootologiyasi, mikologiyasi, mikotoksikologiyasi va immunologiyasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/V13.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.
Ilmiy rahbar: Abdusattarov Abdusalom Abdusattarovich, veterinariya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand veterinariya medisinasi instituti, DSc.30.08.2018.V.12.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: «Qoramollarning qorason kasalligiga qarshi vaksina tayyorlash uchun Clostridium chauvoei T-04 shtammi» (IAP 04045); «Yirik va mayda shoxli hayvonlarning emfizematoz karbunkul kasalligiga qarshi alyumin gidrooksidli formolvaksina» (IAP 04609); «Qo‘ylarning bradzot kasalligiga qarshi vaksina tayyorlash uchun Clostridium oedematiens Q-10 shtammi» (IAP 04857).
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 21 maydagi 01-11/1326-son; 01-11/1327-son va 01-11/1328-son xulosalari.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda qoramollarning qorason kasalligini epizootik holati va tarqalganlik darajasini aniqlash, kasallikka o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘yish, oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda qorason kasalligiga qarshi vaksinani qo‘llashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikada qoramollarning qorason kasalligini epizootologiyasi, tarqalganligi, kechishi, klinik belgilari va patologoanatomik o‘zgarishlari aniqlangan;
qorason kasalligi qo‘zg‘atuvchisining mahalliy shtammlari ajratilgan hamda ularni kul`tural-morfologik va biologik xususiyatlari aniqlangan;
mahalliy shtammlardan qoramol va qo‘ylarning qorason kasalligiga qarshi konsentrlangan alyumin gidrooksidli formolvaksinaning tajriba seriyasi yaratilgan;
qoramol va qo‘ylarning qorason kasalligiga qarshi konsentrlangan alyumin gidrooksidli formolvaksinani immunogenligi, immunitet davomiyligi va maqbul dozasi dengiz cho‘chqachalari, qo‘y va buzoqlarda aniqlangan;
vaksinaning immunogenligi ishlab chiqarish sharoitida sinovdan o‘tkazilgan;
yaratilgan vaksinani tayyorlash va biologik nazorat qilish bo‘yicha qo‘llanma, uning tashkilot standarti (texnik shartlari) va qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qoramollarning qorason kasalligining maxsus profilaktikasi bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
«Yirik va mayda shoxli hayvonlarning emfizematoz karbunkul kasalligiga qarshi alyumin gidrooksidli formolvaksina» ishlanmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi intelektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP 04609). Natijada yirik va mayda shoxli hayvonlarda emfizematoz karbunkul kasalligiga qarshi vaksinani qo‘llash orqali veterinariya amaliyotida yuqori profilaktik samaradorlikka erishilgan;
chorvachilik fermer xo‘jaliklariga qo‘llanma sifatida «Yirik va mayda shoxli hayvonlarning emfizematoz karbunkul kasalligiga qarshi alyumin gidrooksidli formolvaksinani qo‘llash» bo‘yicha Yo‘riqnoma ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining 2018 yil 23 yanvardagi 02/14-47 son ma’lumotnomasi). Mazkur yo‘riqnoma respublikamizning chorvachilik xo‘jaliklarida yirik va mayda shoxli hayvonlarning emfizematoz karbunkul kasalligini oldini olishda qo‘llanma sifatida keng qo‘llanilgan;
alyumin gidrooksidli formolvaksinasi Samarqand, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarining chorvachilik xo‘jaliklarida qoramol va qo‘ylarning qorason kasalligini oldini olish jarayonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining 2018 yil 23 yanvardagi 02/14-47-son ma’lumotnomasi). Natijada emlangan qoramol va qo‘ylarda olti oy davomida qorason bilan kasallanish holatlari kuzatilmagan, vaksinaning immunogenlik samaradorligi 100 foizni tashkil etgan;
alyumin gidrooksidli formolvaksinasi Samarqand, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlari fermer xo‘jaliklaridagi 21 ming bosh qoramol va qo‘ylarda qorason kasalligining profilaktikasi jarayonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining 2018 yil 23 yanvardagi 02/14-47-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu vaksinani qo‘llash hisobiga o‘rtacha 720,0 mln. so‘m iqtisodiy zarar oldi olinib, sarflangan 1 so‘m harajatga o‘rtacha 53,2 so‘m foyda olishga erishilgan.