Kurbanov Erkin Yusufovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Diabetik tovon sindromining davolash taktikasini tanlashda mikrotsirkulyasiyaning buzilishini va arteriolosklerozni aniqlash», 14.00.27–Xirurgiya (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Tib691.

Ilmiy rahbar: Babadjanov Baxtier Duschanbaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.

Rasmiy opponentlar: Asamov Ravshan Erkinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Islamov Miralisher Sadritdinovich, tibbiyot fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: A.V. Vishnevskiy nomidagi xirurgiya milliy tibbiy tekshirish markazi federal davlat byudjet tashkiloti (Rossiya Federatsiyasi).

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: oyoqlarda mikrotsirkulyator buzilishlar va arterioloskleroz (arterioskleroz) bosqichini o‘rganish, xirurgik davolashni takomillashtirish va davolash-tashxislash chora-tadbirlari algoritmini ishlab chiqish yo‘li bilan diabetik tovon sindromi bo‘lgan bemorlarni davolash natijalarini oshirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

bir tomonlama oyoq barmoqlarini amputatsiya qilish, DTS fonida qo‘shma zararlanganda amputatsiya qilish, patologik jarayonning keyingi rivojlanishini va gangrena rivojlanishining oldini olish usuli ishlab chiqilgan;

arteriolosklerozining namoyon bo‘lishini rentgenologik aniqlash mezonlarini va uning DTSda patologik jarayonning og‘irligiga ta’siri mezonlari aniqlangan;

99mTs-pertexnetatni oyoq terisi ostiga yuborish orqali radioizotop tekshiruvi yordamida DTS bilan og‘rigan bemorlarda oyoq mikrotsirkulyasiyasi buzilish darajasini aniqlash usuli ishlab chiqilgan;

DTS kasalliklarida oyoqning yiringli nekrotik jarohatlarining jadallashish mexanizmlari o‘rganilgan va organ saqlovchi amaliyotlarning bajarilishi asoslangan;

barmoqlarning diabetik gangrenasida Sharp bo‘yicha oyoqning transmetatarzal rezeksiyasi va oyoqning II, III, IV barmoqlarining alohida zararlanishi amputatsiya qilish usullari takomillashtirilgan;

rentgen-radioizotop-ul`tratovush tekshiruvlari natijasiga ko‘ra DTSning kechish og‘irligi kompleks baholash mezonlari aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

DTS bilan bemorlarning xirurgik davolashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar natijasi asosida:

«Bir tomonda joylashgan tovon barmoqlarini qo‘shma zararlanishida amputatsiya usuli»ga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP 04963-son patent, 2014 yil). Tavsiya etilgan a’zolarni saqlovchi amaliyot usuli qayta amaliyotlar va katta amputatsiyalar bajarish xavfini kamaytirgan;

«Diabetik tovon sindromini tashxislash va davolashda yangi va standart yondashuvlar» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 25 iyuldagi 8n-d/167-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish bemorlarni shifoxonada davolanish xarajatlarini 2,5 martaga kamaytirishga imkon bergan;

DTSli bemorlarni xirurgik davolash natijalarini yaxshilash bo‘yicha bajarilgan dissertatsiya ishidan olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, xususan, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi markaziy kasalxonasi yiringli xirurgiya bo‘limi, Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinikasi rentgen-radiologiya bo‘limi, Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinikasi, Respublika yiringli xirurgiya markazlari amaliy faoliyatiga tutbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 25 iyuldagi 8n-d/167-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari qayta amaliyotlarni 30,85%dan 6,94%gacha, katta amputatsiyalarni 40,43%dan 9,6%gacha, shifoxonada bo‘lish o‘rtacha davomiyligini 23,35±2,82 dan 17,15±1,46 kungacha qisqartirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish