Sharipova Oliya Askarovnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalar surunkali nospesifik o‘pka kasalliklarida jismoniy va jinsiy rivojlanishdan orqada qolishining klinik-patogenetik xususiyatlari», 14.00.09–Pediatriya (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2DSc/Tib304.

Ilmiy maslahatchi: Bobomuratov Turdikul Akramovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Samarqand davlat tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, DSc. 27.06.2017.Tib.29.01.

Rasmiy opponentlar: Shamsiev Furkat Muxitdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Aripova Tamaraxon Uktamovna, tibbiyot fanlari doktori, professor, akademik; Aliev Axmadjon Lutfullaevich, tibbiyot fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Samara davlat tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi).

Dissertatsiya yo‘nalishi:nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: o‘pkaning surunkali nospesifik kasalliklari mavjud bolalarning jismoniy va jinsiy rivojlanish xususiyatlarini kompleks baholash va ikkilamchi profilaktika tadbirlarini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

o‘pkaning surunkali nospesifik kasalliklarida bolalarning jismoniy va jinsiy rivojlanishi ortda qolish darajasining bronx-o‘pka tizimining birlamchi zararlanish xarakteri, patologik jarayon davomiyligi,  kasallik og‘irligi va gormonal buzilishlarga bog‘liqligi asoslangan;

ul`tratovushli densitometriya usulida tovon suyagi mineral zichligi, suyak to‘qimasi struktur-funksional o‘zgarishlari geterogenligi, bronx-o‘pka tizimidagi yallig‘lanish jarayoni va suyaklarning qayta tiklanishida yallig‘lanish sitokinlarining o‘rni isbotlangan;

gipofizar-gonada, buyrak usti bezi va tireoid tizimidagi funksional buzilishlar kasallikning klinik shakli va davomiyligiga bog‘liq holda pubertat davrni kech boshlanishiga olib kelishi isbotlangan;

o‘pkaning surunkali nospesifik kasalliklarida jismoniy rivojlanish, ya’ni bolalarning bo‘y ko‘rsatkichi, tana vazni, ko‘krak qafasi aylanasi, tana vazn indeksida o‘zgarishlarning kasallik bilan bog‘liqligi isbotlangan;

o‘pkaning surunkali nospesifik kasalliklarida jinsiy rivojlanish, klinik, gormonal ko‘rsatkichlar orasida bog‘liqlik kasallikning klinik belgilariga bog‘liq holda mavjudligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Bolalarda surunkali nospesifik o‘pka kasalliklarida jismoniy va jinsiy rivojlanishdan orqada qolishining klinik-patogenetik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

«Surunkali nospesifik o‘pka kasalliklariga chalingan o‘g‘il bolalarning jinsiy rivojlanishi» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2012 yil 17 maydagi 8m/140-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma surunkali nospesifik o‘pka kasalliklarida jinsiy rivojlanishdan orqada qolishining klinik-patogenetik xususiyatlarini va bosqichli ikkilamchi profilaktika chora-tadbirlarini o‘z vaqtida qo‘llashga imkon bergan;

«Bolalar surunkali nospesifik o‘pka kasalliklarida osteopenik sindrom» mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2012 yil 17 maydagi 8m/141-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma bolalarda osteopenik sindromni erta tashxislash va o‘z vaqtida davolash chora-tadbirlarini qo‘llash imkonini bergan;

bolalar surunkali nospesifik o‘pka kasalliklarida jismoniy va jinsiy rivojlanishdan ortda qolishining klinik-patogenetik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Samarqand shahar bolalar shifoxonasi, Toshkent tibbiyot akademiyasi birinichi va ikkinchi klinikalari, Samarqand davlat tibbiyot instituti birinchi klinikasi klinik amaliyotiga tatbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 12 yanvardagi 8N-d/74-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining klinik amaliyotga joriy qilinishi jismoniy va jinsiy rivojlanishdan orqada qolishni, osteopenik sindromni erta davrda tashxislash va ikkilamchi bosqichli profilaktikani qo‘llash orqali kasallik remissiya muddatini uzaytirish, asoratlarini kamaytirish, bemorlar hayot sifatini yaxshilash, bolalarni shifoxonada davolanish muddatini urtacha 4-4,5 o‘rin kuniga qisqartirish hamda amortizatsiya xarajatlarini ikki barobar kamaytirish hisobiga iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish