Rajabov Bekzod Xalimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Prokuror-kriminalistning jinoyat-protsessual va kriminalistik faoliyatini takomillashtirish”, 12.00.09 Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi ixtisosligi (yuridik fanlar). Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Yu1256.
Ilmiy rahbar: Astanov Istam Rustamovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Murodov Baxtiyorjon Baxodirovich yuridik fanlar doktori, professor; Mo‘minov Bexzod Abduvaxabovich - yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi prokuror-kriminalistning jinoyat-protsessual va kriminalistik faoliyatini kompleks o‘rganish asosida aniqlangan muammolarning echimiga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi: tergov sifati va samaradorligini yanada oshirishga salmoqli hissa qo‘shadigan, tergovchilar ishini jinoyat-protsessual va kriminalistik qoidalarga mos ravishda malakali tashkil etishda ko‘maklashuvchi protsessual shaxsning mavjud emasligi sababli prokuratura organlarining belgilangan shtat birligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturasi tizimida prokuror-kriminalist lavozimini joriy etish lozimligi asoslantirilgan;
ekspertiza tayinlash va o‘tkazishda yagona namunaviy tartib belgilanmaganligi sababli ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs) tomonidan tadqiqotlarga sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim), tadqiqot obektlari va ish materiallari, shuningdek, tadqiqotlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan sud ekspertiza predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar ekspertiza tashkilotiga taqdim etilishi kerakligi asoslantirilgan;
ashyoviy dalillarni taqdim etish va uni ekspertiza tadqiqoti uchun qabul qilishda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari hamda ekspertiza muassasasi o‘rtasida o‘zaro nomuvofiqlik, tushunmovchilik va nizolarni oldini olishga qaratilgan yagona tartib belgilanmaganligi sababli ekspertiza tadqiqotlar o‘tkazish uchun giyohvand vositalar, ularning analoglari, psixotrop moddalar, qimmatbaho metallar va toshlar, shuningdek, ulardan tayyorlangan buyumlar, qurol va o‘q-dorilari, pul belgilari va yuqori qiymatga ega bo‘lgan boshqa obektlar taqdim etilgan taqdirda, sud eksperti ushbu ish materiallarini ekspertiza tashkilotiga etkazib bergan shaxs hamda ekspertiza tashkiloti rahbarlaridan birining ishtirokida idishni ochishi, tarozida tortib ko‘rishi, taqdim etilgan obektlarni qayta sanab chiqishi, shuningdek, taqdim etilgan tartib raqamli va boshqa obektlarning sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida qaror (ajrim), so‘rov yoxud murojaat matniga muvofiqligiga ishonch hosil qilishi shartligi, ularning natijalari bo‘yicha dalolatnoma tuzilishi; dalolatnomani tadqiqot obektlarini tekshirishda ishtirok etgan shaxslar tomonidan imzolanishi lozimligi asoslantirilgan;
dastlabki tergovda qiynoqqa solish, tazyiq va har qanday qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarini qo‘llashni oldini olishga qaratilgan qoidalar belgilanishi lozimligi sababli o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti, shaxsni ushlash, himoyachidan voz kechish, shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan tintuv va olib qo‘yish kabi protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Prokuror-kriminalistning jinoyat-protsessual va kriminalistik faoliyatini takomillashtirish boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
prokuratura organlarining belgilangan shtat birligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar prokuraturalari tizimida prokuror-kriminalist lavozimini joriy etish lozimligiga oid taklifidan “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6041-sonli Farmonning 10-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2024-yil 24-oktyabrdagi 27/2-304-24-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklif prokuror-kriminalistning tergov harakatlarida ishtirok etishi orqali tergovning sifatli boʻlishiga olib keladi degan xulosaga asos boʻlib xizmat qiladi;
ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs) tomonidan tadqiqotlarga sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim), tadqiqot obektlari va ish materiallari, shuningdek, tadqiqotlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan sud ekspertiza predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar ekspertiza tashkilotiga taqdim etilishi kerakligiga oid taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi “Sud ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi 73-sonli qarori 1-ilovasining 13-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2024-yil 8-oktyabrdagi dalolatnomasi). Ushbu taklif sud ekspertizasi predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlarni ekspertiza muassasasiga yuborishga oid yagona tartibni belgilashga xizmat qiladi;
tadqiqotlar o‘tkazish uchun giyohvand vositalar, ularning analoglari, psixotrop moddalar, qimmatbaho metallar va toshlar, shuningdek, ulardan tayyorlangan buyumlar, qurol va o‘q-dorilari, pul belgilari va yuqori qiymatga ega bo‘lgan boshqa obektlar taqdim etilgan taqdirda, sud eksperti ushbu ish materiallarini ekspertiza tashkilotiga etkazib bergan shaxs hamda ekspertiza tashkiloti rahbarlaridan birining ishtirokida idishni ochishi, tarozida tortib ko‘rishi, taqdim etilgan obektlarni qayta sanab chiqishi, shuningdek, taqdim etilgan tartib raqamli va boshqa obektlarning sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida qaror (ajrim), so‘rov yoxud murojaat matniga muvofiqligiga ishonch hosil qilishi shartligi; Ularning natijalari bo‘yicha dalolatnoma tuzilishi; dalolatnomani tadqiqot obektlarini tekshirishda ishtirok etgan shaxslar tomonidan imzolanishi lozimligiga oid taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi “Sud ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi 73-sonli qarori 1-ilovasining 20-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2024-yil 8-oktyabrdagi dalolatnomasi). Ushbu taklif ekspertiza obektlari bo‘yicha ekspertiza tayinlovchi tergovga qadar tekshiruv organi mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror (vakolatli shaxs) sud va uni o‘tkazuvchi ekspertlarning ma’suliyatini birdek oshirishga xizmat qiladi;
o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish; tintuv; ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish; tergov eksperimenti; shaxsni ushlash; himoyachidan voz kechish; shaxsni ushlash jarayonidan o‘tkaziladigan tintuv va olib qo‘yish kabi protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shartligiga oid taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 14-maydagi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi
O‘RQ-617-sonli Qonunining 1-moddasi 2-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2024-yil 21-oktyabrdagi 14-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklif o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha o‘tkaziladigan tergov sifatini ta’minlash, tergovchining dalillarni qayd etishida qo‘shimcha imkoniyat bo‘lishi bilan birga tergov harakatlari o‘tkazishdagi norozilik, shuningdek to‘plangan dalillarni o‘zgartirib bo‘lmasligini kafolatlashga xizmat qiladi.