Kandaxarov Anvarjon Xasanovichning
falsafa doktori (PhD)dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XVI asrda Karmana shayxlarining ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotda tutgan o‘rni”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: V.2018.4.PhD/Tar16.
Ilmiy rahbar: Inoyatov Sulaymon Inoyatovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.06.01.2018.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlarYusupova Dilorom Yunusovna, tarix fanlari doktori, akademik; Xidirova Nargiza O‘rinovna, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Buxoro xonligida shayboniylar sulolasi hukmronligi davri (1500–1601)da Karmana shayxlarining, xususan, Shayx Xudoydod Valiy (1461–1532) va Qosim Shayx Azizon (1500–1578)ning davlat ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotda tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
karmanalik yassaviya tariqati shayxlarining Muhammad Shayboniyxon va Ubaydullaxonlar tomonidan Movarounnahrni yagona markazga birlashtirishdagi o‘rni hamda mamlakat madrasalari talabalari va beva-bechoralarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, millatlararo totuvlik va ekologik madaniyatni targ‘ib etishdagi faoliyati aniqlangan;
Zahiriddin Muhammad Bobur va Ubaydullaxon o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatlarni bartaraf etish hamda Movarounnahrda shayboniylar sulolasi hukmronligining uzil-kesil o‘rnatilishiga Shayx Xudoydod Valiyning ta’siri tarixiy faktlar asosida dalillangan;
Qosim Shayx Azizonning Abdullaxon II tomonidan davlatni markazlashtirishdagi ma’naviy ko‘magi hamda 1551, 1569, 1576 yillarda shayboniy sultonlar o‘rtasidagi toju taxt uchun kurashlarda mamlakat tinchligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash maqsadida hukmdorlarni murosaga keltirish yo‘lida olib borgan sulhparvarlik faoliyati aniqlangan;
XVI asrda yassaviya va naqshbandiya tariqatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar Shayx Xudoydod Valiy–Mahdumi A’zam Dahbediy va Qosim Shayx Azizon–Jo‘yibor xojalarining hamkorlik aloqalari misolida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
XVI asrda Karmana shayxlarining ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotda tutgan o‘rniga oid ilmiy natijalar asosida:
karmanalik tasavvuf shayxlarining mamlakat siyosiy hayotiga ta’siri, ularning ma’naviy meroslari va yassaviya tariqati rivojidagi o‘rni kabi masalalar Toshkent islom universiteti, Navoiy davlat konchilik instituti, Buxoro davlat universiteti, Navoiy davlat pedagogika institutlarida “O‘zbekiston tarixi”, “O‘rta Osiyo tasavvuf tariqatlari tarixi”, “Tarixshunoslik”, “Dinshunoslik”, “O‘lkashunoslik va turizm”, “Ma’naviyat asoslari”, “O‘rta asrlar tarixi” kabi fanlarni o‘qitishda va talabalarning ilmiy tadqiqot ishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 29 yanvardagi 89-03-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi talabalarda o‘rta asrlar O‘zbekiston tarixi va tasavvuf tariqati vakillarining hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyatlari to‘g‘risidagi bilimlarini yanada mustahkamlashga hizmat qilgan;
Shayx Xudoydod Valiy va Qosim Shayx Azizonning Navoiy va Samarqand viloyatlarida joylashgan muqaddas ziyoratgohlari tarixi, masjid-xonaqohlari va allomalarning diniy-tasavvufiy qarashlari to‘g‘risida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishda Respublika diniy idoralari tomonidan foydalanilgan (O‘zbekiston musulmonlar idorasining 2017 yil 21 avgustdagi 1316-son ma’lumotnomasi).Qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar islom diniga oid ziyoratgohlar tarixini bilish va diniy qadriyatlarni anglash, tasavvuf ta’limotidagi insonparvarlik, vatanparvarlik mohiyatini yanada kengroq tushunishga imkon yaratgan;
Navoiy viloyatida joylashgan muqaddas qadamjolar va allomalarning ijtimoiy faoliyatiga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limida bajarilgan IJ. 10-18 raqamli loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining 2018 yil 12 noyabrdagi 06/11-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi tarixiy ob’ektlar to‘g‘risida yozilgan tarixiy manbalardan foydalanishda va qadamjolar haqidagi og‘zaki rivoyatlarni ilmiy asoslashga imkon bergan;
XVI asrda yashagan karmanalik allomalar ta’limotining asosi bo‘lgan mehnatsevarlik, vatanparvarlik, ilm-ma’rifat kabi masalalarni yosh avlod va keng jamoatchilikka targ‘ib qilishda O‘zbekiston MTRK Navoiy viloyat televideniesi “Navoiy” va “Diyor” telekanallarida namoyish etilgan “Moziy ko‘zgusi” nomli davomli hujjatli fil`m va “Tarixdan saboqlar” nomli radioeshittirishni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Navoiy viloyat MTRKning 2017 yil 13 iyuldagi 01-09-203-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalar allomalar ilmiy merosi va qadamjolari tarixiga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchayishiga xizmat qilgan.