Ernazarova Xilola Ergashevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz va o‘zbek badiiy matnlaridagi parantezalarning lingvokulturologik - lingvopoetik tadqiqi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №B2021.3.PhD/Fil2003.
Ilmiy rahbar: Jamoliddinova Dilnoza Mirhojiddinovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.30.12.2019.Fil.05.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Nabieva Dilora Abduxamidovna, filologiya fanlari doktori, professor; Xoshimov Muzaffarjan G‘anijanovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz badiiy matnlaridagi parantezalarning lingvokulturologik va lingvopoetik xususiyatlarini chog‘ishtirish orqali umumiy va o‘ziga xos jihatlarini aniqlashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
jahon tilshunosligida, xususan, ingliz va o‘zbek tilshunosligida parantezalarga doir nazariy qarashlar tavsiflangan, o‘zbek va ingliz tillari doirasida ilk bor badiiy matnda qo‘llangan parantezalarning ayrim ko‘rinishlari birgina gapga emas, balki butun bir kontekstga taalluqli ekanligi asoslangan;
badiiy matnda parantezalarning kommunikativ jihatdan poetik aktuallashishi hamda lingvopoetik qonuniyatlari o‘zbek va ingliz tillarida qiyosiy aspektda tahlil qilingan, klishelangan kirishlardan farqli o‘laroq, yozuvchi badiiy maqsadiga muvofiq har bir qo‘llanishda yangidan tuziladigan sintaktik birlik sifatida kiritmalarning muhim lingvopoetik imkoniyatga ega ekanligi va bu imkoniyatlar o‘zbek tiliga nisbatan ingliz tilida kengroq namoyon bo‘lishi, ingliz tilida ikki kommunikativ yo‘nalishli kiritmalar badiiy matnda muayyan voqea-hodisa yoki qahramonni turli nuqtayi nazarlardan tavsiflashda, shuningdek, polifonik – ko‘p ovozli tasvirni yaratishda o‘ziga xos uslubiy-sintaktik vosita ekanligi dalillangan;
badiiy nutqda qo‘llangan kiritmalar kirishlarga nisbatan semantik va struktur jihatdan rang-barangligi bois, badiiy matnda ko‘proq poetik ta’kid olishi isbotlangan, ingliz va o‘zbek tillari badiiy diskursida kirish qurilmalarning turli kommunikativ va poetik maqsadlarda qo‘llanishi asoslangan;
har ikki tilda ham kiritma va asosiy gap (yoki matn) o‘rtasidagi munosabatni introduktiv (“kiritish”) aloqa ekanligi, gap shaklidagi kiritmalar qatnashgan gaplar sintaktik jihatdan qo‘shma gap bo‘lsa-da, lekin bunday qo‘shma gap qismlari o‘rtasidagi munosabat odatiy qo‘shma gaplardagi teng va tobe munosabatlardan farqli o‘laroq, introduktiv munosabat hosil qilishi aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
badiiy matnda parantezalarning kommunikativ jihatdan poetik aktuallashishi hamda lingvopoetik qonuniyatlari o‘zbek va ingliz tillarida qiyosiy aspektda tahlil qilingan, klishelangan kirishlardan farqli o‘laroq, yozuvchi badiiy maqsadiga muvofiq har bir qo‘llanishda yangidan tuziladigan sintaktik birlik sifatida kiritmalarning muhim lingvopoetik imkoniyatga ega ekanligi va bu imkoniyatlar o‘zbek tiliga nisbatan ingliz tilida kengroq namoyon bo‘lishi, ingliz tilida ikki kommunikativ yo‘nalishli kiritmalar badiiy matnda muayyan voqea-hodisa yoki qahramonni turli nuqtayi nazarlardan tavsiflashda, shuningdek, polifonik – ko‘p ovozli tasvirni yaratishda o‘ziga xos uslubiy-sintaktik vosita ekanligi haqidagi xulosalardan Qo‘qon davlat pedagogika institutida 2020-2022-yillarda bajarilgan S-ECAGD-18-CA-0067(P020002335) raqamli “FY-18 English Acces Microscholarship program” nomli Amerika Qo‘shma Shtatlari ta’lim va madaniy ishlar byurosi bilan hamkorlikdagi xalqaro loyiha doirasida foydalanilgan (2024-yil 27-iyuldagi 79-sonli ma’lumotnomasi). Natijada keltirilgan misollar, nazariy fikr-mulohazalardan badiiy matnda qo‘llangan parantezalarning kommunikativ jihatdan poetik aktuallashishi hamda lingvopoetik qonuniyatlari o‘zbek va ingliz tillarida qiyosiy aspektda tahlil qilingan;
badiiy nutqda qo‘llangan kiritmalar kirishlarga nisbatan semantik va struktur jihatdan rang-barangligi bois, badiiy matnda ko‘proq poetik ta’kid olishi isbotlangan, ingliz va o‘zbek tillari badiiy diskursida kirish qurilmalarning turli kommunikativ va poetik maqsadlarda qo‘llanishi yuzasidan chiqarilgan xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan FA-F1-G003 “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” mavzusidagi fundamental ilmiy loyiha doirasida chop etilgan materiallarda samarali va keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 25-iyundagi 246/01-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ilmiy jihatdan boyitilib, undagi til va tafakkur, til va madaniyat munosabatlariga doir nazariy asoslar takomillashtirilgan;
har ikki tilda ham kiritma va asosiy gap (yoki matn) o‘rtasidagi munosabatni introduktiv (“kiritish”) aloqa ekanligi, gap shaklidagi kiritmalar qatnashgan gaplar sintaktik jihatdan qo‘shma gap bo‘lsa-da, lekin bunday qo‘shma gap qismlari o‘rtasidagi munosabat odatiy qo‘shma gaplardagi teng va tobe munosabatlardan farqli o‘laroq, introduktiv munosabat hosil qilishiga doir chiqarilgan xulosalardan tadqiqot natijalari va materiallaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DMning “Ta’lim va taraqqiyot”, “O‘zbekiston yoshlari”, “Adabiy jarayon” dasturlari ssenariysida (2023-yil mart va sentyabr oylarida) foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2024-yil 25-iyuldagi 04-36-878-sonli ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni takomillashgan va eshittirishlarda taqdim etilgan mazkur ilmiy natijalar tomoshabinlarning turli tizimga mansub tillarga xos parantezalardan o‘rinli foydalanishda muhim ahamiyat kasb etgan.