Alieva Sarvinoz Abbosjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va ingliz geortonimlarining qiyosiy tadqiqi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik. (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:  B2023.2.PhD/Fil3661.
Ilmiy rahbar: Rozikova Gulbaxor Zaylobiddinova, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Xoshimov G‘anijon Mirzahmedovich, filologiya fanlari doktori, professor; Solixodjaeva Xavasxon Zakirjanovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi geortonimlarning nazariy masalalarini yoritish, ularning onomastik ko‘lamdagi o‘rnini belgilash va o‘zbek hamda ingliz tillaridagi geortonimlarning etimologik, leksik-semantik, lingvokulturologik xususiyatlari hamda onomastik birliklar bilan munosabatini qiyosiy-tipologik nuqtayi nazardan ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:    
    geortonimlarning etimologik motivlari o‘zbek va ingliz tillaridan olingan misollar asosida aniqlanib, apellyativ va onomastik leksika asosida hosil qilingan geortonimlar  dalillangan;
    o‘zbek va ingliz geortonimlari leksik-semantik jihatdan tashkillanish maqsadi, mavzu ko‘lami, mavsumiy xususiyati, davriylik xususiyati va areal jihatiga ko‘ra ajratilishi, geortonimlarning onomastik struktura jihatidan har xil asosli va bir xil asosli hamda tarkibiy tuzilmasiga ko‘ra bir komponentli va ko‘p komponentli sinonimlarga bo‘linishi, mantiqiylik nuqtayi nazaridan qarama-qarshi geortonimik antonimlarga ajratilishi dalillangan;
    qiyoslanayotgan tillarda geortonimlarning struktur jihatdan sodda va qo‘shma nomlarga bo‘linishi, o‘z navbatida, sodda geortonimlarning onomastik konversiya va transonimizatsiya asosida hosil bo‘lishi dalillangan; qo‘shma geortonimlarning ikki asosli va murakkab turlarining yasalishi, geortologiya sohasida geortonimik indikatorlarning lingvistik vazifalari isbotlangan;
    noqardosh tillarda geortonimlar bilan aloqador shiorlarning lisoniy xususiyatlari tahlil qilinib, perifraza va geortonim munosabati,  geortonimik frazeologizmlar tarkibida turli lingvomadaniy hodisalarning aks etishi, geortonimlarning boshqa onomastik birliklar bilan munosabatga kirishib, degeortonimizatsiya va transonimizatsiya hodisasini yuzaga keltirishi asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz geortonimlarining lisoniy tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
geortonimlarning etimologik motivlari o‘zbek va ingliz tillaridan olingan misollar asosida aniqlanib, apellyativ va onomastik leksika asosida hosil qilingan geortonimlar  dalillanganligiga doir ilmiy natija va xulosalardan 2021-2023-yillarda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida amalga oshirilgan “Musiqa va san’at o‘quv muassasalari uchun  “Bolalar raqslari” fanidan interaktiv o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratish” mavzusidagi F3-2019081773-raqamli fundamental loyihani bajarishda, xususan “O‘zbek bolalar raqslari, raqs liboslari va taqinchoqlari nomlarining o‘zbek-ruscha-inglizcha-fransuzcha qisqacha izohli lug‘ati”ni yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 2024-yil 8-iyuldagi 1/04-108-son ma’lumotnomasi). Natijada geortonimlarning milliy-madaniy tadbir va xalq raqslari, ushbu tadbirlarda foydalaniladigan buyumlarni namoyon qilish xususiyatlari bilan bog‘liq fikr-mulohazalar o‘quv qo‘llanma materiallarining ilmiy dalillar bilan boyishiga xizmat qilgan;
qiyoslanayotgan tillarda geortonimlarning struktur jihatdan sodda va qo‘shma nomlarga bo‘linishi, o‘z navbatida, sodda geortonimlarning onomastik konversiya va transonimizatsiya asosida hosil bo‘lishi; qo‘shma geortonimlarning ikki asosli va murakkab turdagilarning yasalishi, geortologiya sohasida geortonimik indikatorlarning lingvistik vazifalari isbotlanganligi bilan bog‘liq xulosa hamda tavsiyalardan Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan  2021-2023-yillarda amalga oshirilgan “Mindonobod Satellite Access Microsholarship Program” S-UZ800-21-GR-3126 xalqaro amaliy loyihasi doirasida foydalanilgan (Farg‘ona tumani xalq ta’limi bo‘limi 62-o‘rta ta’lim maktabining 2024-yil 14-iyundagi 3-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiya materiallari loyiha doirasida yaratilgan o‘quv lug‘atlarining misollar bilan boyishiga xizmat qilgan;
noqardosh tillarda geortonimlar bilan aloqador shiorlarning lisoniy xususiyatlari tahlil qilinib, perifraza va geortonim munosabati,  geortonimik frazeologizmlar tarkibida turli lingvomadaniy hodisalarning aks etishi, geortonimlarning boshqa onomastik birliklar bilan munosabatga kirishib, degeortonimizatsiya va transonimizatsiya hodisasini yuzaga keltirishi asoslanganligiga oid xulosa va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining “Xayrli kun”, “O‘zbegim”, “Durdona” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tuzishda (2022-2023) keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2024-yil 14-iyundagi 114-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiya xulosalari barkamol shaxsni tarbiyalash va ular ongiga milliy istiqlol g‘oyasini singdirish masalalarida muhim omil bo‘lib xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish