Tilyakov Akbar Burievichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Qo‘shma shikastlarda chanoq suyaklari nostabil sinishlarini tashxislash va davolashni yaxshilash yo‘llari», 14.00.22–Travmatologiya va ortopediya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tib12.
Ilmiy maslahatchi: Xadjibaev Abduxakim Muminovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.
Rasmiy opponentlar: Lazarev Anatoliy Fedorovich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Xodjanov Iskander Yunusovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xamraev Alisher Shaxobovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Moskva shahrining sog‘liqni saqlash davlat byudjet muassasasi «Moskva shahri sog‘liqni saqlash departamentining N.V.Sklifosovskiy nomidagi tez yordam ilmiy-tadqiqot instituti».
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: klinik-diagnostik algoritmni maqbullashtirish va yangi kompleks davo usullari, miniinvaziv osteosintez usullari va moslamalarini ishlab chiqish asosida qo‘shma shikastlanishlardagi chanoq suyagining polifokal sinishlarini davolash natijalarini yaxshilash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
politravma strukturasi o‘rganildi va chanoq qo‘shma sinishlarini an’anaviy klinik diagnostik standartlarga asoslanib davolashda qoniqarsiz natijalar rivojlanishining xavf omillari aniqlangan;
qo‘shma shikastlarda chanoq suyaklarining nostabil va polifokal sinishlari qayd etilgan bemorlarni davolashning optimal taktikasini tanlashda unifikatsiyalangan davolash-tashxislash dasturi ishlab chiqilgan;
chanoqning nostabil sinishlarini kam jarohat etkazib davolashda chanoq halqasini stabil fiksatsiyalash va suyak siniqlarini sifatli repozisiyasiga erishish uchun o‘zakli tashqi fiksatsiya apparati takomillashtirilgan;
takomillashtirilgan apparatning turli statistik yuklamalar ta’siridagi samaradorligi va bu apparatning tarang rejimda adekvat ishlashini ta’minlash uchun ularning maksimal qiymatlari mexanik eksperimentda asoslab berilgan;
takomillashtirilgan o‘zakli tashqi fiksatsiya apparatining texnik afzalliklari aniqlangan;
«Chanoq-son apparati» chanoqning quymicharo sinishlarini davolash uchun o‘qli-o‘zakli apparati ishlab chiqilgan;
suyak to‘qimasi shikastlanishlarida osteoreparatsiya jarayonlarini hamda chanoq bitishmalari tog‘ay qismi uzilishlarida biriktiruvchi to‘qima regeneratsiya jarayonlari stimulyasiyasini jadallashtirish uchun embrional allofibroblastlarni implantatsiya qilish usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Qo‘shma jarohatli bemorlarda chanoq shikastlarini diagnostikasi va davolashni yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Chanoq suyaklari polifokal sinishlarini davolash uchun o‘zakli apparat» ishlab chiqilgan va patent olindi (Intellektual mulk agentligi №FAP 00994) hamda «Qo‘shma shikastlarda chanoq suyaklari nostabil sinishlarida davo-diagnostik algoritmi» EHM dasturi ishlab chiqildi (Intellektual mulk agentligi №DGU 02792). Chanoq suyaklarining nostabil va quymicharo sinishlarida takomillashtirilgan o‘zakli va six-o‘zakli tashqi fiksatsion apparatlarning qo‘llanilishi bemorlarda reabilitatsiya davrini 11,2 haftadan 8,6 haftagacha qisqartirilishga olib keldi;
«Chanoq suyaklari nostabil va polifokal sinishlari diagnostikasi va kaminvaziv davolash usullarining zamonaviy tamoyillari» uslubiy qo‘llanmasi sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq etildi. Chanoq suyaklari qo‘shma shikastlarini davolashda operatsiyadan keyingi davrdagi asoratlarni 23,5% dan 6,5% gacha kamayishiga olib keldi;
qo‘shma shikastlarda chanoq suyaklarini davolashda ishlab chiqilgan tashqi fiksatsion apparatlar, davo-diagnostik algoritm Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi ilmiy-klinik bo‘limlariga hamda RShTYoIMning Samarqand, Navoiy, Buxoro, Andijon, Farg‘ona filiallari travmatologiya bo‘limlariga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 10 oktyabrdagi 8N-d/34-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan diagnostika algoritmi va davolash usullarini qo‘llash asosida uzoq davrdagi ijobiy natijalarni 52,8%dan 82,5%gacha yanada yaxshilanishiga erishildi.