Shokirov Davron Abdugappor o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i):
“Fazoviy yuklanishlardagi uch qatlamli sterjenlarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini matematik modellashtirish”, 05.01.07 - “Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/T4186.
Ilmiy rahbar: Anarova Shahzoda Amanbaevna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-qurilish instituti va Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy kengash raqami: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.13/30.12.2021.T.142.01.
Rasmiy opponentlar: Eshmatov Baxtiyor Xasanovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent; Rasulmuhammedov Muhammadaziz Maxamadaminovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi fazoviy yuklanishlardagi uch qatlamli sterjenlarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatlarining takomillashtirilgan matematik modeli, hisoblash algoritmlari va dasturiy majmuasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
fazoviy yuklanishlardagi uch qatlamli sterjenlarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatlarini tadqiq qiluvchi takomillashtirilgan matematik model elastiklik nazariyasi va Ostrogradskiy-Gamilton variatsion tamoyili asosida ishlab chiqilgan;
chekli ayirmali usulning oshkormas sxemasi asosida uch qatlamli sterjenlarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatlarini hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan;
turli chegaraviy holatlarda fazoviy yuklanishlardagi uch qatlamli sterjenlarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini tadqiq etish masalalarini echishning hisoblash algoritmlari ishlab chiqilgan;
chekli ayirmalar va matrisali haydash usullari yordamida uch qatlamli sterjenlarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik masalalarini echish dasturiy majmuasining funksional sxematik tuzilishi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fazoviy yuklanishlardagi uch qatlamli sterjenlarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatlarining matematik modeli, hisoblash algoritmlari va dasturiy majmuasi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
qo‘yilgan masalalarni echishning chekli-ayirmalar usulini oshkormas sxemasi va matrisali haydash usullariga asoslangan hisoblash tajribalarini virtual bajarish uchun ishlab chiqilgan dasturiy majmua “Namangan arxitekt qurilish loyiha instituti” MChJ da joriy qilingan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 7-avgustdagi 33-8/5288 - sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan dasturiy majmua fazoviy yuklanishlardagi uch qatlamli sterjenlarning materiallarini to‘g‘ri tanlash hisobiga deformatsiyalanish 6% ga ortgan, og‘irlikni 2.2 barobar kamaytirish imkonini bergan;
“Fazoviy yuklanishlardagi uch qatlamli sterjenlarning kuchlanganlik- deformatsiyalanganlik holatlarini aniqlash” dasturi “SIFATPOLITEX” MChJda amaliyotga joriy qilingan. (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 7-avgustdagi 33-8/5288 - sonli ma’lumotnomasi). Yaratilgan dasturiy majmua yordamida fazoviy yuklanishlardagi uch qatlamli sterjenlarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatlarini tadqiqi uchun sonli tajribalar o‘tkazildi. Mazkur ilmiy-tadqiqot ishining hisoblash algoritmlari va dasturiy majmuasini qurilish-montaj ishlarining loyihalash jarayonlariga qo‘llash natijasida vaqt sarfining o‘rtacha 8% ga kamayishi hisobiga ish unumdorligining 7-8%ga oshirishga imkon bergan;
“Fazoviy yuklanishlardagi uch qatlamli sterjenlarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini matematik modellashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishining natijalari “PROEKT-SERVIS” MChJga joriy qilingan. Taklif etilgan matematik model, hisoblash algoritmlari va ular asosida ishlab chiqilgan dasturiy majmua orqali noan’anaviy arxitektura inshootlarini loyihalash jarayonlarida fazoviy yuklanishlardagi uch qatlamli sterjenlarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatlarini sonli tahliliga xulosalar olindi. Natijada loyihalash jarayonlari uchun vaqt sarfining kamayishi hisobiga ish unumdorligining 8-10%gacha oshirilishiga erishilgan.