Rajabov Narzulla Orolovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tut ipak qurti duragaylarining hayotchanligi va ipak mahsuldorligiga yangi yaratilgan tut navlarini ta’siri», 06.02.04–Ipakchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Qx321.
Ilmiy rahbar: Nasirillaev Baxtiyar Ubaydullaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent davlat agrar universiteti va Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.30.08.2018.Qx.13.02.
Rasmiy opponentlar: Yakubov Axmatjon Bakievich, biologiya fanlari doktori, professor; Navruzov Sobir, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yangi seleksiya uslubiyatini qo‘llab yaratilgan tutning yangi nav va seleksion nomerlarini tut ipak qurtining hayotchanlik va mahsuldorlik belgilariga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tutning yangi «Jarariq 9» va «Jarariq 10» navlarining tut ipak qurti duragaylarining hayotchanligi, pilla mahsuldorligi va texnologik belgilariga ta’sir darajasi aniqlangan;
tutning yangi «Jarariq 9» va «Jarariq 10» navlari barglarini ipak qurtining duragay qurtlari tomonidan o‘zlashtirilish koeffisienti aniqlangan;
tutning yangi navlari va seleksion nomerlarining bargi kimyoviy tarkibining 7 ta ko‘rsatkichi, shu jumladan poliprenollar, ß-sitosterin va A vitaminining miqdori bo‘yicha bir-biridan keskin farq qilishi isbotlangan;
tut navlari va ipak qurti lichinkalik davrining davomiyligi, ularning o‘sish dinamikasi o‘rtasida bog‘liqlik ilmiy jihatdan asoslangan;
tutning yangi navlari va seleksion nomerlarini muhim morfologik va xo‘jalik belgilarining yuqori ko‘rsatkichlari ipak qurti pilla mahsuldorligi ko‘rsatkichlari bilan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tut ipak qurti duragaylari hayotchanligi va ipak mahsuldorligiga yangi tut navlarining ta’siri bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
tut daraxtining yangidan yaratilgan «Jarariq 9» va «Jarariq 10» navlarini ekish natijasida Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi «Ipak» fermer xo‘jaligining jami 0,40 gektar maydonida tut plantatsiyalari tashkil etilgan va 7 quti ipak qurti duragaylarini parvarishlashga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 24 sentyabrdagi 02/032-248-son ma’lumotnomasi). Natijada 1 gektar tutzordan qo‘shimcha 2120 kg ozuqa bargi etishtirilgan va parvarishlangan 7 quti ipak qurtining har bir qutisidan qo‘shimcha 11,0 kg pilla etishtirishga erishilgan, iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichi 109890 so‘mni tashkil etgan;
tut daraxtining «Jarariq 9» va «Jarariq 10» yangi navlarini ekish asosida Samarqand viloyati, Samarqand tumani «Shaxnoza, Komila, Azizjon» fermer xo‘jaligida jami 0,30 gektar maydonida tut plantatsiyalari barpo etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 24 sentyabrdagi 02/032-248-son ma’lumotnomasi). Buning natijadasida 1590 kg qo‘shimcha barg hosili va ipak qurtining 5 quti «Ipakchi 1 X Ipakchi 2» sanoat duragayidan andozaga nisbatan 12,0 kg qo‘shimcha pilla hosili olishga erishilgan va 1 qutidan olingan iqtisodiy samaradorlik 118800 so‘m oshishiga imkon bergan;
Sirdaryo viloyatining «Eldor Gulmurodovich» fermer xo‘jaligida 0,20 gektar maydonda tutning yangi «Jarariq 9» va «Jarariq 10» navlarining yangi ekish sxemadagi plantatsiyalarini yaratishda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 24 sentyabrdagi 02/032-248-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi sxemadagi tashkil etilgan tutzorning 1 gektar hisobidan qiyoslovchi navga nisbatan qo‘shimcha 1060 kg barg hosili olingan va ular bilan parvarishlangan ipak qurti duragaylarining 1 qutisidan pilla hosili 69,5 kg gacha oshirishga erishilgan.