Alimov Atabek Kerimbergenovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekologik turizmni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va istiqbollari”, 08.00.05–Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Iqt204.
Ilmiy rahbar: Salaev San’atbek Komilovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, DSs.27.06.2017.I.18.01.
Rasmiy opponentlar: Tursunxadjaev Marat Lutfullaevich,iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Safarov Baxodirxon Shaxriyorovich,iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekologik turizmni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini aniqlash va istiqbolini belgilashga oid ilmiy-amaliy taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«ekologik turizm» tushunchasining ekologik inqiroz hududiga mos bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati, tabiat va aholi o‘rtasidagi sinergetik aloqalar inobatga olingan ta’rifi ishlab chiqilgan;
mintaqa tuman va shaharlari, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati, Sulton Uvays tog‘i, Ustyurt platosi, Sudoch`e va Saygachiy buyurtmaxonalarida hamda Orol dengizining ekoturistik resurs salohiyatidan kelib chiqib, turistik yo‘nalishlar ishlab chiqilgan;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan turistik maqsadda foydalanish orqali ekoturizmni rivojlantirish modeli takomillashtirilgan;
mintaqada 2018-2021 yillarga mo‘ljallangan turistik xizmatlar hajmining prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekoturizmni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va istiqbollari bo‘yicha olingan ilmiy xulosalar asosida:
“ekologik turizm” tushunchasining ta’rifi oliy ta’lim bakalavriat yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan «Turizm: nazariya va amaliyot» darsligining “Ekologik turizmni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari”ga bag‘ishlangan mavzusiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining
2018 yil 6 iyundagi 89-03-2200-son ma’lumotnomasi). Natijada ekologik turizmning ijtimoiy-iqtisodiy mazmunini tizimli va kengroq tushunish orqali uni tashkil etishning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarda nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni hosil qilishga erishilgan;
mintaqa tuman va shaharlari, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati, Sulton Uvays tog‘i, Ustyurt platosi, Sudoch`e va Saygachiy buyurtmaxonalarida hamda Orol dengizining ekoturistik resurs salohiyatidan kelib chiqib, turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi amaliyotida foydalanilgan (2017 yil 20 dekabrdagi 03-09/4479-son ma’lumotnoma). Ushbu takliflarning amalga oshirilishi mintaqada yangi turistik yo‘nalishlardan samarali foydalanish natijasida turistik ob’ektlar atrofida infratuzilmaning rivojlanishiga, xorijiy va mahalliy turistlar oqimining oshishiga erishilgan;
muhofaza etiladigan tabiiy hudud (METH)lardan turistik maqsadda foydalanish orqali ekoturizmni rivojlantirish modelini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi amaliyotida foydalanilgan (2018 yil 15 yanvardagi TX-01/01-1-56-son ma’lumotnoma). Ushbu yangilikning amaliyotga joriy etilishi natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi METHlar bilan davlat tashkilotlari, turistik firmalar, ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot markazlari va boshqa tashkilotlar bilan ekoturizmni rivojlantirish maqsadida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini bergan;
mintaqada 2018-2021 yillarga mo‘ljallangan turistik xizmatlar hajmining prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy tavsiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi ish faoliyatiga joriy qilingan (2018 yil 4 iyundagi 06/605-son ma’lumotnoma). Ushbu taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida mintaqada turistik xizmatlar hajmi yiliga o‘rtacha 13%ga, jami xizmatlar hajmi esa yiliga o‘rtacha 10,5%ga o‘sishi kutilmoqda.