Kodirova Umida Aslonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Villemit strukturali qattiq eritmalar asosida keramik pigmentlar sintezi va xossalari», 02.00.15–Silikat va qiyin eriydigan nometall materiallar texnologiyasi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/K905.
Ilmiy rahbar: Kadirova Zulayxo Raimovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti huzuridagi DSc.02/05.05.2023.K/T.35.02 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Zakirov Baxtiyar Sabirjanovich, kimyo fanlari doktori, professor; Rumi Marina Xristaforovna, kimyo fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: villemit strukturali qattiq eritmalar asosida keramik pigmentlar sintez qilish va xossalarini tadqiq etish, hamda izomorfizm, fazaviy o‘tish jarayonlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
rux, kobalt oksidlari va kremnezyom tarkibli komponentlarning 800-1300 ℃ harorat oralig‘ida qattiq eritmalari hosil bo‘lishining qattiq fazali reaksiyalari hamda ularning fizik-kimyoviy xossalari, kristall fazalarning struktura hosil bo‘lish kinetikasi va mexanizmi aniqlangan;
villemit strukturali qattiq eritmalar asosida keramik pigmentlarni sintez qilish haroratiga “tarkib-struktura-disperslik-xossa” o‘zaro bog‘liqligi asoslangan;
qattiq eritma tarkibida kremnezyomni 27,0 mas.% miqdoridagi mikrokremnezyomga almashtirilganda, kvars qumidan foydalanilgan natijalar bilan solishtirilganda pigment pishish haroratini 1250°C dan 1150°C gacha pasayishi isbotlangan;
“Zn2SiO4–Co2SiO4” ikkilamchi sistemasida Zn2+ va Co2+ ionlarining yuqori haroratdagi o‘zaro ta’sir vaqtidagi izomorfizm mexanizmini va qattiq fazali sintez, hamda “ZnO–CoO–mikrokremnezyom” uchlamchi sistema asosidagi qattiq eritmalar hosil bo‘lish qonuniyatlari aniqlangan;
amorf mikrokremnezyomdan foydalanib sintez qilingan keramik pigmentlar rangining to‘yinganlik va yuqori haroratga barqarorlik darajasi, hamda kimyoviy muhitga chidamlilik xossalari aniqlangan;
olingan kobalt tarkibli villemit strukturaga ega keramik pigmentlarni turli maqsadlardagi keramik materiallar uchun glazur tarkibida foydalanish mumkinligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Villemit tuzilishga ega keramik pigmentlarni mahalliy xomashyo asosida sintez qilish va xossalari boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
noan’anaviy mahalliy xomashyo va ikkilamchi komponentlardan foydalanib keramik pigmentlar uchun loyihalashtirilgan tarkiblarni sintez qilish jarayonidagi qattiq fazali reaksiyalari “Qurilish va texnik maqsadlarda foydalaniladigan funksional va silikat materiallarning energiya va resurs tejovchi tarkib va texnologiyalarini ishlab chiqish” (2020-2023yy.) byudjet mavzusi bo‘yicha tadqiqotlarni bajarishda qo‘llanma material sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 11 iyuldagi 1-10/8-808-son ma’lumotnomasi). Natijada, turli (villemit) strukturali qattiq eritmalar sintezi, izomorfizmi, fazaviy nisbatlari va kristall hosil qilishlari bo‘yicha ilmiy asoslangan fundamental ma’lumotlar olish imkonini bergan;
yuqori kremnezyomli xomashyo komponentlaridan foydalanilgan villemit strukturali qattiq eritmalar asosidagi glazur tayyorlash uchun ishlab chiqilgan keramik pigmentlarning reseptur tarkiblari “ART GLOSS GALLERY” QK ning «2024-2025 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yhati»ga kiritilgan (“ART GLOSS GALLERY” QKning 2024 yil 10 oktyabrdagi 10/II 2024-1 - son ma’lumotnomasi). Natijada, pardozbop koshinlarga glazur tayyorlash uchun villemit strukturali talab darajasidagi keramik pigmentlar olish imkonini beradi.