Maxmudov Maxsud Idrisovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ishlab chiqarishdagi oqava suvlarni tozalash va ulardan foydalanish sistemalarida texnologik muhit parametrlarini nazorat qiluvchi asboblar va usullar», 05.03.01–Asboblar. O‘lchash va nazorat qilish usullari  (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/T38.

Ilmiy maslahatchi: Shipulin Yuriy Gennad`evich, texnika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.27.06.2017.T.03.02.

Rasmiy opponentlar: Begunov Aleksandr Andreevich, texnika fanlari doktori, professor; Axmedov Barat Maxmudovich, texnika fanlari doktori, dotsent; Siddiqov Ilxomjon Hakimovich, texnika fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: oqava suvlarni tozalash va ulardan foydalanish tizimlaridagi texnologik muhitlar parametrlarini nazorat qilishning zamonaviy asboblari va usullarini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

asosiy texnologik miqdoriy va sifat parametrlarini aniqlash imkonini beradigan aerotenkdagi oqava suvlarni tozalash jarayonining matematik modeli ishlab chiqilgan;

g‘ovak va tolali yorug‘lik o‘tkazgichli optoelektron o‘zgartkichlar xatolik manbalarining yuzaga chiqish tabiati aniqlangan hamda uslubiy, qo‘shimcha va dinamik xatoliklarni belgilovchi analitik ifodalar va bu xatoliklarni kamaytirish usullari ishlab chiqilgan;

o‘lchash qurilmalarining inersionligini, o‘lchash vositalarining dinamik xatoliklarini kamaytirish va axborot-o‘lchash tizimlaridagi o‘lchash ma’lumotlarining silliqlantiruvchi dinamik fil`trlash algoritmlari ishlab chiqilgan;

zamonaviy ko‘p funksionalli mikroprotsessorli qurilmalar asosida oqava suvlarning sarfi, sathi, tezligi, harorati, konsentratsiyasini aniq nazorat qiluvchi g‘ovak va tolali yorug‘lik optoelektron o‘zgartkichlari ishlab chiqilgan;

suvli muhitlarning kimyoviy tarkibini nazorat qiluvchi va qayd etuvchi, o‘lchash aniqligi ±0,2 % bo‘lgan ko‘p kanalli tizim ishlab chiqilgan; 

o‘lchash xatoligi ±5 %dan ko‘p bo‘lmagan mikroprotsessorli ko‘p funksiyali avtomatik titrator ishlab chiqilgan;

rN ni rostlashni yuqori sifati va rostlash tizimi turg‘unligini ta’minlovchi model`, passiv adaptatsiya, katta kuchaytirgichli konturli avtomatik barqarorlash tizimi asosida oqava suvlarni neytrallash samaradorligini oshiradigan nazorat qilish va boshqarish algoritmlari ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Ishlab chiqarish oqava suvlarini tozalash va ulardan foydalanish sistemalaridagi texnologik muhitlar parametrlarini nazorat qilish asboblari va usullari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

tozalash inshootlaridagi suv sathini o‘lchovchi va nazorat qiluvchi ko‘p funksiyali mikroprotsessorli qurilmasiga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (“Suyuqlik sathini optik-tolali o‘zgartkichi”, №IAP 04937–2014 y.). Natijada aerotenkdagi suv sathini boshqarish o‘lchash aniqligini 3 %ga oshirish hamda nasoslarning ishlash rejimlarini optimallashtirish imkonini bergan;

oqava suvlarni tozalash tizimlari ochiq kanallardagi suv sarfini nazorat qiluvchi  mikroprotsessorli optoelektron qurilmasiga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (“Gorizontal holatdagi shamol yo‘nalishi va tezligini o‘lchovchi qurilma”, №IAP 04754–2013 y.). Natijada oqava suvlarni tozalash tizimlarining ochiq kanallaridagi suv sarfini avtomatik qayd etish hamda sarfini o‘lchash aniqligini 5%ga oshirish imkonini bergan;

suvdagi rN, Eh, tuz miqdori va haroratni o‘lchovchi ko‘p funksiyali o‘lchash asbobi, ko‘p kanalli mikroprotsessorli ionomer, suyuqliklarni titrlashning avtomatik tizimi, oqava suvlar sarfini mikroprotsessorli o‘lchagich,  tozalash inshootlaridagi suv sathini o‘lchovchi va nazorat qiluvchi ko‘p funksiyali mikroprotsessorli qurilma Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimidagi korxonalar, xususan Toshkent shahri «Suvsoz» DUKning Salar aeratsiya stansiyasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining 2018 yil 18 maydagi 04/01-1727-son ma’lumotnomasi). Natijada tozalash inshootidagi suv tarkibi, harorati, sathi va sarfi nazoratini amalga oshirish orqali tozalash sifatini 15%ga oshirish imkoni yaratilgan;

tozalash inshootlaridagi suv sathini o‘lchovchi va nazorat qiluvchi ko‘p funksiyali mikroprotsessorli qurilma Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimidagi korxonalar, xususan Buxoro viloyati “Suvoqava” DUKning oqava suvlarni tozalash inshootida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining 2018 yil 18 maydagi 04/01-1727-son ma’lumotnomasi). Natijada oqava suvlarni tozalash tizimini avtomatlashtirish hamda tozalangan suvning miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash imkoni yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish