Kasimov Umedillo Salimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida g‘o‘za ekinida mineral o‘g‘itlar samaradorligini oshirish usullari (Toshkent viloyati misolida)”, 06.01.04 – Agrokimyo (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Qx1499.
Ilmiy rahbar: Sattarov Jurakul, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, DSc.25/30.12.2019.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Nazirbay Madrimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Karimov Xusniddin Nagimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida g‘o‘za etishtirishda mineral o‘g‘itlar samaradorligini oshirish usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mineral o‘g‘itlar samaradorligini oshirishda g‘o‘zaga amalda qo‘llanilayotgan mineral o‘g‘itlarga nisbatan ularni alohida va organik o‘g‘itlar bilan birgalikda qo‘llash (N250P180K140 kg/ga + 20 t/ga go‘ng) ning ma’qbul me’yorlari aniqlangan;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida (sizot suvlari sathi 5 metrdan pastda) mineral o‘g‘itlarni an’anaviy (amaldagi) usulda qo‘llashga nisbatan qisqartirilgan muddatda (shudgor ostiga va ekish oldidan) qo‘llanilganda g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligida keskin farq kuzatilmasada, biroq 6-7 kun barvaqt pishishi aniqlangan;
g‘o‘za navlariga mineral o‘g‘itlarning turli me’yor va nisbatda qo‘llab, uning reaksiyasi hosildorlik bo‘yicha baholanganda, eng yuqori ko‘rsatgich «S-6524», «Sulton», «Namangan-77» navlarida, eng past ko‘rsatkich esa «Buxoro-6», «Andijon-37» navlarida ekanligi aniqlangan;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida g‘o‘za etishtirishda mineral o‘g‘itlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif qilingan usullarning tuproq oziq va o‘simlik oziqlanish rejimiga maqbul ta’siri isbotlangan;
mineral va organik o‘g‘itlarni birgalikda hamda mineral o‘g‘itlarni qisqartirilgan (ikki) muddatlarda qo‘llanilganda nazoratga (taqqoslanadigan sharoitga) nisbatan 20 s/ga yuqori hosil shakllantirilib, rentabellik 17% oshirish mumkinligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida g‘o‘za ekinida mineral o‘g‘itlar samaradorligini oshirish usullari bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
«Sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda g‘o‘zaga mineral va organik o‘g‘itlarni birgalikda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar» nomli hamda «Mineral o‘g‘itlarni ikki muddatda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar» nomli tavsiyalar Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020-yil 27-martdagi 02/025-1048-son ma’lumotnomasi). Natijada, tumandagi paxtachilikka ixtisoslashgan klaster va fermer xo‘jaliklarida qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida g‘o‘zada mineral o‘g‘itlar samaradorligini oshirish imkonini beruvchi mineral va organik o‘g‘itlar birgalikda qo‘llash (N250P180K125 kg/ga +20 t/ga) ishlanmasi Toshkent viloyati Bekobod tumanida 12,0 ga maydonda amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020-yil 27-martdagi 02/025-1048-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘zadan o‘rtacha 39,2 s/ga paxta hosili olingan;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida g‘o‘za uchun maqbul o‘g‘it me’yori (N300P210K150 kg/ga) va uni 2 muddatda (shudgor ostiga 70% va ekish bilan 30%) qisqartirib qo‘llash ishlanmasi Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani «Omadli Rustambek» fermer xo‘jaligida 7,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020-yil 27-martdagi 02/025-1048-son ma’lumotnomasi). Natijada, an’anaviy sharoitga nisbatan o‘g‘it samaradorligi pasaymagan holda, 6-7 kun erta pishgan, hosildorlik 42,1 s/ga ni tashkil qilgan, sarf-xarajatlar tejalgan, rentabellik darajasi 18 foizni tashkil etgan;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida parvarishlangan g‘o‘za navlariga mineral o‘g‘itlarning qo‘llash usuli Toshkent viloyati Pskent tumanida 10,0 ga maydonda amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020-yil 27-martdagi 02/025-1048-son ma’lumotnomasi). Natijada, mineral o‘g‘it reaksiyasi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich «S-6524» navida kuzatilgan, hosildorligi 35,9 s/ga ni tashkil etgan, tolaning texnologik ko‘rsatkichlari yaxshilangan, rentabellik darajasi esa 10 foizni tashkil etgan.