Mo‘minov Bexzod Abduvaxobovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sudga qadar ish yurituvida maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishni takomillashtirish», 12.00.09–Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2PhD/Yu62.

Ilmiy rahbar: Mirazov Davron Miragzamovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.25.01.

Rasmiy opponentlar: To‘laganova Gulchehra Zaxitovna, yuridik fanlar doktori, professor; Umarxonov Azizxon Sharipxonovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: sudga qadar ish yurituvida maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

isbotlash vositasi bo‘lgan maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishning huquqiy jihatdan to‘liq tartibga solinmaganligi tadbirkorlik faoliyati erkinligiga tahdid ekanligi sababli ularni bartaraf etish va protsessual tartibga solish zaruriyati asoslangan;

mutaxassis xulosasi dalillarning mustaqil manbai ekanligi, taftish dalolatnomasi bilan birga protsessual kuch va vositalarning tejalishiga xizmat qilishi, protsessual qarorlar qabul qilish muddatlarini qisqartirishga imkon berishi isbotlangan;

maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanish jarayonida gumon qilinuvchi va ayblanuvchining huquqlarini kafolatlash, shuningdek himoyachining mutaxassislar xulosasini olish va taqdim etish, surishtiruvchi yoki tergovchining ruxsati bilan taftish va mutaxassis tekshiruvlarida ishtirok etish vakolatlarini kengaytirish taklif etilgan;

tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish uchun maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishning zamonaviy, axborot texnologiyalariga asoslangan uslublarini ishlab chiqish, taftish muddatlarini qisqartirish zarurligi asoslab berilgan;

mutaxassis va taftishchi noto‘g‘ri (yolg‘on) xulosa berganligi uchun qonunda tegishli javobgarlik belgilash, tergovga qadar tekshiruv davomida o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan tergov harakatlari qatoriga mutaxassis xulosasini olish va faktik nazorat usullarini qo‘llashni kiritish yuzasidan kiritilgan takliflar asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Sudga qadar ish yurituvida maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

yangi tergov harakati sifatida taftishni protsessual tartibga solish, uning daliliy ahamiyati, asoslari, tartibi va muddatlarini belgilashga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 29 dekabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» Qonunini shakllantirilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 19 apreldagi 06/1-06/1152-son ma’lumotnomasi). Takliflarning inobatga olinishi taftishni protsessual tartibga solish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini ta’minlash va jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida mavjud kollizion holatlarni bartaraf etishga xizmat qilgan;

ichki ishlar organlari tomonidan sudga qadar ish yurituvida maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanish jarayonida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish asoslarini, tartibi va muddatlarini belgilashga oid takliflardan Ichki ishlar vazirligi tomonidan idoraviy-normativ hujjatlar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2018 yil 6 yanvardagi 2-son ma’lumotnomasi). Bu ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatlarni tergov qilishda maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishning samaradorligini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashishni oldini olishga hissa qo‘shgan;

sudga qadar ish yurituvida maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishning nazariy jihatlariga doir ilmiy xulosalardan «Tergov faoliyati» mutaxassisligi uchun «Dastlabki tergov» darsligida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining 2017 yil 11 fevraldagi 38/35-18-son ma’lumotnomasi). Ilmiy xulosalarning inobatga olinishi sudga qadar ish yurituvida maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishning nazariy jihatlariga doir metodologik yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish