Raxmatova Dilnavoz Jurakobilovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XX asrning 50-80-yillarida sovet davlatining O‘zbekistonda paxta yakkahokimligi siyosati va uning oqibatlari (Qashqadaryo viloyati misolida)”. 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.DSc/Tar213
Ilmiy maslahatchi: Ergasheva Yulduz Alimovna tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti. DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Oblamurodov Naim Xalimovich, tarix fanlari doktori, professor; Bobojonova Dilorom, tarix fanlari doktori, professor; Komilov Oybek Komilovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1950–1980-yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan paxta yakkahokimligi siyosati va uning aholi iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-madaniy hayotiga ta’siri va salbiy oqibatlarini Qashqadaryo viloyati misolida tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
sovet hokimiyati tomonidan Qashqadaryo viloyatida yangi erlarni o‘zlashtirish maqsadida aholi zich hududlardan oilalarning ko‘chirib keltirilishi, kolxoz va sovxozlarning yiriklashtirilishi, ekin maydonlarining kengaytirilishi, paxta xomashyosining ko‘rsatkichlarini, irrigatsiya va mexanizatsiyalashtirishni taraqqiy ettirish bo‘yicha 5 yillik rejalarning amalga oshirilishi paxta yakkahokimligini o‘rnatilishiga qaratilganligi asoslab berilgan.
XX asr 50–80 -yillarida qishloqni “madaniylashtirish” shiori ostida qishloq mehnatkashlari ongiga paxta o‘zbek xalqining milliy boyligi tushunchasini chuqur singdirish, arzimas bo‘linmas fond hisobidan aholining moddiy va maishiy turmushi ko‘tarilishiga ishontirilishi, kolxoz va sovxozlarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ziddiyatli holatlarni keltirib chiqargani, hosil sifatiga e’tibor berilmasdan ekstensiv tarzda paxta maydonlarining kengayishi, dehqonchilik an’analariga rioya qilmaslik, sug‘oriladigan erlarning yaroqsiz holatga kelishi paxta hosildorligining kamayishiga va qo‘shib yozishga sabab bo‘lganligi Qashqadaryo viloyati misolida ilmiy jihatdan dalillangan.
Paxta yakkahokimligi siyosatining aholi boshiga keltirgan kulfatlari, qishloq xo‘jaligida zararli kimyoviy vositalarning haddan ziyod qo‘llanilishi, ekologik vaziyatni yomonlashuvi, yuqumli kasalliklar, onalar va bolalar orasida o‘lim ko‘payishiga olib kelganligi, ta’lim tizimi hamda madaniy meros ob’ektlariga etkazilgan zararlar Qashqadaryo viloyati misolida asoslangan.
“Paxta ishi” qurbonlarining O‘zbekiston Respublikasi viloyatlari, shuningdek, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha oqlanganlarining soni boshqa viloyatlarga nisbatan eng yuqori ekanligi, oqlanganlarning Qashqadaryo viloyati tumanlari hamda oqlangan yillari kesimida shakllantirilganligi, paxta yakkahokimligi siyosatining qatag‘on qurbonlari va ularning oila a’zolari ijtimoiy ahvoli hamda turmush tarziga ta’siri dalillangan.
Qashqadaryoda paxta yakkahokimligi siyosatining oqibatida yuzaga kelgan “Paxta ishi” yuzasidan olib borilgan sud va tergov hujjatlarining soxtalashtirilishida ba’zi maktablarining 4-6 sinf o‘quvchilarini tergov jarayoniga jalb etilib, yolg‘on guvohliklarga aralashtirilgani, ko‘plab raqam va ma’lumotlar soxta hujjatlashtirilgani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasining turli viloyatlaridagi qatag‘on qurbonlari soni, Qashqadaryo viloyati shahar va tumanlaridagi qatag‘on qurbonlari soni va ijtimoiy tarkibi bilan bog‘liq statistik tahlillar, ularning keyingi taqdirlari, Qashqadaryo viloyatidan qatag‘on bo‘lganlarning soni boshqa viloyatlarga nisbatan eng yuqori ekanligiga oid natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi fondini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyining 2023-yil 29-avgustdagi 187-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi muzey ekspozisiyaga oid manbalar va tarixiy fotosuratlar, shaxsiy hujjatlar nusxalari hamda og‘zaki tarix materiallari bilan yanada qiziqarli va ta’sirchan bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etgan;
Qashqadaryo viloyati misolida kolxoz va sovxozlarning tashkil etilishi hamda ularning “qishloq mehnatkashlariga g‘amxo‘rlik” niqobi ostida paxta yakkahokimligiga bo‘ysundirilishi, XX asrning 50–80-yillarida qishloqni “madaniylashtirish” shiori ostida qishloq mehnatkashlari ongini “paxta milliy boyligimiz” degan tushuncha bilan to‘la qamrab olishiga qaratilgan siyosatning samarasiz natijasi, “Paxta ishi” qatag‘oni qurbonlari va ularning oila a’zolari bilan suhbatlar asosida to‘plangan jonli materiallar kabi natijalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2023 -yil uchun chora-tadbirlar dasturining IV yo‘nalishida belgilangan “Vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari” 18-bandi “Yoshlarda yuksak vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini rivojlantirish, harbiylar, vatan himoyachilariga hurmat uyg‘otish, Vatanni himoya qilish eng sharafli burch ekanligini keng targ‘ib qilish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni yo‘lga qo‘yish” mavzusida o‘tkazilgan targ‘ibot ishlarini tashkil etish va o‘tkazishda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy targ‘ibotlar institutining 2023-yil 21-avgustdagi 344-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarining samaradorligini mustahkamlashga, yoshlarda tarixni puxta o‘rganish va undan saboq chiqarish, bugungi kunga shukronalik va vatanga muhabbat hissini uyg‘otishga xizmat qilgan.
Mustabid sovet hokimiyati tomonidan O‘zbekistonda paxta yakkahokimligi siyosatining o‘rnatilishi, “Paxta ishi” qatag‘onligi: sabablari va mohiyati, “Paxta ishi” qatag‘oni doirasida Qashqadaryo rahbar xodimlarining qatag‘on qilinishi (tuman, viloyat partiya qo‘mitasining rahbarlari misolida) hamda ularning keyingi taqdiri, Qashqadaryoda “Paxta ishi” qatag‘onining o‘ziga xos taraflari kabi holatlar yoritishda, shu bilan bir qatorda mustabid sovet hokimiyati tomonidan “Paxta ishi” kabi xunrezliklarni amalga oshirishdagi rejalari, muddaolari, o‘sha davrdagi O‘zbekistonning ayrim rahbarlari tomonidan loqaydlik qilinganligiga oid natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Aslida qanday?” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2023-yil 24-avgustdagi 06-28-1247-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi teletomoshabinlarga O‘zbekiston sud tizimining shakllanish bosqichlari, “Paxta ishi” siyosatining sabablari, oqibatlari, nohaq jabrlangan qurbonlari haqida xulosalar chiqarishga imkon beradi;
Qashqadaryodagi qishloq xo‘jaliklarining tashkil etilishi hamda ularning “qishloq mehnatkashlariga g‘amxo‘rlik” niqobi ostida paxta yakkahokimligiga bo‘ysundirilishi, paxta hosildorligini ko‘paytirish ilinjida kimyoviy o‘g‘itlarning haddan tashqari ko‘p ishlatilishining tuproq unumdorligi va aholi salomatligidagi halokatli oqibatlari haqidagi tarixiy dalillar, “Paxta ishi” qatag‘oni qurbonlari va ularning oila a’zolari bilan suhbatlar yordamida tadqiq etilishi, sud va tergov hujjatlarining soxtalashtirilganligi haqidagi nazariy va amaliy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi 2023-yil birinchi yarim yillik ish rejasining shu yo‘nalishida belgilangan “Yoshlar bandligi va tadbirkorligiga ko‘maklashish, “Yoshlar daftari” tizimini muvofiqlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish, murojaatlar bilan ishlash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish yo‘nalishi”, 32-bandi “Mahallalarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash” va 43-bandi “Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berish” mavzularida o‘tkazilgan targ‘ibot ishlarini tashkil etish va o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligining 2023-yil 22-avgustdagi 1-01-21-2333-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar aholi ayniqsa yoshlar qalbida O‘zbekiston tarixini o‘rganish, uni soxtalashtirgan siyosatdan farqlay olish, saboq chiqarish, bugungi kunga shukronalik va vatanga muhabbat hissini uyg‘otishda ilmiy-nazariy manba sifatida xizmat qilgan.
Sovet hokimiyati tomonidan amalga oshirilgan “Paxta ishi” qatag‘oni doirasida jabrlangan kishilar haqidagi ma’lumotlar, ular bilan suhbatlar, og‘zaki tarix bayonlari, suratlar, video yoki audio yozuvlar natijalaridan Qashqadaryo viloyati sudi raisining 2023-yil 22-iyundagi 4-sonli qarori asosida tayyorlanayotgan “Qashqadaryo viloyat sudlari tarixi” kitoblari loyihasini tayyorlashda hamda Qashqadaryo viloyat sudlari muzeyini tashkil etish, muzey fondini boyitishda foydalanildi (Qashqadaryo viloyat sudining JSH 2023-yil 22-avgustdagi 1-2128-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi sud muzeyi fondini va ekspozisiyasini tarixiy hujjatlar, ilmiy ma’lumotlar bilan boyitishga xizmat qildi.