Xo‘jaqulov Siyovush Baxtiyorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Huquqbuzarliklar umumiy profilaktikasini takomillashtirish (Ichki ishlar organlari faoliyati misolida)», 12.00.08–Jinoyat huquqi, huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Yu177.
Ilmiy rahbar: Fazilov Ikram Yusupovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.25.01.
Rasmiy opponentlar: Ismailov Isamiddin, yuridik fanlar doktori, professor; Ganiev Sherzod Alisherovich, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: huquqbuzarliklar umumiy profilaktikasini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jinoyatning sodir etilishi sabablari hamda unga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha taqdimnoma (xususiy ajrim)ni bajarmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilgan;
umumiy profilaktik ta’sir ko‘rsatish chora-tadbirlarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, «huquqbuzarliklar profilaktikasi», «huquqbuzarliklar umumiy profilaktikasi», «huquqbuzarliklar profilaktikasi ob’ektlari», «huquqbuzarliklar profilaktikasi sub’ektlari» tushunchalarining nazariy-huquqiy tavsifi aniqlashtirilgan;
huquqbuzarliklar profilaktikasini profilaktik ta’sir ko‘rsatish ob’ektlarining xususiyati bo‘yicha kriminologik va viktimologik profilaktikaga, profilaktik ta’sir ko‘rsatish chora-tadbirlarining xususiyati bo‘yicha umumiy va yakka tartibdagi profilaktikaga ajratish asoslangan;
Milliy gvardiya, sudlar va ommaviy axborot vositalarini huquqbuzarliklar profilaktikasi sub’ektlari tizimiga kiritish asoslab berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Huquqbuzarliklar umumiy profilaktikasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari va unga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnoma (xususiy ajrim)ni bajarmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2017 yil 19 maydagi 06/1-05/977vx-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy etilishi huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari va unga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma (xususiy ajrim)ni bajarmaslik uchun javobgarlik belgilangan normalardagi kolliziyalarning bartaraf etilishiga, shuningdek taqdimnoma talablarini bajarishga mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qilgan;
huquqbuzarliklar umumiy profilaktikasining chora-tadbirlarini amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2017 yil 25 avgustdagi 191-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Ichki ishlar organlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomaga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining 2018 yil 16 fevraldagi 26/2-421-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning inobatga olinishi ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini tartibga solishga xizmat qilgan;
ichki ishlar organlari tomonidan huquqbuzarliklar umumiy profilaktikasini amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2017 yil 12 iyuldagi 151-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining 2018 yil 16 fevraldagi 26/2-422-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar huquqbuzarliklar umumiy profilaktikasi sohasida ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish mexanizmlarini belgilashga xizmat qilgan.