Astanov Istam Rustamovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Jinoyat ishlari bo‘yicha maxsus bilimlardan foydalanishning protsessual va kriminalistik jihatlari», 12.00.09–Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.DSc/Yu17.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.25.01.
Rasmiy opponentlar: Inog‘omjonova Zumratxon Fatxullaevna, yuridik fanlar doktori, professor; To‘laganova Gulchexra Zaxitovna, yuridik fanlar doktori, professor; Murodov Baxtiyorjon Bahodirovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jinoyat ishlari bo‘yicha maxsus bilimlardan foydalanishga oid milliy qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
guvoh, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar hamda ular vakillarining ekspertiza tayinlash va o‘tkazishdagi huquqlarini qonunda belgilash orqali jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlarini tenglashtirish taklif etilgan;
ekspertni ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortish uning mehnat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga zarar etkazishi asoslantirilgan;
ekologiya sohasidagi, shuningdek so‘zlashuv qurilmalari, ma’lumot saqlovchi vositalar, kompyuter texnikasi yoki zarar keltiruvchi dasturlardan foydalanib sodir etilgan jinoyat holatlarini qonunga kiritish orqali ekspertiza tayinlash va o‘tkazilishi shart bo‘lgan holatlarni kengaytirish lozimligi asoslab berilgan;
advokatga ekspertiza tayinlash vakolatining berilishi uning himoya imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi isbotlangan;
ekspert va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlashning protsessual tartibiga doir normalarni qonunda belgilash asoslantirilgan;
ekspertizaga taqdim etiladigan namunalarga qo‘yiladigan minimal talablarni belgilash qoidalari ishlab chiqilgan;
sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimlarini oshirish tartibini qonunda belgilash taklif etilgan;
ekspertiza uchun yuborilgan ob’ektlarni qabul qilish, saqlash, tayyor materiallar va ashyoviy dalillarni, ekspertiza tadqiqoti natijalarini rasmiylashtirish bo‘yicha umumiy va yakunlovchi qoidalar ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jinoyat ishlarida maxsus bilimlardan foydalanishga oid milliy qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
ekspertlarning huquqiy maqomini belgilash va ekspertiza tayinlash va o‘tkazishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi 30-bobining 208-217-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining 2015 yil 28 dekabrdagi 1/16-464-son ma’lumotnomasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2017 yil 26 sentyabrdagi 06/2-06/2251vx-son ma’lumotnomasi, Oliy Majlis Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2016 yil 4 oktyabrdagi 06-20/602-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi bojxona faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarda maxsus bilimlardan foydalanish jarayonlarini tartibga solishga hissa qo‘shgan;
sud ekspertlarining muayyan sud-ekspertlik faoliyati bo‘yicha malakasi va huquqiy bilimlarini oshirishga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunini 271-modda bilan to‘ldirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2016 yil 2 avgustdagi 14/5-6532/3-son ma’lumotnomasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2017 yil 19 sentyabrdagi 06/1-05/2258vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi ekspert xulosasining sifatini oshirishga, xulosa berishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishlarni bartaraf etishga xizmat qilgan;
ma’muriy ish yuritishda ekspertlar faoliyatini tartibga solishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunining 27, 28, 29, 30-moddalarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2017 yil 4 yanvardagi 3/12-9759/5-son, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2018 yil 28 fevraldagi 1-son ma’lumotnomalar). Mazkur takliflarning inobatga olinishi ma’muriy ish yuritishda ekspertlar komissiyasini jalb qilish mexanizmini belgilashga xizmat qilgan;
dalillarni ekspertlar tomonidan qabul qilib olish, saqlash va rasmiylashtirishga doir takliflar 2015 yil 3 avgustda tasdiqlangan “H.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida ashyoviy dalillardan ekspertlik faoliyatida foydalanish va saqlash tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 4, 8, 12, 14, 17, 53-bandlarida o‘z ifodasini topgan (H.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining 2015 yil 18 avgustdagi 29-857/1-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflardan foydalanilishi ekspertizalarni tayinlash, o‘tkazish va ularning tayyor materiallarini rasmiylashtirish tartibini takomillashtirishga xizmat qilgan;
jinoyat ishlari bo‘yicha maxsus bilimlardan foydalanishning kriminalistik jihatlariga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tavsiya etilgan “Kriminalistika” darsligida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasining 2016 yil 15 avgustdagi 38/31-182-son ma’lumotnoma). Ushbu ilmiy xulosalar jinoyat ishlari bo‘yicha maxsus bilimlardan foydalanishning kriminalistik jihatlariga doir nazariy-metodologik yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qilgan.