A’zam Sardor Erkin o‘g‘lining

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tashqi savdoni erkinlashtirish sharoitida O‘zbekiston sanoat siyosati transformatsiyasi”, 08.00.09–Jahon iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Iqt59.

Ilmiy maslahatchi: To‘xliev Nurislom, iqtisodiyot fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSc.27.06.2017.Tar/Yu/I./S/24.01.

Rasmiy opponentlar: Muradova Husniya Muhitdinovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Isadjanov Abduvali Abdurahimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Zufarova Nargiza Alimdjanovna, iqtisodiyot fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash yo‘lidagi ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda O‘zbekiston sanoat siyosati transformatsiyasi mexanizmlarini tashqi savdoni erkinlashtirish sharoitida takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

mahalliy korxonalarning global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga ulanishini ta’minlovchi eksportga yo‘naltirilgan sanoat siyosatining o‘ziga xos jihatlari aniqlanib, uni amalga oshirish mexanizmlari asoslangan, shuningdek, kam va o‘rta daromadli mamlakatlar kesimida bunday siyosat vositalarining tasnifi takomillashtirilgan;

O‘zbekistonning boshqa yuqori sur’atlarda rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotidagi tarkibiy o‘zgarishlar bilan taqqoslama tahlili amalga oshirilib, sanoatning eksportga yo‘naltirilgan ustuvor tarmoqlarini aniqlashning uslubiy jihatlari takomillashtirilgan;

kognitiv kapital va boshqa bir qator omillarning innovatsion faoliyatga ta’siri asosiy kanallar kesimida aniqlanib, ularning o‘rtasida mustahkam aloqa mavjudligi empirik jihatdan isbotlangan;

xalqaro tasniflar asosida O‘zbekiston tashqi savdosi mahsulot tarkibining texnologik darajasiga baho berilib, gravitatsion modellashtirishga oid ilmiy asoslangan vositalar yordamida O‘zbekiston tashqi savdosini jug‘rofiy jihatdan diversifikatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli mamlakatlar ro‘yxati aniqlangan;

Jahon banki so‘rovnomalaridan olingan ma’lumotlarning maksimal ehtimollik ekonometrik uslubi orqali amalga oshirilgan logistik regressiyasi yordamida global qo‘shilgan qiymat zanjirlarida ishtirok etuvchi rivojlanayotgan mamlakatlar sanoat korxonalarining o‘ziga xosliklari, ularning boshqa turdagi korxonalardan ustun jihatlari aniqlangan;

tarmoqlararo balansga oid statistik ma’lumotlarning etishmovchiligi sharoitida mamlakatlarning mintaqaviy va global qo‘shilgan qiymat zanjirlarida ishtiroki darajasini aniqlashning uslubiy asoslarini takomillashtirishga doir yondashuvlar taklif etilgan;

eksportning texnologik darajasini yaxshilash, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, mahalliy korxonalarning jahon bozoriga integratsiyasini ta’minlash, shuningdek, sinovdan o‘tgan ilg‘or xorij tajribasi tahlili asosida O‘zbekistonda EIZning innovatsion-industrial rivojlanishi muammolarini bartaraf etish maqsadida sanoat siyosatining samarali vositalarini qo‘llash bo‘yicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlar hamda taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan;

global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga ulanishni nazarda tutuvchi yangi eksportga yo‘naltirilgan rivojlanish modeliga O‘zbekiston Respublikasining bosqichma-bosqich o‘tishi bilan bog‘liq “yo‘l xaritasi” taklif etilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbekiston sanoat siyosati transformatsiyasi mexanizmlarini tashqi savdoni erkinlashtirish sharoitida takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:

mahalliy korxonalarni global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga ulanishini ta’minlovchi eksportga yo‘naltirilgan yangi sanoat siyosatining o‘ziga xosliklari hamda unga o‘tishning asoslangan mexanizmlari, shuningdek, bojxona-tarif siyosatini boshqarish sohasida o‘rganilgan ilg‘or xorij tajribasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 sentyabrdagi PQ-3303-sonli “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 19 iyuldagi NB-3-1/20-20-1736-son ma’lumotnomasi). Hujjatning qabul qilinishi natijasida import mahsulotlariga nisbatan o‘rnatilgan o‘rta arifmetik bojxona stavkalari 14,5 foizdan 6,4 foizga tushgan. Bu esa raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantirish, respublikada raqobat muhitini rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bojxona-tarif siyosatini yanada samarali boshqarish imkoniyatini yaratgan;

eksportga yo‘naltirilgan istiqbolli sanoat tarmoqlarini aniqlashning takomillashtirilgan metodikasi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tasarrufidagi model va uslubiyotga oid vositalar zaxirasining yanada boyishiga xizmat qilib, qiyosiy afzalliklar asosida sanoat tarmoqlarining samaradorligi tahlilini amalga oshirishga, qayta ishlash sanoati sohasida istiqbolli loyihalarni aniqlashga zamin yaratgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 19 iyuldagi NB-3-1/20-20-1736-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar qayta ishlash sanoati tarmoqlari modernizatsiyasini amalga oshirish hamda tarkibiy islohotlarning amaliy ahamiyati yuqori bo‘lgan va ilmiy asoslangan dasturlarini shakllantirishning uslubiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qilgan;

dunyo mamlakatlaridagi kognitiv kapitalning innovatsion faoliyatga ta’sirini tadqiq etish sohasida shaxsan muallif tomonidan qo‘lga kiritilgan yangi ilmiy natijalarga impakt-faktori yuqori bo‘lgan to‘rtdan ziyod xalqaro ilmiy jurnallarda (Environmental Research, 2017. V. 157, pp. 182-189, Journal Citation Reports, IF – 4.732; Personality and Individual Differences, 2018. V. 120, pp. 52-57, Journal Citation Reports, IF – 1.967; Environmental Research, 2018. V. 160, pp. 322-330, Journal Citation Reports, IF – 4.732; Social Indicators Research, 2018. pp. 1-24, Springer Nature, IF – 1.648), shuningdek, Deyvisdagi Kaliforniya universiteti kabi ilg‘or xorijiy universitetlar tadqiqotchilari tomonidan havolalar keltirilgan va turli ilmiy maqsadlarda foydalanilgan. Natijada dunyo mamlakatlari aholisining intellekt darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, ushbu mamlakatlar eksportining mahsulot tarkibi ham shunchalik murakkab va diversifikatsiyalashgan bo‘lishi, mazkur holat, shuningdek, ularning innovatsion salohiyati yuqoriligidan darak berishi haqidagi gipoteza tadqiqot yordamida o‘z isbotini topgan;

tashqi savdo mahsulot tarkibining texnologik darajasini aniqlashga oid metodik ishlanma Tashqi savdo vazirligi ish faoliyatiga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining 2018 yil 26 iyuldagi SS-02/05-1-3029-son ma’lumotnomasi). Mazkur ishlanma tashqi savdoda qatnashayotgan mahsulotlarning texnologik darajasini aniqlashga, import hajmini uning texnologik darajasi va o‘rnini bosish imkoniyatlariga ko‘ra oqilona optimallashtirishga, import o‘rnini bosish maqsadida tegishli texnologik darajaga ega bo‘lgan istiqbolli loyihalarni tanlab olishga, bunday loyihalarni ularga turli imtiyoz va preferensiyalar berish yo‘li bilan rag‘batlantirishga, yuqori texnologik mahsulotlar ulushini oshirish evaziga ishlab chiqarish va eksportni sifatli diversifikatsiya qilishga imkon yaratadi;

gravitatsion modellashtirish vositalarini qo‘llagan holda O‘zbekiston tashqi savdosini jug‘rofiy jihatdan diversifikatsiya qilish salohiyatini aniqlash metodikasi respublikaning ham eksport, ham import jabhasida bir qator yaqin va uzoq xorij mamlakatlari bilan foydalanilmagan o‘zaro savdo salohiyati mavjudligini ko‘rsatgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining 2018 yil 26 iyuldagi SS-02/05-1-3029-son ma’lumotnomasi). Xususan, mazkur metodika asosidagi hisob-kitoblar joriy yilning birinchi yarimyilligida dunyoning 130 dan ortiq mamlakatlariga, shu jumladan, 45 ta yangi bozorga milliy mahsulotlarni eksport qilishda qo‘l keldi. Bu esa metodikaning nechog‘liq samarali ekanini namoyon etgan;

global qo‘shilgan qiymat zanjirlarida ishtirok etuvchi sanoat korxonalarining aniqlangan o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarida O‘zbekistonning ishtiroki darajasini o‘rganish natijalari Tashqi savdo vazirligining Milliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga ko‘maklashish boshqarmasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining 2018 yil 26 iyuldagi SS-02/05-1-3029-son ma’lumotnomasi). Xususan, ushbu ilmiy natijalar o‘rta muddatli davrda tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solishga oid taklif va tavsiyalarning ilmiy jihatdan asoslantirilishiga xizmat qilgan;

eksportning texnologik darajasini yaxshilash, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, mahalliy korxonalarning mintaqaviy va global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga integratsiyasini ta’minlash, O‘zbekistonda EIZning innovatsion-industrial rivojlanishi muammolarini bartaraf etish maqsadida sanoat siyosatining samarali vositalarini qo‘llash bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy asoslangan chora-tadbirlar hamda taklif va tavsiyalar tahliliy ma’lumotnomalar tayyorlash jarayonida, shuningdek, “Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston mavqeini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 19 iyuldagi NB-3-1/20-20-1736-son ma’lumotnomasi). Xususan, ushbu chora-tadbir va takliflar 2018 yilning birinchi yarimyilligida O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari bo‘yicha tayyorlangan materiallarning mazmun-mohiyatini boyitish imkonini berib, O‘zbekiston investision iqlimi va tadbirkorlik muhitidagi joriy holatni yanada yaxshilash, xalqaro reytinglarda respublika mavqeini ob’ektiv aks ettirish va ko‘tarishga zamin yaratadi;

sanoat siyosatining turli vositalari, shuningdek, mahalliy korxonalar eksport faoliyatini rag‘batlantirish, ularning va sanoat tarmoqlarining global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga integratsiyasi jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbir va takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-sonli “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Strategiyasi ijrosini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar” yilida ta’minlashga doir Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonining ilovasidagi 82-, 111- va 226-moddalarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining 2018 yil 26 iyuldagi SS-02/05-1-3029-son ma’lumotnomasi). Bu esa o‘z navbatida mahalliy mahsulot va xizmatlar eksporti hajmlarini kengaytirish, xorijiy investisiyalarni jalb qilish, 2018 yilning birinchi yarimyilligida mahalliy eksportchi korxonalarning 50dan ortiq xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalardagi samarali ishtirokini ta’minlash, xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, mahsulot ayirboshlash hajmlarini oshirish hamda korxonalar o‘rtasida kooperatsion aloqalarni mustahkamlash maqsadida sharoitlarni yaxshilash kabi jabhalarda Tashqi savdo vazirligi faoliyati samaradorligining oshishiga xizmat qilgan;

global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga ulanishni nazarda tutuvchi yangi eksportga yo‘naltirilgan rivojlanish modeliga O‘zbekiston Respublikasining bosqichma-bosqich o‘tishi bilan bog‘liq “yo‘l xaritasi”da o‘z ifodasini topgan taklif va tamoyillar Iqtisodiyot vazirligining 2017 yil 17 maydagi 36-sonli buyrug‘ining 2-ilovasiga muvofiq 2018-2020 yillardagi o‘rta muddatli davrga mo‘ljallangan respublika makroiqtisodiy prognoz ko‘rsatkichlarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 19 iyuldagi NB-3-1/20-20-1736-son ma’lumotnomasi). Natijada tashqi kon’yunktura rivojlanishining turli traektoriyalarini hisobga olgan asosiy makroiqtisodiy indikatorlarning 2018-2020 yillardagi prognoz ko‘rsatkichlari ssenar variantlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yo‘llangan tahliliy materialda o‘z ifodasini topgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish