Allaberdiev Alijon Avezberdievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Buxoro o‘g‘uz shevalari leksikasi», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil13.
Ilmiy rahbar: Madvaliev Abduvahob Pataxovich, filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Abdushukurov Baxtiyor Bo‘rievich, filologiya fanlari doktori; Ibragimov Yuldosh Matkarimovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Buxoro o‘g‘uz shevalari leksikasi bo‘yicha yig‘ilgan barcha til faktlarini leksik qatlamlar tarzida qiyosiy-tarixiy yo‘nalishda leksik-semantik jihatdan tahlil qilish hamda qiyosiy-tarixiy tahlil orqali Buxoro o‘g‘uz shevalarining o‘zbek tiliga, boshqa o‘g‘uz shevalariga, turkman tili va uning lahjalariga uzviy bog‘liqligini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro o‘g‘uz shevalarining boshqa o‘zbek o‘g‘uz shevalaridan fonetik va leksik jihatdan farq qiluvchi alohida sheva ekanligi ilmiy, tarixiy manbalarga asoslangan holda isbotlab berilgan;
Buxoro o‘g‘uz shevalarida qo‘llanuvchi so‘zlarning genetik (so‘zlarning kelib chiqish manbalari bo‘yicha) qatlamlari aniqlangan; ushbu qatlamlarga mansub so‘zlar ma’nolaridagi tadrijiy o‘zgarishlar o‘zbek adabiy tiliga qiyoslangan holda ochib berilgan;
Buxoro o‘g‘uz shevalari leksik birliklarining shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari (sinonimlar, antonimlar, omonimlar) ning o‘zbek adabiy tilidagi ayni shunday til hodisalaridan farqli tomonlari aniqlangan;
Buxoro o‘g‘uz shevalari leksikasining turkman tili va shevalari, Xorazm, Toshovuz, Qoraqalpog‘iston va Qarnoq o‘zbek o‘g‘uz shevalaridagi so‘zlardan shakl va ma’no jihatidan farqlanishi isbotlangan, ulardagi leksik-semantik dialektizmlar, leksik-semantik guruhlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Buxoro o‘g‘uz shevalaridagi lug‘aviy birliklarni genetik, leksik-semantik tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
abjo‘sh, balaq, belli, bozvand, gulmix, dayov, depma, doyi, durda, do‘lop, jubba, mozorot, o‘kcha, qatim singari sheva hamda o‘zbek adabiy tilida fonetik, talaffuz farqi bilan qo‘llanadigan 50 dan ortiq leksema va faqat Buxoro o‘g‘uz shevalarida uchraydigan ayram, badlanmoq, dal, yog‘ish, murruk, ho‘kki kabi kabi lug‘aviy birliklarni tanlab olish va izohlashda FA–F8–034 raqamli “O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining rivojlanish tamoyillari” (2007–2011) fundamental loyihasining ko‘p jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni tuzish yo‘nalishida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 18 apreldagi 311255–990-son ma’lumotnomasi). Mazkur lug‘aviy birliklar va ularning izohlaridan foydalanish lug‘atdagi leksikografik tahlillarni yanada takomillashtirgan va so‘zlarning ma’no xususiyatlarini oydinlashtirgan;
tadqiqotdagi do‘ramoq, do‘g‘ma, yobon, kajava, kajrav, odog‘li, paraxat, sichrab, soraldi, sochoq, suju (suji), tungluk, chaga, chalchiq, o‘kuz, o‘kcha va boshqa so‘zlarning ma’nolari va izohlaridan F1–FA.2012–1–8 raqamli “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari” (2012–2016) fundamental ilmiy loyihasining 7 va 16-jildlariga kiritilgan “Yusuf bilan Ahmad”, “Yozi bilan Zebo” dostonlarini nashrga tayyorlashda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 18 apreldagi 311255–990-son ma’lumotnomasi). Natijada dostonlar yig‘ma matni bo‘yicha lug‘at tuzish ishlari osonlashgan va lug‘at mukammallashgan; baxshilarning so‘z qo‘llash mahorati aniq va to‘g‘ri yoritib berilgan;
tadqiqot bo‘yicha erishilgan natija va xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida o‘zbek tiliga doir bir qator teledasturlar tayyorlashda foydalanilgan; xususan, 2017 yil 21 oktyabrdagi “Til jozibasi” tok-shousida tilimizning ichki imkoniyatlar asosida boyishi va jozibasi ortishini namoyon etuvchi, Buxoro o‘g‘uz shevalarida uchraydigan malakcha, tungcha, g‘o‘lcha, chapiya, go‘vdish kabi leksik birliklar hamda ko‘za so‘zining sheva variantlariga murojaat qilingan (O‘zMTRK “Madaniyat va ma’rifat” telekanali” davlat unitar korxonasining 2018 yil 9 apreldagi 01–16 / 204-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuvlar yangi materiallar, ilmiy dalillar bilan boyitilgan.