Komilova Yorqinoy No‘monovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bosma va internet nashrlarida siyosiy portret: evolyusiyasi, talqin va mahorat masalalari”, 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2675.
Ilmiy rahbar: Mamatova Yoqutxon Muhamadjanovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.14.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Amrillo Ashurovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Olimov Farrux Sultonovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston hamda xorijiy bosma va internet nashrlari faoliyati asosida  siyosiy portretning tabiati, janriy xususiyatlari, evolyusiyasi, uni yaratishdagi jurnalistik talqinlar, yondashuvlar, muallif tili, uslubi  va mahoratini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:  
siyosiy shaxsning tarjimayi holi, imiji, nutqi, ekstremal vaziyatlardagi xatti-harakatini OAVda gavdalantirishning postfigurativ, prefigurativ, konfigurativ rakurslari aniqlanib, siyosiy portretning memuar portret, monolog portret, nutqiy portret, mini-portret kabi ko‘rinishlari tarixan shakllangani asoslangan;
siyosiy portret yoritilgan materiallarda ratsional, irratsional, intuitiv yondashuvlar ustuvorligi aniqlanib, uni tasvirlashda tashxislash, retrospektiv, tizimli, qiyosiy, tarixiy tahlil, umumlashtirish metodlari vositasida qahramon qiyofasini dinamik asosda taqdim etish zarurati isbotlangan;
siyosiy portretni taqdim etishda qahramon nutqidagi aforizm, maqollar, siyosiy pozisiyasiga xos detallarni qo‘llash, muallif uslubi, matn tili xususiyatlari, kontentning vizual-kommunikativ komponentlari material samaradorligini ta’minlashning funksional omili ekani dalillangan;
siyosiy arbob qiyofasini yaratishda muallif “men”i “opponent”, “tahlilchi”, “do‘st” sifatida namoyon bo‘lishi  aniqlanib, “men” konsepsiyasi “real men”, “ideal men”, “ko‘zguli men”, “aqliy men”, “emotsional men” orqali tasvirlanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi. Bosma va internet nashrlarida siyosiy portret evolyusiyasi, talqin va mahorat masalalarini tadqiq qilish yuzasidan ishlab chiqilgan xulosa va amaliy takliflar asosida:
xorijiy va milliy media tajribasi asosida OAVdagi siyosiy mavzular, siyosiy portret ifodalari ko‘lamini kengaytirish, materiallar tarkibida muallif “men”ini yaqqol aks ettirish, “men” konsepsiyasining ierarxik ko‘rinishlari – real “men”, ideal “men”, aqliy “men” orqali muammolarni tahlil qilish, siyosiy shaxslar faoliyatiga doir mavzular mohiyatini keng yoritish, ommalashtirishda jurnalistning uslubi, pozisiyasi, mahoratini oshirish kabi xulosalardan “Mahalla” telekanalining “Minbar” va “Reyd vaqti” ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (“Mahalla” teleradiokanali” davlat muassasasining 2024-yil 19-apreldagi 01-13-310-son ma’lumotnomasi). Natijada muallif “men”ining yaqqol talqin qilinishi, siyosiy mavzular, siyosiy portret mohiyati aniq tahlil etilishi orqali ko‘rsatuvlarning sifat darajasi oshirilgan, jamoatchilik fikri faollashtirilib, mas’ul tashkilotlarning amaliy munosabat bildirishi ta’minlangan;
siyosiy portret mazmunidagi materiallarni tayyorlashda rasmiy-bayonchilik uslubidan voz kechish zarurligi, bu orqali nashrlar raqobatdoshligini kuchaytirish, ijtimoiy-siyosiy mavzularni auditoriya uchun sodda, ravon tilda tahlil qilish, ta’sirchan sarlavha tanlash, material salmog‘ini oshirishda vizual vositalarni gibrid shakllarda qo‘llashga doir xulosalardan “XXI asr” gazetasi jurnalistlari faoliyatini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining 2024-yil 29-maydagi 01-27/256-son ma’lumotnomasi hamda “XXI asr” gazetasi tahririyatining 2024-yil 29-maydagi 34/01-son dalolatnomasi). Natijada “XXI asr” gazetasida chop etilayotgan siyosiy yetakchilar faoliyatiga bagʻishlangan portret mazmunidagi materiallarning publisistik jihatini kuchaytirish, ushbu chiqishlarning sarlavha va tag sarlavhalari jozibadorligini ta’minlash va matnlarda multimedia vositalaridan keng foydalanishga erishilgan;
media makonda siyosiy arboblar faoliyatiga bag‘ishlangan kontent hajmini ko‘paytirish, ushbu sohada ixtisoslashgan jurnalistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash sifatini oshirish, siyosiy jurnalistlar o‘rtasida raqobat muhitini shakllantirishga oid tavsiyalardan O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining maxsus tadbirlarida foydalanilgan (O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining 2024-yil 28-maydagi 02-18/164-son ma’lumotnomasi). Natijada OAVda siyosiy yetakchilar faoliyati bilan bog‘liq materiallar soni ortgan, mavzuni yoritayotgan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash hamda moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish usullari ishlab chiqilgan;
siyosiy yetakchilar faoliyatini massmediada xolislik, haqqoniylik, xalqchillik, ommaviylik va oshkoralik prinsiplari asosida yoritishda to‘siq bo‘layotgan omillar, chiqishlarda jurnalistning ijtimoiy shartlangan munosabatini aniq ifoda etish, bunda ratsional, irratsional, dalillashni ta’minlash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish davomida siyosiy yetakchi va omma o‘rtasidagi kommunikatsiyani o‘rnatishdagi ziddiyatlar tasnifi borasidagi tadqiqot natijalaridan “Fuqarolik jamiyati – Grajdanskoe obshestvo – Civil society” jurnali faoliyatini takomillashtirishda foydalanilgan (Toshkent davlat yuridik universitetining 2024-yil 5-iyuldagi 7/3041-7-son ma’lumotnomasi hamda “Fuqarolik jamiyati – Grajdanskoe obshestvo – Civil society” jurnali tahririyatining 2024-yil 4-iyuldagi 01/14-son dalolatnomasi). Natijada siyosiy yetakchilar qiyofasini jurnal sahifalarida jurnalistika prinsiplari asosida aniq, ravon, tahliliy ifodalash ta’minlangan, materiallarning fikriy va hissiy mazmuni, ta’sirchanligi oshirilgan, real va potensial auditoriya bilan qulay muloqotni mustahkamlashda muhim o‘rin tutuvchi nashr veb-saytining kontenti va dizayni sifati yaxshilangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish